Universitetimizda adabiyotsevar yoshlarning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida kitobsevar talabalar bilan mashhur yozuvchilar oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazish anʼanaga aylanib ulgurgan.
Ayniqsa, filologiya fakulteti dekani Bahodir Rahmonov tashabbusi bilan shunday uchrashuvlar koʻplab tashkil etilmoqda.
Xususan, bugun Andijon davlat universitetining kichik majlislar zalida qirgʻiz xalqining suyukli adibi, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Yozuvchilar uyushmalari aʼzosi, tarix fanlari nomzodi, Begijon Ahmedov bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazildi.
Ushbu uchrashuvda filologiya fakulteti dekani B. Rahmonov, dekan oʻrinbosari, fakultet professor-o’qituvchilari va talaba-yoshlari ishtirok etdilar.
Dastlab soʻz olgan Bahodir Rahmonov talabalarga Begijon Ahmedov, uning ijodi va erishgan yutuqlari, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlari adabiyoti oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga qoʻshgan hissalari haqida soʻzladi. U oʻz nutqida yozuvchining Vyetnam davlati prezidenti Ho Shi Munning sheʼrlari haqida yozgan asari, 2021-yilda Qirgʻiziston Respublikasida "Yilning eng yaxshi asari" deb topilgan va koʻplab mamlakatlarda eʼtirof etilgan "Sayyoh" qissasi hamda "Daftar chetidagi bitiklar" asarlari haqida maʼlumotlar berdi.
Soʻngra adibning oʻzi soʻzga chiqib, bugungi kundagi madaniy va adabiy aloqalar, asarlarida soʻzlamoqchi boʻlgan fikrlari va Oʻzbekiston, xususan, Andijon viloyati haqidagi xotiralari, bu yerlik doʻstlari haqidagi iliq fikrlarini aytdi. Adib uchrashuvni "Baxtiyorlik formulasi" deb nomlashni taklif qildi.
2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Xalqlar doʻstligi" hamda "Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlangan Begijon Ahmedov ijodiy uchrashuv soʻngida taklif uchun universitetimiz va filologiya fakulteti dekanatiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI