0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

RASSOM USTAXONASIGA SAYOHAT

22 Fevral 2020 yil, Shanba
Ko'rilgan: 999

Muallifi: Axborot xizmati

San’at insonni ma’naviy qiyofasini shakllantiradigan, unga hayotiy kuch bera oladigan buyuk ne’mat. Dunyoni go‘zallik qutqaradi, go‘zallik esa ijod, san’at mahsuli. Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbusning asosiy yo‘nalishidan biri yoshlar o‘rtasida aynan san’atni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugungi kunda yoshlarni san’at turlariga qiziqishini oshirish, ular orasidan iqtidorlilarini saralash, iste’dodlarni yuzaga chiqarish muhim vazifamizga aylandi. Andijon davlat universitetining san’at yo‘nalishlarida tahsil oluvchi talaba yoshlarni mahoratini oshirish maqsadida mashxur rassom va amaliy san’at ustalari bilan ularning ustaxonalarida uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil qilinishi ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi bo‘lmoqda.

Xususan, bugun universitetning Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi hamda Rangtasvir yo‘nalishlari talabalari Shuxrat medali sohibi Abdullajon Jo‘raboev ustaxonasiga tashrif buyurdilar. Talabalar ustaning ijodiy ishlari bilan tanishib, undan tasviriy san’atning eng nozik jihatlari bo‘yicha maslahatlar oldilar. Uchrashuvda rassom o‘zining san’at asarlarini, gilamga rasm bosish kabi noyob san’at yo‘nalishidagi ishlarini tushuntirib berdi.

Abdullajon Jo‘raboev Andijon rassomlar uyushmasi a’zosi, amaliy san’at va miniatyurachi rassom, Shuhrat medali sohibi. U 1946 yil 1 iyulda Andijon shahrining ziyoli oilalaridan birida tavallud topgan. 1970 yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutini a’lo baholarga tamomlagan.

Rassom tasviriy san’atning turli usullarida ijod qilib, umri davomida o‘zi uchun yangi yo‘nalishlarni kashf etib bordi. Abdullajon Jo‘raboev O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib gobilen – gilamlarga rasm solish sohasida faoliyat olib bordi va rivojlantirdi. Ulug‘ yoshiga qaramay Abdullajon Jo‘raboev ijodiy izlanishlar qizg‘inligiga to‘la, u o‘zining avvalgi badiiy usullarini rivojlantirib, yangi texnologiyalar bilan ishlay boshladi. Landshaft dizayni yo‘nalishida ham o‘z imkoniyatini sinab, bu yo‘nalishda ham o‘z imzosini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yo‘nalishda milliylikni aks ettiruvchi detallarni qo‘sha oldi.

Iste’dodli rassom chizgan asarlari Toshkent xalq amaliy san’at muzeyida, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida, Andijondagi Bobur nomidagi muzeyda, bir qancha chet mamlakatlarida, jumladan, Yaponiya tasviriy san’at galereya muzeyida, Bolgariya va AQShning bir qator muzeylarida saqlanadi.

Abdullajon Jo‘raboev 1980 yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan VDNX (Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi)da tashkil etilgan rassomlar ko‘rgazmasida bronza medalini qo‘lga kiritgan. 1993 yilda Xalqaro Bobur mukofotini qo‘lga kiritgan. 2003 yilda esa uning tasviriy san’atni rivojlantirish yo‘lida ko‘rsatgan xizmatlari uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Tarixiy janrlarga murojaat qilgan san’atkor ishlarini tomosha qilar ekansiz, bevosita o‘sha davr ruhini his qilasiz, o‘sha davrga tushib qolganday bo‘lasiz. Ranglar uyg‘unligi, shakllarning betakrorligi sizni o‘ziga rom etadi. Rassomda uning buyuk avlodlari singari yuksaklikka, qandaydir o‘ziga xos ilohiylikka, uyg‘unlikka intilishi, dramatik tuyg‘ularni his etishga loqayd emasligini sezish mumkin. Axir haqiqiy rassom sifatida u zamonaviy dunyo muammolariga befarq emas va o‘z yangi loyihalari orqali insoniyatning shafqatsizligi va loqaydligi, dunyoda sodir bo‘layotgn urushlar va nohaqliklarga o‘z javobini berishga intiladi.

Uning ayniqsa, gobilen san’atiga oid asarlari juda rang-barang, o‘ziga xos. Bu usul mamlakatimizda kamyob usullardan hisoblanib, o‘zining sermashaqqatliligi va o‘z navbatida san’at shaydolariga o‘ziga xos zavq berishi bilan ajralib turadi. Rassom ustaxonasidagi shu kabi san’at asarlarini ko‘rarkansan, beixtiyor ularni inson qo‘li bilan tayyorlanganiga ishonging kelmaydi. Gilamlarda ranglarning turfa xil jilolanishi, undagi syujetning ma’nodorligi, falsafiy fikrlarni ifodalashi bilan o‘ziga tortadi.

“Men o‘zimni judayam baxtli deb bilaman, zero men boshqalar his qila olmaydigan tuyg‘ularni his eta olaman. Bu nafaqat umuminsoniy muammolar, bu yana dunyomizdagi barcha go‘zalliklar: muhabbat, yahshilik, rahmdillik. Men – rassomman va men ko‘p hodisa hamda jarayonlarni chuqur va o‘tkir his etaman. Men bularning barchasini o‘zimdan o‘tkazaman va bu menga ijod qilish uchun turtki beradi, – deydi Abdullajon Jo‘raboev.

Uchrashuvning ikkinchi qismi Andijon davlat universitetida davom etdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan aloxida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga ijodiy imtihonlar orqali talabalarni qabul qilinishining joriy etilishi sohaning taraqqiyoti uchun katta qadam bo‘ldi deyishimiz mumkin. Andijon davlat universitetida Tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga qo‘shimcha ravishda 2019/2020 o‘quv yilida yangi Rangtasvir: dastgohli hamda Amaliy san’at yo‘nalishlari ochilgan bo‘lib, hozirda 40 dan ortiq talabalar ushbu yo‘nalishlarda tahsil olmoqdalar. Bu yo‘nalishdagi talabalarga darslarni sifatli tashkil etish maqsadida taniqli rassom va amaliy san’at ustalari taklif etildi. Abdullajon Jo‘raboev ham universitet talabalariga o‘zining mahorat darslarini tashkil etib kelmoqda. Rassom bugun talabalarga gobilen - gilamga rasm solishning eng nozik jihatlarini, o‘rganuvchilar uchun dastlabki ko‘nikmalarni berdi. U talabalarni rasmlardagi turli falsafiy mushohadalarga, rassomning olamdagi tutgan o‘rni haqidagi fikrlarga, sir va mazmunlarni anglashga o‘rganishi lozim ekanini tushuntirdi. Yana bir ahamiyatli tomoni yosh o‘qituvchilar va talabalar ustozlaridan olgan bilim va ko‘nikmalarini maktab yoshidagi mahalliy yoshlarga bepul o‘rgatmoqdalar ya’ni ustozdan olib o‘z shogirdlariga bermoqdalar. MFY raisining bildirishicha universitetning ushbu yo‘nalishlari MFY hududida joylashgan binoga kelganidan buyon mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish imkoniyati oshgan. Mahalla yoshlari maktabdan keyin universitetda tashkil etilgan bepul to‘garaklarga kelib o‘qituvchilar va iqtidorli talabalardan musiqa va tasviriy san’at sirlarini o‘rganmoqdalar.

Bu ayni prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning amaliy ifodasidir.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2004-2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!
XORIJIY ABITURIYENTLAR DIQQATIGA!!!