
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universitetida barcha ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun o‘quv jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, fanlar bo‘yicha egallangan nazariy bilimlarni real sharoitlarda mustahkamlash hamda ilmiy-amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘quv rejasiga muvofiq joriy yilning 4–9-may kunlari Xo‘jaobod tumani Karnaychi qishlog‘i hududida joylashgan “ADU Kimyo va biologiya fakulteti o‘quv-dala amaliyot maskani”da Biologiya ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari uchun “Botanika” fanidan o‘quv-dala amaliyoti o‘tkazildi.
Mazkur amaliyot Ekologiya va barqaror rivojlanish kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilib, talabalarga dala sharoitida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, o‘simliklarni tabiiy muhitda o‘rganish hamda ilmiy kuzatuvlar olib borish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Bir hafta davom etadigan amaliyot mobaynida talabalar tog‘ hududlarining turli biotoplarida o‘simlik namunalarini yig‘ish, ularni aniqlash, tavsiflash va gerbariy tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar. Yig‘ilgan materiallar esa keyinchalik ilmiy va o‘quv maqsadlarida foydalanish uchun tizimlashtiriladi.
