
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat universiteti talabalari tomonidan “5 Million AI Leaders” (“5 million sun’iy intellekt yetakchilari”) dasturi doirasida sertifikat olishning majburiyligi haqida tarqalgan murojaat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
Talabalarning sun’iy intellekt sohasidagi zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “5 Million AI Leaders” dasturidan foydalanish Andijon davlat universiteti rahbariyati tomonidan tavsiyaviy asosda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalarning ushbu dasturda faol ishtirok etishi tavsiya etiladi.
Mazkur dastur bo‘yicha sertifikat olish talabalarning sun’iy intellekt sohasidagi bilimlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish hamda kelgusidagi kasbiy faoliyatida raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, universitet tomonidan talabalardan ushbu sertifikatni majburiy tartibda olish, uni amaliyot natijalari yoki fanlardan baho qo‘yishning asosiy sharti sifatida belgilash bo‘yicha hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatma berilmagan.
Andijon davlat universiteti talabalarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim jarayonining shaffofligi, xolisligi va adolatliligini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb biladi.
