Flag LogoGerb LogoSound Logo
ADU Logo
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti
2026-03-04 05:51:26Brifinglar 92
news image

Joriy yilning 4-mart kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat:  
Andijon davlat universiteti ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori (https://lex.uz/docs/3244181) bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq: Talabalarning o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash jarayoni oliy ta’lim muassasasi rektori (yoki filial direktori) tomonidan belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlar yoki fanlar bo‘yicha farqlar (umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) aniqlanadi. Ushbu farqlarni bartaraf etish tartibi va muddatlari (joriy semestr davomida), shuningdek o‘qitish kursi (semestri) hamda o‘qishga qabul qilishning qonunchilikda belgilangan boshqa shartlari belgilab beriladi (2-bob, 10-band). Agar o‘quv rejalari bo‘yicha fanlar o‘rtasida farqlar mavjud bo‘lsa, talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi (3-bob, 25-band).

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-sonli qarori (http://lex.uz/docs/-5193564) bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq: 
8-bob, 41-band, 2-xatboshida quyidagicha belgilangan: “Akademik qarzdor talabalar ta’til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida, tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng, ushbu fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqiga ega bo‘ladi.” 
4-bob, 18-bandida esa quyidagicha qayd etilgan:
“Akademik qarzdor talabalarning tashabbusi bilan mavjud akademik qarzlarni bartaraf etish maqsadida yozgi semestr oliy ta’lim muassasasi tomonidan, odatda ta’til vaqtida, pulli asosda tashkil etiladi. Yuqoridagi bandlarga muvofiq, agar talaba o‘quv jarayonida muayyan fanlardan kerakli kreditni o‘zlashtira olmagan bo‘lsa, u belgilangan to‘lovni amalga oshirgan holda yozgi semestrda yoki keyingi semestrlar davomida ushbu fanlarni qayta o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yozgi semestr — bu talabaning tashabbusiga asosan, pullik asosda va universitet reglamenti asosida tashkil etiladigan maxsus o‘quv davridir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-dekabrdagi 836-sonli qarori (https://www.lex.uz/uz/docs/-7267040) bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq: “Yakuniy davlat attestatsiyasiga faqatgina tegishli fanlarni o‘zlashtirgan, belgilangan kreditlarni to‘plagan hamda to‘lov-kontrakt shartlarini to‘liq bajargan bitiruvchilar qo‘yiladi” (3-bob, 15-band).

Ushbu bandga ko‘ra, bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etishi uchun quyidagi uchta asosiy shart bajarilgan bo‘lishi shart: Attestatsiyaga daxldor barcha fanlarni o‘zlashtirish, dasturda belgilangan kreditlar miqdorini to‘plash, to‘lov-kontrakt shartnomasida ko‘rsatilgan moliyaviy majburiyatlarni to‘liq ado etish.

Murojaatchilar yuqorida ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, belgilangan tartibda to‘lovlarni amalga oshirgan holda yakuniy davlat attestatsiya imtihonlariga qadar barcha fanlardan o‘z akademik qarzlarini topshirishlari lozim bo'ladi.