Farg‘ona vodiysida filolog kadrlarga
bo‘lgan talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda 1936 yilda Andijon davlat kechki pedagogika institutida
o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash uchun baza yaratila boshlandi. 1939
yilda Andijon davlat o‘qituvchilar institutining kunduzgi va sirtqi bo‘limlariga talabalar qabul qilindi.
1992 yil 28 aprelda Andijon davlat pedagogika instituti bazasida Andijon davlat universitetini tashkil
qilinishi munosabati bilan qator struktur o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, tarix, filologiya
fakulteti bazasida ikkita – tarix va filologiya fakultetlari tashkil qilindi.
Aytish kerakki, universitet maqomi berilgach, yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Jumladan, bu o‘rinda
jurnalistika, sharqshunoslik mutaxassisliklari bevosita fakultet faoliyatiga taalluqlidir. Shu bilan bog‘liq
ravishda fakultet ma’lum muddat “O‘zbek filologiyasi va jurnalistika”, “O‘zbek filologiyasi va
sharqshunoslik” kabi nomlar bilan ham yuritildi.
Ta’kidlash joizki, filologiya fakulteti nafaqat universitet miqyosida, balki respublikadagi oliy ta’lim
muassasalari ichida katta ilmiy potensialga ega bo‘lgan, o‘zbek tilshunosligi, o‘zbek adabiyotshunosligi
ilmida katta ilmiy maktab yaratgan fakultetdir.
Fakultetdagi jamoatchilik, tashkiliy, tarbiyaviy, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy faoliyatning
yanada yuksalishida, rivojlanishida birinchi navbatda, fakultetda faoliyat yuritayotgan 15 nafar fan
doktorlari, 40 ga yaqin fan nomzodlari (PhD), 5 nafar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda 1 nafar
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolari, qolaversa tashkilotchi rahbar, bugungi kunda fakultet dekani
sifatida faoliyat yuritib kelayotgan filologiya fanlari doktori, professor Rahmonov Bahodir Mamajonovichning
xizmatlari beqiyos.
Bugungi kunda fakultetda 4 ta mutaxassislik kafedralari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bular quyidagilar: o‘zbek
tilshunosligi, o‘zbek adabiyotshunosligi, rus filologiyasi hamda ingliz filologiyasi kafedralari.