0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

CHO‘QQILARNI ZABT ETGAN OLIM

06 Oktyabr 2020 yil, Seshanba
Ko'rilgan: 462

Muallifi: Ikromjon ASLIY
Andijon davlat universiteti sobiq talabasi, shoir

Bugun – 6-oktabr – juda ajoyib kun. Bugun ham minglab yurtdoshlarimiz o‘z tavallud sanalarini nishonlamoqdalar. Ular orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator, kimyogar, huquqshunos va hoziq tabib Ibrohimjon Rahmonovich Asqarov ham bor. Hammaga bir-barobar bu zahmatkash inson bugun o‘zining tabarruk 71 yoshini qarshi olmoqda. Albatta, ertalabdanoq domlaning Jalaquduqdagi otasi nomi bilan ziynatli ko‘chadagi fayzli uyi mehmonlar, shogirdlar, do‘st va yaqinlari bilan gavjumlashadi.

Agarda ko‘chada oq “Kaptiva” yelib borayotgan bo‘lsa, beixtiyor ko‘rib, sevinaman - Ibrohimjon Asqarov domla yo biron muhim mashvaratga, yo bir do‘stni yo‘qlab, yo uchinchi bir muhim yumush bilan yo‘lga otlangan. Qanday yaxshi! Olim bir umr o‘z tumaniga, o‘z viloyatiga, o‘z yurtiga va nihoyat, o‘z universitetiga sodiq bo‘lib yashayotir. Muhtaram ustozi – Shabanov domla saboqlari bilan avval kimyo fani cho‘qqisini zabt etib, to fan doktori darajasigacha ko‘tarilgan bo‘lsa, keyinroq – tibbiyot institutida ishlash jarayonida xalq tabobati – tabiblik cho‘qqisini ham zabt etdi va ikki soha – tabobat va tibbiyotni bir-biriga raqib, kundosh emas, balki, egizakligini amalda namoyon etib berdi. Domlaning oliyjanob xususiyati shu ediki, u kishi fanlarni bir-biridan ajratmay, yaxlit fan va monolit ilm deb tasavvur qildi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi. Izlanishlar tufayli, qator kimyo fani darsliklari, mashq va masalalar to‘plamlari, tabobatga oid risolalar yuzaga keldi.

Olimning uchinchi zabt etgan cho‘qqisi bu huquqshunoslik bo‘lib, u kishi bu yo‘nalishda faxriy doktor maqomini oldi. Farg‘ona bojxonasida ishlash orqali, bojxona huquqi borasida ham izlanishlar qildi. Yuksak lavozimlarda ishlab kelgan va bugungi rutbasi ham ancha-muncha bo‘lmagan purtajriba Ibrohimjon hoji aka haqida kim yorqinroq bilmoqchi bo‘lsa, u kishi haqida elimizning ustoz adiblari sanalmish O‘zbekiston xalq shoirlari Oxunjon Hakim, Enaxon Siddiqova, adiblar Alisher Ibodinov va Shoyim Bo‘taevlarning kitoblarini o‘qishi mumkin. Shuningdek, Odiljon Ergashev (olimning ustozi), Yoqubjon Mirzaev (paxtaobodlik pedagog shoir, qadrdonimiz), Nasim Abdurahmonov (kursdoshi va do‘sti), Muqimjon Qirg‘izboev (universitetdoshi), Muzayyana Valixonova (shoir Boqir domlaning qizi, olimning kursdoshi) Jumanazar BEknazar (olim) kabilarning bag‘ishlov she’rlarini, dilrozlarini o‘qishsin. To‘lan Nizom ham o‘zining “Tabibnoma” dostonida Ibrohimjon hoji Asqarov timsolini she’riy yo‘sinda gavdalantirishga harakat qilgan.

Kaminangiz ham bu ajoyib inson haqida, u kishi haqidagi kitoblar vasfida qator she’rlar, maqolalar, esselar yozdim va ular respublika, vodiy nashrlarida qayta-qayta bosildi.

