0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

TALABA TADQIQOTI: TARIXIY OBIDALARNNIG INSON MA’NAVIYATIGA TA’SIRI

10 Yanvar 2020 yil, Juma
Ko'rilgan: 152

Muallifi: Qoxxorjonov Omadjon
ADU tarix fakulteti 2-bosqich talabasi

Har bir davlatda xalqining o’tmishi va ulug’vor tarixini eslatib turuvchi tarixiy obidalar va yodgorliklar mavjud. Ushbu yodgorliklar orqali inson ma’naviy ozuqa oladi, o’z davlatining tarixidan faxrlanadi va g’urur tuyg’usini his etadi. Dunyoda inson qo’li bilan yaratilgan va necha ming yillardan beri saqlanib, o’z jozibasini yo’qotmay kelayotgan tarixiy obidalar ko’plab uchraydi. Ammo har birining alohida o’rni, nufuzi va ahamiyati bor. Tarixdan bizga ma’lumki inson zoti san’atni qadrlagan va go’zallikka intilib kelgan. Mana shu hislatlari orqali mohir qo’llari bilan aqlga sig’dirib bo’lmas darajadagi yangiliklarni yaratdi. Ular qatoridan fan yutuqlari, san’at sohasidagi ishlar va albatta me’morchilik joy oladi.

Inson bugungi kun bilangina yashab moziyga nazar solmas ekan o’tmishi va an’analarini unutib qo’yadi. O’z tarixini bilmagan xalqning esa kelajagi yo’qdir. Qadimgi Misr tarixiga nazar tashlasak, ular o’z rivojlanishi davomida asriy an’ana va qadriyatlariga sodiq qolib, chetdan kirgan yangiliklarni o’z an’analariga moslab keraklilarinigina qabul qilganlar. Qurilish, fan, tabobat sohalarida ham qadriyatlariga sodiq qolganlar.

Vatanimiz hududida ham o’tmishdan sado beruvchi ko’plab tarixiy me’moriy obidalar bizgacha yetib kelgan. Ular mahobati, o’ziga xos me’moriy uslubi va did bilan ishlangan naqshlari orqali nafaqat ichki sayyohlarni, balki xorijiy san’atsevarlarni ham jalb etmoqda. Ushbu obidalarni ziyorat qilish yosh avlod qalbida ham g’urur, ham iftixor tuyg’usini uyg’otadi. Vatanining o’tmishidan faxrlangan inson esa o’z oldiga ajdodlarga munosib avlod bo’lishni maqsad qilib oladi. Qadimda yaratilgan har bir tarixiy obida bizni kechagi kun bilan chambarchas holda bog’lab turadi va ana shu davr nafasini his etishimizga ko’maklashadi. Inson ma’naviyatiga ta’sir qiluvchi kuchlar qatorida tarixiy obidalar o’rni alohida ta’kidlanayotgani bejiz emas. Bunday binolar inson qo’l mehnati, nozik didi va betakror g’oyalari mahsulidir. Inson omili esa bugungi kungacha jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholab kelinadi. Tarixda bunday loyihalarni qudratli davlatlargina mablag’ bilan taminlay olgan xolos.  Sohibqiron Amir Temur aytganlaridek: “Kuch-qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan binolarga boq”. Bu jumlaning o’zi ham ulug’ davlatchilik tariximizni bizga eslatib turadi. Tarixiy obidalarga tashrif buyurgan inson xuddi o’tmishga, sehrli diyorga tushib qolgandek his qiladi o’zini va ana shu davr hayot tarzi ko’z oldida gavdalanadi. Tarixiy obidalar barpo etilishida ishlatilgan zarra qumdan tortib, mislsiz darajada betakror naqshlar va zarhal bezaklargacha bo’lgan barcha unsurlar go’yo tilga kirib ana shu davr haqida tashrif buyuruvchiga so’zlab bergandek tuyuladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq tarixiy obidalarga bo’lgan e’tiborning yuqori darajada bo’lishi ham ularning kelajak avlod uchun nechog’lik ahamiyatli ekanligidan nishonadir. Yoshlarni ushbu obidalarning har bir qismini mukammal o’rganishi va qalban his etishiga imkon yaratish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning talabalarning o’qish yili davomida amaliyot soatlarini oshirishga doir qarorlari ijtimoiy-gumanitar fanlar bo’yicha tahsil olayotgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar darvozasini ochib berdi. Bunday obidalarni ko’rish orqali har kim ma’naviy ozuqa oladi, shu bilan birga ruhan tetiklashadi.

