
Bugun, 17-yanvar kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat:
Andijon davlat universiteti ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2018-yil 9-avgustdagi 19-2018-sonli buyrugʻi (2018-yil 26-sentabrda roʻyxatdan oʻtgan, roʻyxat raqami 3069) ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻgʻrisida”gi Nizomning 3-bobi 18-bandiga muvofiq, oraliq va yakuniy nazorat turlarini oʻtkazish tartibi aniq belgilab qoʻyilgan.
Mazkur bandga asosan, oraliq nazorat tegishli fan boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini olib borgan professor-oʻqituvchi tomonidan, yakuniy nazorat esa oʻquv mashgʻulotlarini olib bormagan professor-oʻqituvchi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, fan boʻyicha mashgʻulotlarni olib borgan professor-oʻqituvchining yakuniy nazorat jarayonida ishtirok etishi qat’iyan taqiqlanadi. Zarur hollarda kelishuv asosida boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining tegishli fan boʻyicha professor-oʻqituvchilarini jalb etish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Ushbu me’yoriy talablar asosida Andijon davlat universiteti Fizika-matematika-IT fakulteti “Umumiy fizika” kafedrasining 2026-yil 12-yanvardagi navbatdan tashqari 1-sonli yig‘ilishi qaroriga muvofiq, yakuniy nazorat ishlari fan sillabuslarida belgilangan shakllarda oʻtkazildi. Yakuniy nazoratni tashkil etish va talabalar bilimini baholash jarayoni Nizom talablariga toʻliq amal qilgan holda, oʻquv mashgʻulotlarini olib bormagan boshqa professor-oʻqituvchilar tomonidan amalga oshirildi.
Shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida, yakuniy nazoratni oʻtkazgan professor-oʻqituvchi tomonidan yakuniy nazorat daftarlari shifrlanib, tekshiruvga taqdim etildi. Shifrlangan ishlar ilmiy salohiyatga ega, tajribali professor-oʻqituvchilar tomonidan adolatli va xolis tarzda tekshirilib, baholandi.
Mazkur yondashuv yakuniy nazorat jarayonlarida ochiqlik, qonuniylik va adolat tamoyillarining toʻliq ta’minlanganidan dalolat beradi.
Eslatma: Agar sizda universitet bilan bog‘liq muammolar yoki savollar yuzaga kelsa, ularni hal qilish uchun universitet axborot xizmati @adu_uz_bot hamda universitet rektori @anddu_rektori_bot Telegram botlariga yuborishingiz mumkin.
