Universitet tarixi
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti o‘z tarixini 1931 yildan boshlaydi. Avval Farg‘ona pedagogika instituti filiali, 1939 yilda o‘qituvchilar instituti, so‘ngra 1953 yildan Andijon davlat pedagogika instituti bo‘lib, Vatanimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgach, 1992 yil 28 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Andijon davlat pedagogika instituti Andijon davlat universitetiga aylantirilgan.
Bugungi kunda filologiya, tabiiy fanlar, tarix, ijtimoiy-iqtisodiyot, fizika-matematika, jismoniy madaniyat, san’atshunoslik, pedagogika, axborot texnologiyalari va kompyuter injineringi kabi 9 ta fakultet, shuningdek, 30 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.
Universitetda 47 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kunduzgi va sirtqi ta'lim shaklida 21 341 nafardan ortiq, 13 ta magistratura mutaxassisliklarida esa 292 nafardan ortiq talaba ta’lim olmoqda.
Universitetning moddiy-texnika bazasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Hozirda 5 ta o‘quv binosida joylashgan 160 ta auditoriya 6570 nafardan ortiq talabaga mo‘ljallangan. O‘quv-laboratoriya xonalarining umumiy maydoni 45 883 kv.metr bo‘lib, bir talabaga 4,5 kv.metr foydali maydon to‘g‘ri keladi.
Universitetda 2 ta axborot-resurs markazi, 15 ta kompyuter xonasi, 954 ta kompyuter, 4 ta talabalar turar joyi (2532 o‘rin), 4 ta oshxona (910 o‘rin), 2 ta bufet, 9 ta sport maydoni mavjud bo‘lib, bularning barchasi talabalar uchun xizmat qiladi.
Andijon davlat universiteti dunyoning 50 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik qiladi, shulardan 28 tasi bilan faol hamkorlik shartnomalari imzolangan.
2015–2018 yillarda Erasmus+ dasturi doirasida RENES, ModeHEd, IQAT va STEM loyihalari amalga oshirildi. Yosh olimlarning Italiya (Piza universiteti) va boshqa xorijiy ilmiy stajirovkalari yo‘lga qo‘yilgan.
Ilmiy-pedagogik faoliyat samarasi sifatida 2015–2018 yillarda 29 ta doktorlik dissertatsiyasi himoya qilindi, ilmiy salohiyat 30,1 % ga yetdi.
Universitet tomonidan so‘nggi yillarda xalqaro grantlar, ilmiy nashrlar, respublika anjumanlari va innovatsion loyihalar soni bir necha barobarga oshirildi.
Bugungi kunda universitet bitiruvchilari xalqaro tashkilotlar, yirik transmilliy korporatsiyalar, davlat boshqaruvi idoralari, ta’lim muassasalari va nodavlat sektorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