Birgina Samarqand misolida olib qarasak, u yerni “Sayqali ro’yi zamin” deb atalishi bejiz emas. Bu hududda Sherdor, Tillakori, Ulug’bek, Bibixonim madrasalari va ko’plab boshqa tarixiy binolar joylashgan. Ularning har biri takrorlanmas go’zallikka ega. Shu xususiyatlar orqali Registon maydoni butun dunyo xalqlarini o’ziga jalb etib kelmoqda. Ushbu maydonda joylashgan Tillakori madrasasi tarixiga nazar tashlasak, madrasa 1646-1660-yillar davomida qurib bitkazilgan bo’lib, qurilish ishlariga Samarqand hokimi Bahodir Yalangto’sh homiylik qilgan. Madrasa karvonsaroy asosi ustiga qurilgan. Dastlab “Yalangto’shbiy kichik madrasasi” deb nomlangan. Madrasa qurilishida yana boshqa bir maskan qurishga yetadigan miqdordagi mablag’ ishlatilgani uchun “ Tillakori” deb yuritila boshlangan. Madrasa aql bovar qilmas darajada serhashamligi bilan boshqalaridan ajrab turadi. Har bir peshtoq chuqur ravoqli qilib ishlangan va o’z navbatida bu katta mehnat va mahorat talab etgan. Qurilishda eng mohir pardozchilar, me’morlar ishtirok etgan. Yana bir ajib tomoni xonaqoh to’riga marmardan jimjimadar mehrob va zinapoyali minbar ishlangan. Bino ravoqida marmarga pardoz ishlari 1659-1660-yillar tugatilgani o’yib yozilgan. Birgina pardoz ishi bunday uzoq vaqat talab qilganligi ham madrasa yuqori did bilan bezatilganining isbotidir. Tashrif buyuruvchini birinchi navbatda zarhal va ko’zni qamashtiruvchi bezakli naqshlar o’ziga rom etadi. Koshinlarning rangi esa takrorlanmas darajada go’zaldir, tadqiqotlar davomida ham bunga o’xshash rang yarata olinmadi. Baland gumbazlaridagi koshinlari feruza rangda bo’lib, o’ziga xos ulug’vorlik kasb etgan. Har bir bezak takrorlanmasligi va uyg’unligi bilan inson ko’zini qamashtiradi. Bezak mavzularining boyligi, naqshlarning haddan tashqari xilma-xilligi va bo’rtma yozuvlarning jozibasi boshqa hech bir binoda takrorlanmaydi. Mehrobdagi o’yma kosachalar zarhallanib Qur’oni Karim oyatlaridan olingan yozuvlar orqali bo’rtma shaklda to’ldirilgan. Madrasaning eshiklaridan tortib ravoqlarigacha alohida did va e’tibor bilan bezatilgan. Har bir eshik murakkab naqsh va xattotlik uslubidagi yozuvlar bilan pardozlangan. Hali obida ichiga kirmasdanoq inson ko’zi zarhal bezaklardan qamasha boshlaydi. Hovli sahni 50x50 metr bo’lib, hammayoq noyob marmarlar bilan qoplangan. Hujralar tobadoniga panjaralar ishlangan. Har bir hujra yoz kunlari salqin, qishda esa iliq bo’lgan. Madrasani ko’rgan insonning me’mor mahoratiga tan bermasdan iloji yo’q.                                                  

Yurtimizdagi  ertaknamo shahar hisoblanmish Ko’hna Xivada ham ko’plab o’tmish ulug’vorligidan sado beruvchi obidalar mavjud. Ulardan  biri Kalta Minordir. Minora yurtimizdagi barcha binolardan sir-sinoati, jozibasi, asl holda saqlanganligi va hashamdorligi bilan ajralib turadi. Minora 1853-yildan bunyod etila boshlagan va oxiriga yetkazilmagan. Shunday bo’lsa ham hanuz tarixnavislarni jalb etmoqda. Tashrif buyuruvchini lol qoldiruvchi jihatlardan biri poydevorning 15 metr chuqurlikda joylashganligidir. Minora balandligi 29 metr. Agarda oxirigacha qurilganda 100 metrni tashkil etgan bo’lardi. Minoraga quyosh nurlari to’liq tushadi. Shunga qaramasdan birorta bezakning tovlanish xususiyati yo’qolmagan. Quyosh tik chiqqan payt naqshlar nuri ko’zni qamashtiradi. Bino mustahkam bo’lishi uchun pastdan yuqoriga qarab torayib borgan. Har bir qarich joy takrorlanmas, nafis geometrik naqshlar bilan bezatilgan. Nomlanishi esa uning konussimon ko’rinishiga qarab belgilangan. Inson ko’ziga juda ham bahaybat va salobatli bo’lib ko’rinadi. Minoraga yog’och zinalar orqali 2-qavatdan kiriladi. Bezash jarayonida ishlatilgan ranglar tarkibi hanuz sirligicha qolmoqda. Zukko pardozchilarning hech bir ishi qayta takrorlanmagan. Hududda shunday muhit yaratilganki, u yerga kirgach, barcha narsani unutib o’tmish zarvaraqlari uzra hayol sura boshlaysiz.

Insonni lol qoldiruvchi jihatlardan yana biri, ayrim binolarda butun boshli bir xona devor ichiga o’yib ishlangan tokchlarga qo’yilgan sham orqali isitilgan. Hatto Xorazmdagi Juma masjidda imomning so’zlari devor teshiklari orqali butun  hududga tiniq holda yetib borgan. Hududlarda yerdan zax ko’tarilmasligi uchun inshoot hovlisiga tut daraxti ekilgan. Bularning bari o’sha davr me’morlarining zakovati, uzoqni ko’ra olishi va o’z kasbining fidoiysi ekanligini isbotlaydi. Turli vositalarning sinoati hanuz topilmagani esa har bir bino qurilishidagi ishlar qayta takrorlanmaganligi va kasb siridan dalolat.

