Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti
tarkibida 2025-yil tuzilma o‘zgarishlariga muvofiq, ilgari alohida
faoliyat yuritgan Matematika va mexanika, Fizik va texnika, IT
injeneringi fakultetlari birlashtirilib, ularning negizida
Fizika-matematika va IT fakulteti tashkil etildi. Ushbu tuzilma
islohoti ta’lim jarayonini integratsiyalash, fanlararo aloqalarni
kuchaytirish va zamonaviy raqamli iqtisodiyot ehtiyojlariga mos
mutaxassislar tayyorlash maqsadida amalga oshirildi.
Dastlab fakultetlar XX asrning ikkinchi yarmidan Andijon
pedagogika institutining asosiy bo‘limlaridan biri sifatida
tashkil etilib, viloyat ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali
matematika o‘qituvchilarini tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Fizika-matematika fakulteti esa, eng birinchi ochilgan
fakultetlardan biri hisoblanadi. U 1953-yili Tabiiy fanlar
fakulteti negizida tashkil topgan bo‘lib, 1974-yilga qadar
R.Bobojonov, M.Azizov, M.G‘ofurovlar boshqargan. 1974-yilda 2 ta:
matematika va fizika fakultetlariga ajratildi. Fizika
fakultetining dekani lavozimiga fizika-matematika fanlar nomzodi
N.So‘fixo‘jayev, matematika fakultetiga esa dotsent A.Tolipovlar
faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu fakultetlar qo‘shilib, qaytadan
fizika-matematika fakulteti tashkil qilinguncha alohida
fakultetlarga dotsentlar: U.Qosimov, E.Musayev, D.Mamatisaqov,
A.Ortiqov, T.Abdullayev, V.Mullajonov, R.Aliyevlar, shuningdek,
2005, 2007-2015, 2015-2020, 2021-2024 yillarda, V. Miladjonov, A.
Hakimov, M.Mahkamov, X.Mansurovlar rahbarlik qilgan. O‘tgan yillar
davomida yuzlab malakali mutaxassislar yetishib chiqqan bo‘lib,
ular respublikamizning turli hududlarida ta’lim tizimi rivojiga
munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.
So‘nggi yillarida fakultet faoliyati yanada kengayib, o‘quv
jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar, raqamli ta’lim
vositalari, innovatsion dasturlar joriy etildi.
Hozirda fakultet tarkibida 6 kafedra, fizika, mexanika va
matematik modellashtirish, matematika, amaliy matematika,
kompyuter injeneringi, axborot tizimlari va texnologiyalari,
axborot xavfsizligi, dasturiy injiniring, sun’iy intelekt,
texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish,
qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishlari mavjud.
Fakultetda jami 130 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar
faoliyat olib boradi. Ulardan 8 nafari fan doktori, 43 nafari fan
nomzodi yoki falsafa doktori ilmiy darajasiga ega hisoblanib,
ilmiy izlanishlar olib borish, o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish
va iqtidorli talabalarni olimpiadalarga tayyorlash bilan
shug‘ullanadilar. O‘quv jarayonlari zamonaviy laboratoriyalar,
kompyuter sinflari, elektron ta’lim platformalari va axborot
resurslari asosida tashkil etilgan.
Fizika-matematika va IT fakultetida 2300 nafardan ziyod talaba
tahsil olmoqda. Ularning o‘quv jarayoniga dual ta’lim tizimi joriy
etilgan bo‘lib, talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan
uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqarish korxonalarida tajriba
orttirmoqdalar. Ushbu tizim yosh mutaxassislarning kasbiy
tayyorgarligini oshirish va mehat bozoriga moslashuvchan kadrlar
yetishtirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, shuni ham aytib o‘tish
joizki, talabalarimiz Respublika hamda xalqaro miqyosdagi
olimpiadalar hamda tanlovlarda yuqori natijalar ko‘rsatib
kelmoqdalar. Dekan lavozimida A. Boboyev, dekan o‘rinbosari
lavozimida esa A. No‘monjonovlar faoliyat yuritib,
o‘quv-tarbiyaviy jarayonni samarali tashkil etmoqda. Hozirda
fakultet AQSh, Rossiya, Latviya, Turkiya, Germaniya, Yaponiya,
Koreya, Malayziya kabi davlatlarining nufuzli universitetlari
bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Ushbu
hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv
dasturlari va professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish kurslari
muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Fizika-matematika va IT fakulteti bugun o‘zida an’anaviy ilmiy
maktablarni va zamonaviy texnologik yondashuvlarni
uyg‘unlashtirgan holda, yurtimiz taraqqiyoti uchun intellektual
salohiyatli, raqobatbardosh va zamonaviy mutaxassislarni
yetishtirib berish yo‘lida izchil faoliyat olib bormoqda.