0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

HASSOS SHOIR, ZAKIY OLIM VA MEHRIBON USTOZ EDI

15 May 2020 yil, Juma
Ko'rilgan: 159

Muallifi: Axborot xizmati

Bugun o‘zbek adabiyoti rivojiga o‘z ulushini qo‘shgan yetuk vakillardan biri, sadoqatli, atoqli shoir va olim, Ismoil To‘lakov tavallud topgan kun. Shoir hozir hayot bo‘lganida 73 yoshni qarshi olgan bo‘lardi. Bugun sevimli shoirimiz Ismoil To‘lakni xotirlab, hayoti va ijod yo‘lini oz bo‘lsada yod etishni joiz deb bildik.

Ismoil To‘lak Andijonning Xrabek qishlog‘ida 1947 yilda tavallud topgan. Bo‘taqara qishlog‘ining maktab-internatini tugatib, Andijon davlat pedagogika institutida tahsil oladi. Institutni tamomlagach, aspiranturaga o‘qishga kiradi va 1971-1995 yillarda o‘zi o‘qigan ushbu qutlug‘ dargohda faoliyat ko‘rsatadi.

Keyinchalik O‘zbekiston Respulikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Andijon viloyati bo‘yicha vakili, Andijon tillar institutining professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatadi. Shu bilan birga badiiy ijod bilan ham shug‘ullandi.

2003 yildi uni og‘ir xastalik oramizdan olib ketdi...

Shoirning ijodiy yo‘li juda qaynoq, sermahsul kechdi. Ismoil To‘lak ulkan adabiyotshunos olimlar Komil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Salohiddin Mamajonov, Umarali Normatov, Naim Karimov, Yoqubjon Is’hoqov, Bahodir Sarimsoqovlar bilan yaqin edi. Ayniqsa, u yirik adabiyotshunos olim Naim Karimovni o‘zining ustozi deb bilar edi.

Adabiyot-qutlug‘ dargoh. Bu ostonadan o‘tib unga xizmat qilmoqchi bo‘lganlarning qalbi toza, qolaversa, ruhida alloh ato etgan iste’dod bo‘lmog‘i kerak. Chinakam badiiy asar mana shu ikki ziyo mushtarakligidagina dunyoga keladi.

Ismoil To‘lak adabiyot maydoniga Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Usmon Azim, Halima Xudoyberdieva kabi peshqadam shoirlar bilan birga kirib keldi. Har bir ijodkor adabiyotga kirib kelar ekan, yozganlarini o‘zidan katta ijodkorlarga ma’qul qilishga, tan oldirishga urinadi.

U shoir sifatida 60-yillarning ikkinchi yarmida ko‘zga tashlangan bo‘lib, birinchi she’riy to‘plami “Seni o‘ylab” nomi bilan chop etilgan edi.  Shundan so‘ng shoirning “To‘rg‘ay” (1983), “Kengliklar” (1984), “Yashil sabo” (1989),  “Muhabbat shevasi” (1995), “Sog‘inch devoni” (1997),  “Ko‘ksimdagi haqiqat” kabi bir necha she’riy to‘plamlari yaratildi. Mazkur to‘plamlar bir-birining davomi bo‘lib, shoir aytmoqchi, fikrlarni to‘ldirib, boyitib boradi. “Muhabbat shevasi” to‘plamida shoir ijodining ilk davridan hozirgacha bo‘lgan ijodiy yo‘li ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. U chizgan manzara inson ma’naviyatidagi  iymon, vijdon, insof, diyonat, burch, ma’suliyat, e’tiqod ma’nolariga omuxta bo‘lib, qadriyat, oqibat degan noyob tushunchalarni ham ifodalaydi. “Muhabbat shevasi” she’ridagi:

Muhabbatning qadim shevalarida

Bitilgan sevgining bitik toshini

Qoldirib ketaman

Muhabbatning sodiq bevalariga,-

 

kabi misralarda ham lahza, ham abadiyatga dahldorlik bitiktosh timsolida o‘zining yorqin ifodasini topdi.

Ismoil To‘lak adabiyotshunos olim hamdir. U “Hozirgi o‘zbek lirikasida davr va lirik qahramon talqini” mavzusida doktorlik ishini yoqlab, filologiya fanlari doktori degan ilmiy darajaga ega bo‘lgan.

Olim ijodidagi “XX asr o‘zbek adabiyoti”, “Nurli manzillar”, “She’r – qalb yolqini”, “Abdulhamid Cho‘lpon mahorati” kabi darslik, qo‘llanma va risolalari adabiyotshunoslik sohasida katta ilmiy-ijodiy ishlar sifatida o‘rin egalladi.

Shoir she’riy, ilmiy asarlar bilan bir qatorda bir necha dostonlar ham yozib ulgurgan edi. “Kampirrovot”, “Barno”, “Iroda”, “So‘nggi jang”, “Kechikkan muhabbat haqida kechikkan doston”lar shular jumlasidandir. Bundan tashqari shoir “Husayn Boyqaro” nomli tarixiy dramatik doston ham yozgan edi.

