
Joriy yilning 12-mart kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat:
Andijon davlat universiteti ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Bugungi kunda Andijon davlat universiteti ilmiy salohiyatini izchil oshirib, uning ko‘rsatkichini 38,7 foizdan 42,3 foizga yetkazgan holda, QS Sustainable Ranking (1500+), QS Asia University Rankings (951–1000), Markaziy Osiyo universitetlari reytingi (55-o‘rin), Times Higher Education Impact Rankings (1501+) hamda UI GreenMetric World University Rankings (949+) kabi nufuzli xalqaro reytinglarda munosib o‘rinlarni egallab, respublikamizdagi salohiyatli hamda xalqaro miqyosda obro‘-e’tiborga ega oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Shuningdek, ma’lum qilamizki, Reja-moliya bo‘limi boshlig‘i Otabek Obidov mazkur lavozimda moliya sohasidagi professional tajribasi va yetarli malakasi asosida faoliyat yuritib kelmoqda.
Universitet rahbariyati ilmiy salohiyatga ega barcha professor-o‘qituvchilarning mehnatini yuqori qadrlaydi, ularni hurmat bilan e’zozlaydi hamda universitet jamoasi sifatida birgalikda samarali faoliyat olib borishga doimo tayyor ekanini bildiradi. Shu bilan birga, ayrim pedagoglarning boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘tib faoliyat yuritishi ularning shaxsiy ixtiyoriga bog‘liq bo‘lib, universitet tomonidan majburan ishlatish amaliyoti mavjud emasligi alohida ta’kidlanadi.
Eslatma: Agar murojaatchilarda ushbu masalaga oid asosli dalillar mavjud bo‘lsa, ular belgilangan tartibda universitetning “Korrupsiyaga qarshi kurashish – Komplayens nazorat” bo‘limiga yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (prokuratura) murojaat qilish huquqiga ega.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmagan ma’lumotlarni tarqatish uning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘yiga zarar yetkazuvchi harakat sifatida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tuhmat va haqorat deb baholanadi hamda tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
