Flag LogoGerb LogoSound Logo
ADU Logo
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti
2026-02-25 08:53:47 459
news image

   Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqoti bo‘lib o‘tdi va mazkur uchrashuvda ilgari surilgan ta’lim sifatini tubdan oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik va startap ekotizimini rivojlantirish, xorijiy tillar hamda zamonaviy kasb-hunarlarni keng egallashga doir tashabbuslar oliy ta’lim muassasalari zimmasiga muhim strategik hamda tizimli vazifalarni yukladi.

   Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, 22 milliondan ortiq yoshlarimiz ulkan demografik va intellektual salohiyatdir. Ushbu resursni real ijtimoiy-iqtisodiy natijaga aylantirish, avvalo, ta’lim tizimining sifati, innovatsion yondashuvlar va ilm-fan hamda ishlab chiqarish integratsiyasiga bog‘liq. Shu bois oliy ta’lim muassasalari bugun nafaqat bilim beruvchi maskan, balki ilmiy g‘oya va texnologiyalarni tijoratlashtiruvchi, tashabbuslarni amaliy natijaga olib chiquvchi innovatsion markazga aylanishi zarur.

   Andijon davlat universitetida bugungi kunda 13 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda. Har yili yirik ilmiy-amaliy konferensiyalar, startap-sammitlar va yoshlar festivallari tashkil etilib, talabalarning ilmiy tafakkuri hamda innovatsion salohiyatini rivojlantirishga kompleks yondashuv joriy etilmoqda. “Dual ta’lim” elementlari, amaliyotga yo‘naltirilgan dasturlar va ishlab chiqarish bilan integratsiya mexanizmlari bosqichma-bosqich kengaytirilayotgani esa bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirmoqda.

   Talabalar bandligini ta’minlash va ularning ilg‘or g‘oya hamda tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib, “Kelajakka qadam” dasturi doirasida tashkil etilgan “Talaba Expo – 2025” kasblar ko‘rgazmasi hamda “Karyera kuni” formatida ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ochiq va bevosita muloqot maydonlari yosh mutaxassislarning mehnat bozori talablari bilan yaqindan tanishishi, o‘z salohiyatini namoyon etishi va kasbiy faoliyatini tez, samarali hamda yuqori raqobatbardoshlik asosida boshlashiga mustahkam zamin yaratmoqda.

   Talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari, ijodiy tanlovlar hamda volontyorlik yo‘nalishlarida ham yuqori faollik ko‘rsatib, joriy yilning birinchi choragidayoq 100 nafardan ziyod yoshlarimiz xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli tanlovlarda muvaffaqiyat qozondi. Bu natijalar yoshlarimizning intellektual salohiyati, ijtimoiy mas’uliyati va faol fuqarolik pozitsiyasi izchil mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi.

   Shuningdek, QS Quacquarelli Symonds tomonidan e’lon qilingan QS Sustainability Rankings 2026 natijalarida universitetimizning munosib o‘rin egallashi, UI GreenMetric World University Rankings reytingida 105 davlatdan 2000 ga yaqin OTMlar orasida TOP-1000 talikka kirgani hamda Germaniyaning ACQUIN agentligi tomonidan 6 ta bakalavr va 5 ta magistratura dasturining akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida ta’minlash, barqaror rivojlanish tamoyillarini chuqur integratsiya qilish va ilmiy-tadqiqot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi sa’y-harakatlarimiz xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini yaqqol namoyon etadi.

   Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Mening birinchi kasbim”, “Yangi avlod tadbirkorlari” kabi tashabbuslar hamda startap va biznes inkubatorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining kengaytirilishi yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Universitetimiz jamoasi ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yoshlarning intellektual kapitalini milliy taraqqiyot drayveriga aylantirish yo‘lida izchil va mas’uliyatli faoliyat olib boradi.

   Biz yoshlarimizga ishonamiz. Ularning bilimga chanqoqligi, tashabbuskorligi va fidoyiligi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining mustahkam tayanchi va ertangi kunimizning ishonchli kafolatidir.

Baxtiyorjon Akbaraliyev Andijon davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori,dotsent.