Ismoil To‘lak xalq bilan hamnafas bo‘lib, uning quvonchidan quvonib, g‘am-anduhidan azoblanib, momaqaldiroqday na’ra tortib, chaqmoqdek chaqnab yashadi. U Cho‘lpon badiiy mahorati haqidagi “Cho‘lpon mahorati” kitobini cho‘lponshunoslik bo‘yicha mo‘’tabar asarga aylantirdi. Cho‘lpon nidosini quyidagi misralarga singdirmoqchi bo‘ldi:

Ko‘ksimdagi ezgu ishqning isyoni,

Yetakladi meni haqning jangiga,

Arosatda turgan hurkak dunyoni,

Bo‘yamoq istadim she’rning rangiga

Shoirning yurakka yaqin tilsimlari, bir oz isyonkor shevalarini tushunmoq uchun esa oq qog‘ozday pokiza qalb va muhabbatdek ulkan tuyg‘u kerak. Uning har bir she’ridagi yangi kashfiyot, yangi topilma, yangi qofiya, ayniqsa, jo‘shqinlik hammani hayratga soladi.

Adib Bobur haqidagi “So‘nggi kecha” dostoni uchun Bobur mukofotini qo‘lga kiritadi.

Ismoil To‘lak ilm olamining yirik vakili, filologiya fanlari doktori, bir qator  iste’dodli shogirdlar ustozi hamdir. Darhaqiqat, uning ijodi g‘ururga munosibdir. U hayot jomidan yanada to‘laroq sipqorishni, tuyg‘ulari yanada jo‘shqin, yanada toshqin va isyonkorroq bo‘lishini istardi. Qalbida chindan-da biz anglab yetmagan sirlar, mavhumotlar ko‘p edi, shoir ularning bir qismini satrlari orasiga, so‘zlar qatiga jo aylab, qolganlarini o‘zi bilan olib ketdi. U she’riyatga hamisha sodiq edi. Og‘ir xastalik kunlarida ham, so‘nggi nafasigacha ijod qilishdan to‘xtamadi.

Shoir va olim Ismoil To‘lakovning samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan.

Shoirning yagona farzandi, iqtisod fanlari nomzodi Umidaxon Maraimova ham otasi izidan borib, olim va pedagog bo’lib yetishdi va hozirda Andijon davlat universitetining Iqtisodiyot kafedrasi mudiri sifatida mehnat qilib kelmoqda.

 Zamondoshlari shoir haqida:

 

“U haqiqatgo‘y va bukmay gapiradinganlar sirasidan edi, yosh iste’dodlarga xayrixoh va g‘amxo‘r edi, yilt  etgan iste’dod uchqunidan uning ko‘zlaridagi, qalbidagi alanga yolqin olardi.”

Qamchibek Kenja.

“U mag‘rur, ma’naviyati yuksak, did va bilimi kuchli inson edi.”

Sohib Qaro. 

“Ismoil To‘lakning o‘zi emas, uning she’riyati katta adabiyotga da’vo qiladi. Bizlar esa bu borada u kishidan ko‘p narsa o‘rganishga burchlimiz”.

Nabi Jaloliddin. 

“U so‘z qadriga yetgan, undan zargarona foydalanishga harakat qilgan hassos shoir”.

Abdulhamid Nurmonov.

“Ismoiljon so‘zni chertib-chertib, jaranglaganini, mag‘izligini ishlatishga alohida e’tibor berardi”.

Usmon Shukur.

“Ismoil To‘lak she’rni shoirona boshlab, olimona yakunlardi. Har bir she’rida bir falsafa bor. Bu uning shoirona sarhadlariga sigmagan olimligidan darak berib turadi”.

Muhabbat Otamirzayeva.

 

Shoir hayotidagi muhim va unutilmas sanalar: 

  1. 1947 yil 15 mayda Andijonning Xrabek qishlog‘ida tavallud topgan.
  2. 1969 yil- Andijon Davlat pedagogika institutini bitirgan.
  3. 1971-1995 yillarda o‘zi tahsil olgan oliy o‘quv yurtida, keyincha Andijon Davlat tillar pedagogika institutida faoliyat ko‘rsatdi.
  4. 1995 yillar davomida Respublika test markazi Andijon viloyat bo‘limini boshqardi.
  5. 1977 yil shoirning birinchi “Seni o‘ylab” she’riy to‘plami chop ettirildi.
  6. 1981 yili “O‘zbek poemalarida poetik traditsiya va qahramon xarakteri” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
  7. 1994 yili “Hozirgi o‘zbek lirikasida davr va lirik qahramon talqini” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi.
  8. Ismoil To‘lak samarali mehnatlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
  9. 2003 yil- 24 dekabrida vafot etgan.

 ************************

  1. To‘lakov I. To‘rg‘ay. She’rlar. T.: Yosh gvardiya. -1983. -46 b.
  2. To‘lakov I. Yashil sabo. She’rlar.T.: G‘afur Gulom. -1989. -168 b.
  3. To‘lakov I. Cho‘lpon mahorati. Andijon nashriyoti. -1997. -80 b.
  4. To‘lakov I. Sog‘inch dovoni. She’rlar. Andijon nashriyoti. -1997. -147 b.
  5. To‘lakov I. XX asr o‘zbek adabiyoti. - Andijon. -1993. -30 b.
  6. To‘lakov I. Kengliklar. She’rlar va dostonlar.T.: Adabiyot va san’at nashriyoti. -1984. -76 b.
  7. To‘lakov I. Muhabbat shevasi. She’rlar. T.: Yozuvchi. -1995. -192 b.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!