Ibrohimjon aka zabt etgan eng zo‘r va Alp kabi cho‘qqi, balki undan ham yuksakrog‘i bu – ODAMIYLIK, INSONLIK      deb atalmish cho‘qqidir. Mehru oqibat, saxovat, samimiyat kabi xislatlardan yuksaladigan bu monolit cho‘qqini olim tom ma’noda zabt etganini u kishini bilganlar, aqalli bir bor suhbatlashganlar ham biladi. Ma’naviyatni yuqori darajada qadrlaydigan olim eng avval o‘zi tahsil olgan maktab o‘quvchilari uchun stipendiya ta’sis qilgan bo‘lsa, keyinroq, Suhayliy, Qamchibek Kenja, Madhiy, Xosiyat Siddiqova kabilarning to‘plamlariga beminnat homiylik yordami ko‘rsatdi va hozir ham shu kabi ezgu faoliyatlarda. “Berganga beraman, degan” shiorini mahkam tutadigan olimning qanchalik insonparvar, talabaparvar, bemorparvar ekanligini ta’riflashga til ojiz.

Jahonni qamragan pandemiya sharoitida ham Ibrohimjon Asqarov bir on tingani yo‘q. Buni kuni kecha nashr qilingan “Xalq tabobati plyus” jurnali 3-sonini varaqlab ham bilib olsa bo‘ladi. Jurnaldagi ilk sahifalardan olimimizning koronavirus balosini xalq tabobati uslubida qanday davolash bo‘yicha fikrlari o‘rin olgan. Ustoz tabib Yaponiya xalq tabobati vakillari bilan bu borada muzokaralar olib borib, yana yangi izlanish yo‘nalishlarini ochmoqda. Yuqorida nomi keltirilgan jurnalga asos solgani, xalq tabobati qomusini yaratgani, mumtoz va zamon adabiyotiga bo‘lgan chuqur mehr, e’tiqodi sabab Ibrohimjon aka bu yil xalqaro Bobur mukofoti sohiblari safidan joy oldi.

Oiladan ham yolchigan olim, tabib, huquqshunos ustozning boshida davlati – volidasi, Nodirbek aka kabi olim, tadbirkor, Nosir aka kabi qonunshunos, Ra’no opa kabi shifokor farzandlari, Abdulaziz kabi qator nabiralari, sadoqatli davradoshlari, e’tiqodli muxlislari bor. Ha, nurga kapalak ham, asalari ham o‘zini uradi. Ustozning qalb nuri ham shunday ohanraboli, tortimli.

O, hech bir ta’rifga sig‘movchi aziz inson Ibrohimjon akaning yana qay jihatini aytay?! Qay qirrasini so‘zga solay?!

Ajoyib do‘st, tengsiz do‘stu habib, derlar,

Bunday ilm kamdan-kamga nasib, derlar.

-Kim, desangiz, olim, orif, ustoz, zarif,

Do‘stlar birdek: Ibrohimjon tabib!, derlar.

Afsuski, mendek yosh bir havaskorga domladek salohiyat va bobolarga xos fazl sohibi haqida so‘z aytish osonmas...

Bu kabi so‘zlarni yuqorida zikr qilganimdek, aytguvchilar allaqachon aytganlar maromida!

Fursatdan foydalanib, tinib-tinchimas olim, universitetimizning jonkuyar domlasi, yoshlarning sevimli ustozi Ibrohimjon hoji Asqarovni tug‘ilgan kuni bilan shaxsan o‘zim va qator ijodkor ukalarim nomidan samimiy tabriklayman, qalbimdagi eng ezgu niyatlarimni u kishiga yo‘llashdan mamnunman. Hassos qalbli olimimizning umri uzun, sog‘ligi bardavom, ilmparvar yangi O‘zbekiston ma’rifati, tabobati taraqqiysi yo‘lidagi ishlari serunum, purrivoj bo‘lsin!

Shularni o‘ylab tursam, yuqorida aytganim – oq “Kaptiva” o‘tib qoldi. Demak, olim yana qay bir ezgu yumushga otlangan. Hamisha elga kerak bo‘lish, jamiyatning nigoh-nazarida turish hammagayam nasib qilavermaydigan omaddir. Ayyomingiz muborak, muhtaram Ibrohimjon hoji domla! Shu omadingiz barqaror bo‘lsin!

2020 yil, 5 oktabr.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!
XORIJIY ABITURIYENTLAR DIQQATIGA!!!