Har bir hududda o’zgacha me’morchilik uslubi bor. Vodiy ham bundan mustasno emas. Har bir tarixiy obida singari Qo’qon shahrining ramzi hisoblangan Xudoyorxon o’rdasi ham maxsus jihatlari bilan boshqalaridan keskin farq qiladi. Inshoot XIX asr 2-yarmida Xudoyorxon farmoniga asosan me’mor Mir Ubaydulla rahbarligida bunyod etilgan. Koshinlarni rishtonlik mohir usta Abdulla mahorat bilan ishlagan. Bino tepalikda baland g’ishtin poydevor bilan qurilgan. O’ziga xos tomonlaridan biri u yerda 100 ga yqain katta-kichik xonalari borligidadir.

Markazda xon qarorgohi, salommxona joylashgan. Ikkinchi hovlida haram bo’lib, har birida nozik did bilan bezatilgan o’tish ayvonlari bo’lgan. Quyma ganchdan ko’p foydalanilgan. O’rda devorlari pishiq g’ishtdan ko’tarilgan bo’lib, ko’plab ravoqlar qoldirilgan. Obida ustalik bilan handasiy naqshlar va parchinlar bilan pardozlangan. Har bir xona o’yma ganchkori qilinib, shiftlarga nafis va rangdor gullar ishlangan. Devorlar noyob va takrorlanmas naqshlar bilan ziynatlangan. Ayvonlar sahniga qimmatbaho marmarlar mohirlik bilan yotqizilgan. Tashrif buyurgan inson dabdaba va shohonalik og’ushida o’zini bir lahza xon deb his etadi.

Vatanimiz hududida bularga o’xshash yuzlab obidalar mavjud. Agarda yoshlarni bu qadamjolarga olib borilsa, ular naqadar buyuk yurt farzandlari va dono insonlarning avlodlari ekanligini yana bir bor anglab yetadi. Bunday obidalar nafaqat o’sha davr uchun, balki hozirgi davr uchun xizmat ko’rsatib kelmoqda. Ularning bugungi kundagi o’rni yurtimizga sayyohlarni jalb etayotgani va butun dunyoga O’zbekiston nomini tanitayotgani bilan baholanadi.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, qachonki inson o’zligini, azaliy qadriyat va an’analarini unutar yoki ularga ularga biroz bo’lsa ham befarqlik bilan qarar ekan ma’naviy tahdidlarga duch keladi va unga yengiladi. Shu sababdan ham yurtimizda bu kabi tarixiy obidalar doimo yosh avlodga biz kim ekanligimiz, kimning avlodlariligimiz va albatta kelajakda nimalarga erisha olishimiz mumkinligini eslatib turuvchi qo’ng’iroq singari bong urib turaveradi. Obidalar qurilishida tarbiyaviy jihatlar ham alohida e’tiborga olingan bo’lib, bunga yorqin misol tariqasida obidalardagi har bir hujraning eshiklari inson bo’yidan past qilib yasalganligi, bu esa xonaga kirayotganda u yerda o’tirgan shaxsga nisbatan egilib xurmat bajo qilishga inson beixtiyor majbur bo’lganini anglatganligidir. Bu ham sharq ma’naviy tarbiyasining o’ziga xos tomonlaridan biridir. Obidalarni  o’z ko’zi bilan ko’rgan inson esa ko’plab bunday ajoyib va tarbiyaviy holatlarga duch keladi. Shu bois mana shunday ishlarni izchil amalga oshirish uchun yoshlarni tarixiy obidalar bilan yaqin tanishtirishimiz va ularni asrab-avaylashga o’rgatishimiz lozim. Ular bunday obidalar tarixini ming marta o’qib o’rgangandan ko’ra, bir marta borib ko’rganlari mqasadga muvofiqdir. Yoshlarni o’z yo’llaridan odimlab borishida bu kabi inson ruhiyatiga ma’naviy ozuqa beruvchi obidalarning o’rni beqiyosdir va buni hech narsa bilan baholab bo’lmaydi. Biz ularni asrashimiz, dovrug’ini yetti iqlimga yoyishda ko’maklashishimiz va kelajak avlodlarga asl holda yetkazishimiz zarur. Zero, bu yurtning har bir farzandi ushbu obidalar orqali o’tmish ulug’vorligidan ozuqa olishga haqlidir.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:   

Islom Karimov. “Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch”. T .: “Ma’naviyat”, 2008;

Axmedov B. “Sohibqiron Temur. Toshkent. 1996;

Boynanzarov Fayzulla. “Antik dunyo”. “Mehnat” 1989;

Bahodir Eshov. “O’rta Osiyoning qadimgi shaharlari tarixi”- T.: “Ma’rifat”, 2009.

Foydalanilgan saytlar:

www.meros.uz,

www.centrasia.com

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!