0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

MAGISTRLIK DISSERTATSIYALARI HIMOYALARI ONLAYN TARZDA O’TKAZILMOQDA

18 Iyun 2020 yil, Payshanba
Ko'rilgan: 235

Muallifi: Axborot xizmati

Oliy ta’lim muassasalarida koronavirus pandemiyasi sabab 2019/2020 o’quv yilining 2-semestrida talabalar masofaviy ta’lim oldilar. Ayni vaqtda barcha OTMlarda bo’lgani singari Andijon davlat universitetida ham yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari, yakuniy imtihonlar masofadan turib onlayn ravishda o’tkazilmoqda.

Xususan, belgilangan jadval asosida magistrlik dissertatsiyalari himoyalari ham onlayn tarzda, Zoom Cloud Meetings dasturi yordamida o’tkazib kelinmoqda. Avval xabar berganimizdek, talabalar dastavval sinov dissertatsiya himoyalaridan o’tib, ishlari bo’yicha kamchilik va takliflarni qabul qilib, ish sifatini talab darajasiga yetkazdilar.

Himoya jarayonlarida kafedralarning yetuk professor-o’qituvchilari dissertantlarning ishlari bilan tanishib chiqdilar. Magistrantlar olib borgan ilmiy tadqiqot ishlarini tahlil qilib, ishning mazmuni va xulosalarini belgilangan vaqt davomida komissiya a’zolariga yetkazib berdilar.

Komissiya a’zolari ish yuzasidan o’z savollarini berdilar, takliflarini bildirdilar. Talabalar berilgan savollarga javob berdilar, ishdagi kamchiliklar bo’yicha maslahatlar oldilar.

Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (Boshlang’ich ta’lim) mutaxassisligi magistranti Saida Nazarova himoya jarayonlari to’g’risida masofadan turib o’z fikrlarini bildirdi: “To’grisi dastlab karantin e’lon qilinganda tashvishga tusha boshlagandik, o’qishimizni yakunlay olamizmi deb. Shukurki, masofadan turib ishlash ko’nikmasini o’zlashtirib oldik, xatto bu birmuncha qulay ham ekan. Ilmiy rahbarim bilan telegram orqali ko’rsatma va topshiriqlar oldim, kerakli ma’lumotlarni tekshirib berish uchun yubordim. Dastlab o’tkazilgan sinov himoya jarayoni ham bizga katta yordam berdi. Texnik jihatdan ham kamchiliklarimizni bartaraf etib oldik. Bugungi himoyada ham dastlab hayajon bosgan bo’lsa-da, keyin dadillik bilan o’z tadqiqot natijalarimni taqdim etdim. Komissiya a’zolaridan kerakli ko’rsatmalarni ham oldim. Ishim yuqori baholandi. Men bundan juda xursandman, onlayn himoya yaxshi tashkil etildi.”

Dissertatsiya himoyalari natijalarini baholash ham maxsus dastur orqali onlayn tarzda o’tkazildi. Komissiya bayonnomasi avtomatik tarzda shakllantirilishi ta’minlanmoqda. Mutaxassisliklar bo’yicha magistrlik dissertatsiyalari himoyasi jarayonlari universitet o'quv-uslubiy boshqarmasi hamda ta’lim sifatini nazorat qilish bo’limi tomonidan kuzatib borilmoqda.  

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!