
Ayni kunlarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon davlat universitetu boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Shoxjahon Toxirov boshchiligidagi bir guruh talaba-yoshlar OTMlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni mustahkamlash hamda talabalar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘istonda bo‘lib turibdi.
Bugun, 12-may kuni Qoraqalpoq davlat universitetida talaba-yoshlarning ijodiy, intellektual va madaniy salohiyatini namoyon etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Talabalar bahori” festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida tashkil etilgan konsert dasturlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, intellektual tanlovlar hamda tarixiy-madaniy maskanlarga uyushtirilgan sayohatlar talaba-yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qildi. Mazkur jarayonlarda Andijon davlat universiteti talaba-yoshlari faol ishtirok etib, o‘zlarining intellektual salohiyati, ijodiy yondashuvi va jamoaviy faolligini namoyon etdi.
