
Davlatimiz rahbarining volontyorlik harakatini rivojlantirish, yoshlarni ijtimoiy jarayonlarga faol jalb etish hamda volontyorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslari ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat universitetida volontyorlar bilan ochiq muloqot uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Ochiq muloqotda viloyat hokimining volontyorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Fayzullo Dadajonov, shuningdek, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon davlat universiteti boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Shohjaxon Toxirov ishtirok etdi. Mazkur uchrashuv yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Uchrashuv davomida volontyorlar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning mavjud muammolari, taklif va tashabbuslari tinglandi hamda ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, volontyorlik faoliyatini samarali tashkil etish, tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida viloyat volontyorlar jamoasi shakllantirilib, yo‘nalishlar kesimida koordinatorlar tayinlandi. Endilikda universitetda volontyorlik faoliyati yanada tizimli va samarali tashkil etilib, yoshlarning jamiyat rivojiga xizmat qiluvchi ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslari izchil ravishda qo‘llab-quvvatlanadi.
