
Joriy yilning 26-fevral kuni Andijon davlat universitetida “Yoshlar kuni” doirasida Moliya va iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Muzaffar Xodjimuratov hamda mas’ullar ishtirokida talabalar turar joylarida yashash sharoitlarini yanada yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda turar joy tarbiyachilari hamda qavat sardorlari ishtirok etib, talabalar uchun qulay, xavfsiz va tartibli muhit yaratish, maishiy sharoitlarni takomillashtirish, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish hamda yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida turar joylarda tozalik va intizomni mustahkamlash, moddiy-texnik bazani yaxshilash, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
