
Bugun, 15-may kuni Andijon davlat universitetida milliy kulolchilik san’atining boy an’analarini targ‘ib etish hamda yoshlar qalbida milliy san’atga bo‘lgan mehr va qiziqishni yanada kuchaytirish maqsadida Tasviriy va amaliy san’at kafedrasi o‘qituvchisi Diyoraxon Soliyevaning “Muqaddima” nomli milliy badiiy kulolchilik san’ati ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘z olgan universitet rahbariyati hamda Diyoraxon Soliyevaning yaqinlari kulolchilik san’ati xalqimizning eng qadimiy va betakror madaniy meroslaridan biri ekanini, unda ajdodlarimizning estetik didi, hayot falsafasi hamda milliy ruhiyati yorqin ifoda topganini alohida ta’kidladilar.
Shundan so‘ng ko‘rgazmaning ramziy lentasi tantanali ravishda qirqilib, Diyoraxon tomonidan yaratilgan nodir va betakror san’at asarlari namoyish etildi. Ko‘rgazmada ishtirokchilar ijodkorning kulolchilik san’atidagi o‘ziga xos uslubi, milliy an’analarni zamonaviy badiiy yondashuv bilan uyg‘unlashtira olgan mahoratini yuksak e’tirof etdilar. Shuningdek, mehmonlar asarlarda aks etgan ranglar uyg‘unligi, shakl va naqshlarning nafisligi, milliy ruh va estetik didning chuqur ifodasini alohida qayd etib, ijodkorning kelgusidagi ijodiy faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar va yangi yutuqlar tiladilar.
