Flag LogoGerb LogoSound Logo
ADU Logo
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti

Rasmiy munosabat

2026-03-14 09:54:47Universitet yangiliklari 56
Rasmiy munosabat

Joriy yilning 14-mart kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat:

Andijon davlat universiteti ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

Andijon davlat universiteti rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan boshqaruv siyosati natijasida oliygohning ilmiy-ta’limiy salohiyati izchil yuksalib borayotgani, so‘nggi yillarda erishilgan muhim yutuqlar orqali yaqqol ko‘rinib turibdi. Universitet faoliyatining markazida inson omili turib, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar hamda talabalarning samarali faoliyat yuritishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va sifatli ta’lim olishi uchun zarur tashkiliy, moddiy-texnik va ma’naviy shart-sharoitlar bosqichma-bosqich yaratilmoqda.

Shuningdek, universitetning asosiy o‘quv binosidagi uzoq yillar davomida ishlamay kelgan lift masalasi rahbariyat nazorati ostida bo‘lib, uni to‘liq yangilash va zamonaviy talablarga mos ravishda qayta ishga tushirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda texnik va tashkiliy jarayonlar deyarli yakuniy bosqichga yetgan bo‘lib, yaqin kunlarda liftlar to‘liq yangilanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, respublikamizda Ramazon hayiti va Navro‘z umumxalq bayramlarini munosib kutib olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 72-son farmoyishiga muvofiq, 13–14-mart kunlari barcha hududlarda, jumladan Andijon viloyatida “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari keng ko‘lamda o‘tkazildi.

Andijon davlat universiteti jamoasi ushbu ezgu tashabbus doirasida ixtiyoriy va faol ishtirok etib, hududni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va atrof-muhitni tartibga keltirish ishlarini amalga oshirdi. Shu bilan birga, xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan hashar an’anasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolganligini namoyon etdi va jamiyatda birdamlik, mehr-oqibat hamda saxovat kabi yuksak fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida o‘zini ko‘rsatdi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat universiteti va uning rahbariyati faoliyati yuzasidan asossiz, tasdiqlanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan xabarlar tarqatilayotgani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan keng jamoatchilikdan axborot maydonida tarqalayotgan bunday ma’lumotlarga tanqidiy va mas’uliyatli yondashish, faqat rasmiy va ishonchli manbalarga tayanish tavsiya etiladi.