0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

ULUG’ YO’LNI BOSIB O’TGAN ULUG’ USTOZ

17 Iyun 2020 yil, Chorshanba
Ko'rilgan: 184

Muallifi: Dilshodbek Rustamov
Fakultetlararo chet tili kafedrasi mudiri, dotsent

Bugun universitetimizda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan ulug' ustozimiz Shahobiddin Qosimov tabarruk 85 yoshni qarshiladilar. Andijon davlat universitetining xizmat ko‘rsatgan katta o‘qituvchisi, mehnat faxriysi SHAHOBIDDIN QOSIMOV 1935-yilning 17-iyunida Shahrixon tumani Bo‘ston jamoa xo‘jaligi Cho‘ja qishlog‘ida dunyoga kelgan.

Domlaning otalari Qosimoxun ota islom ilmidan ancha xabardor inson bo‘lishi bilan birga 1934-1935 yillari O‘rta Osiyo davlat universitetining ishchilar fakultetini tamomlagan, o‘z zamonasining tashkilotchilaridan biri sifatida 40 yilga yaqin qishloq sovetida hamda jamoa xo‘jaliklarida bosh rahbar sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Uzoq yillar qilgan halol xizmatlarini hisobga olib, Qosimoxun otaga Respublika miqyosida pensiya tayinlandi, hamda vafot etgandan so‘ng o‘zi ulg‘aygan eng gavjum ko‘chaga otaning nomi berildi.

Onasi Kimsanxon aya 1951 yili Shahobiddin 8-sinfda o‘qiyotgan bir vaqtda dunyodan o‘tdi. Shahobiddin Qosimovning maktabga borishi urush yillariga yani 1943 yilga to‘g‘ri keldi. 1953 yili tumanda yagona o‘rta maktab hisoblangan Nazarmahramdagi №1-maktabni 10-sinfni a’lo baholarga tamomladi. O‘sha yilning o‘zida Toshkent davlat chet tillari pedagogika institutining nemis tili fakultetiga o‘qishga kirib, 4 yillik o‘qish davrida o‘zining tirishqoqligi bilan faqat a’lo baholarga o‘qigan  Shahobiddin 1957 yili institutni imtiyozli tamomladi. Davlat Attestatsiya Komissiyasining qarori bilan u olgan “Diplom”ga oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi unvoni berilib, o‘zi o‘qigan institutda o‘qituvchi lavozimida ishga qoldirildi. Otasining xoxishini qaytara olmagan Shahobiddin, otasining huzuriga kelib, Naynavodagi №6 o‘rta maktabda nemis tilidan dars berdi. Shahobiddin aka Shahrixon tumanidan chiqqan dastlabki oliy ma’lumotli xorijiy til o‘qituvchilaridan biri bo‘lib, shogirdlar yetishtirishda samarali mehnat qildi. Tumanda nemis tilidan dars berayotgan 20 nafardan ortiq shogirdlari o‘z ustozlaridan bir umr minnatdordirlar.

1962-1963 o‘quv yili Andijon davlat pedagogika instituti qoshida xorijiy tillar bo‘limi tashkil qilinib, Shahobiddin akani nemis tilidan dars berish uchun ishga taklif qilishdi. 42 yildan buyon universitetimizning xorijiy tillar kafedrasida (hozirda Fakultetlararo chet tillar ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi) benuqson faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Shahobiddin Qosimov ijodkor o‘qituvchigina bo‘lmay, yangilikka intiluvchi tashkilotchi insondir.

Domla kafedrani boshqargan yillari lingafon kabineti tashkil topdi, qator yillar Respublika Olimpiadasining g‘oliblari tayyorlandi. Mehnatlari zoe ketmadi, domla Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining faxriy yorlig‘i hamda maqtov yorliqlari bilan taqdirlangan. 1992 yili Respublikamizda test imtihonlari joriy qilingach uning tashabbusi bilan universitetda test imtihonlariga tayyorlov kursi ochildi.

U kurs shu kungacha samarali faoliyat ko‘rsatmoqda, 2001 yili domla Universitet rektori huzuriga kirib, “Bog‘chalarda va maktablarning boshlang‘ich sinflariga maxsus dastur asosida murabbiylar tayyorlash” kursini ochish taklifini qo‘ydi. Taklif viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati bilan kelishilgan holda ma’qullandi.

Domla o‘z fanini juda sevadi, hamisha izlanishda u bir necha marta Toshkent, Moskva shaharlarida  shuningdek, 1988 yili Germaniyada malakasini oshirib, ham o‘qib keldi. Keyingi yillarda domla shogirdlari bilan hamkorlikda qator o‘quv qo‘llanmalarni chop ettirdi.

Shahobiddin Qosimovning hamma havas qilsa arziydigan oila boshlig’idir. Domla turmush o‘rtog‘i Ko‘payxon aya bilan 5 farzandni: 3 qiz va 2 o‘g‘ilni ulg‘aytirdilar. Ularning hammalari oliy ma’lumotli. Qizlari Muborakxon matematik, Muqaddasxon filolog, Shoxistaxon boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, o‘g‘illari Dilmurodjon tarixchi, Muzaffarjon biolog. Bugun Shahobiddin domla 30 dan ortiq nabira va 20 dan ortiq chevaraning bobosi.

Shahobiddin akaga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, ishlarida ulkan yutuqlar tilaymiz.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!