0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

UMRINGIZNING QOLGAN BEKATLARI HAM BUGUNGIDEK YORQIN VA RAVON BO‘LSIN

19 May 2020 yil, Seshanba
Ko'rilgan: 182

Muallifi:  f.f.f.d. Dilshodbek Rustamov Abduvaxidovich
Fakultetlararo chet tillar (aniq va tabiiy fanlar) kafedrasi mudiri, dotsent

Inson hayotda yashar ekan, o‘z oldiga, albatta, ezgu maqsad qo‘yib, shu maqsad ro‘yobi uchun tinmay izlanadi, intiladi. Bugun o‘zining 70 yoshini qarshilayotgan pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Shahobuddin Yuldashevich Begaliyev ham ana shunday insonlar sirasidan.

Ustoz yoshligidan ilmu ma’rifatga tashna qalb bilan o‘qidi, izlandi. Ustozlaridan olgan saboq va o‘gitlari u kishiga mustahkam hayotiy tamoyil bo‘lib xizmat qildi.

Sh.Begaliyev 1968-1973 yillarda Kiev davlat chet tillar institutining ingliz tili fakultetida o‘qib, ingliz va fransuz tillari o‘qituvchisi mutaxassisligini egalladi.

U Andijon davlat universitetida 1976 yildan beri ishlab kelmoqda. Sh.Begaliev 1983 yili Kiev davlat chet tillar pedagogika institutida “Ingliz tilidagi majhul nisbatdagi gaplarni o‘zbek talabalariga o‘qitish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1983 yildan 1993 yilgacha Andijon davlat pedagogika institutining xorijiy tillar kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1993-2001 yillari Andijon viloyat markaziy bank bosh boshqarmasida avval yetakchi-iqtisodchi, keyinchalik valyuta-iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i bo‘lib xizmat qildi. 2001 yildan Andijon davlat universitetiga qaytib, xorijiy tillar kafedrasi mudiri sifatida o‘z faoliyatini davom ettirdi. Shaxobiddin Begaliyevning ushbu darajaga yetishiga uning ustozi Andijon davlat universitetida uzoq yillar ishlagan marhum Abduraim Parpiyevning xizmatlarini alohida ta’kidlash zarur.

Sh.Begaliyev fakultet va kafedra o‘qituvchilariga ma’naviy-ma’rifiy ko‘mak berish bilan bir qatorda yosh o‘qituvchilarga darsni tashkillashtirish, uni qiziqarli o‘tkazish bo‘yicha o‘zining beminnat maslahatlarini berib boradi. U bugungi kungacha o’nlab o‘quv qo‘llanmalar va 70 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop ettirdi.

Ustoz mohir pedagog bo‘lishi bilan birga, yaxshi tashkilotchi hamdir. U fakultet va universitet miqyosida o‘tkazilayotgan jamoat va tashkiliy ishlarda ham faol qatnashib kelmoqda. Universitet jamoasi orasida talabchanligi, halolligi va namunali ahloqqa ega ekanligi bilan hurmat qozongan.

Biz ustoz haqida muxtasargina so‘z aytdik. Aslida, Shahobiddin akaning insoniy hislatlari, ilm bobidagi fazlu kamoli haqida har qancha to‘xtalsa oz. Fursatdan foydalanib, “Umringizning qolgan bekatlari ham bugungidek yorqin va ravon bo‘lsin” deb qolamiz.

 

 

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!