
Ayni kunlarda V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor o‘rinbosari, matematika sohasining yetuk olimi Abror Xudoyberdiyev ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish hamda matematika ta’limi va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish maqsadida xizmat safari bilan Andijon davlat universitetida bo‘lib turibdi.
Bugun, 15-may kuni olim universitetning iqtidorli talabalari, magistrantlari va doktorantlari bilan uchrashib, matematika sohasidagi zamonaviy ilmiy izlanishlar, xalqaro tajribalar hamda ilm-fan va ta’lim integratsiyasiga oid masalalar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida olim mamlakatimizda matematika sohasi rivojlanib borayotgani, ilm-fan taraqqiyotida yosh olimlarning o‘rni tobora ortib borayotganini alohida ta’kidlab, o‘zining ilmiy faoliyati va erishgan yutuqlari ortida tinimsiz mehnat, izlanish hamda sabr-toqat mujassam ekanini qayd etdi. Shuningdek, u talabalarga ilm olishdan to‘xtamaslik, doimiy izlanish va bilim ustida ishlash borasida muhim tavsiyalarni berdi.
