0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI REKTORINING YANGI YIL TABRIGI

31 Dekabr 2019 yil, Seshanba
Ko'rilgan: 172

Muallifi: Akramjon Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori

Aziz yurtdoshlar, hamkasblar, qadrli talabalar! Barchangizni kirib kelayotgan 2020-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yangi 2020-yil ostonasida barchangizni umrimizning yana bir zafarlarga boy yilini sizlar bilan birga qarshi olish men uchun juda yoqimlidir.

Bu bayram dunyo xalqlari qatori yurtimizda ham katta shodu xurramlik, eski yilga minnatdorlik va yangi yildan ulkan orzu-umidlar bilan kutib olinuvchi, keksa-yu yoshga birdek qadrli bo‘lgan bayramdir. Yangi yilni orzu umidlar bilan qarshi olish barobarida ortga nazar solib, amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilish, kelayotgan yangi yilga yangi rejalar tuzish barchamizga xos hislat.

Zero so’nggi 365 kun davomida qilishimiz lozim bo’lgan ishlarni qay darajada bajara oldik, nimalarga ulgurmadik? Bularni barchasini tahlil qilib, yo’l qo’ygan kamchiliklardan to’g’ri xulosa qilish, shuning barobarida kelajak uchun yangi rejalar sari shahdam qadam tashlash lozim bo’ladi.

Shu ma’noda 2019 yil universitetimiz uchun katta yutuqlar yili bo’ldi desam adashmayman. Professor-o‘qituvchilar va talabalarimiz yil davomida turli sohalarda salmoqli yutuqlarni qo‘la kiritib, oliygohimiz maqomini yuksakka ko‘tarishga hissa qo‘shdilar. Jumladan, “O‘zbekiston tarixi” kafedrasining professori, t.f.d.  R.Shamsutdinov hamda Rus tili va adabiyoti kafedrasi katta o’qituvchisi Babenko Yelena Vladimirovna Prezidentimizning farmoniga asosan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Jismoniy madaniyat fakulteti o’qituvchisi Shuhratbek Isaqov Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining “Tinchlik elchisi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi. 22 dekabr kuni o’tkazilgan saylovlarda Rus tili va adabiyoti kafedrasi katta o’qituvchisi Babenko Yelena Vladimirovna Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, universitet yoshlar ittifoqi yetakchisi Elyorbek Xolmirzayev hamda jahon tarixi kafedrasi dotsenti Smesova Yekaterina Aleksandrovnalar Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashiga deputat etib saylanishlari professor-o’qituvchilarimizning siyosiy jarayonlardagi naqadar faol ekanini ko’rsatib turibdi.

2019-yilda talabalarimizdan 5 nafari nomdor Davlat stipendiyalari sohibi bo'ldi. Xususan, Islom Karimov Davlat stipendiyasiga Odiljonova Kamola Abduvosit qizi, Navoiy Davlat stipendiyasiga Raxmatullaeva Shaxnozaxon Xabibullo qizi Muxammadjonov Ne’matillo Dilshodbek o‘g‘li, Yuldasheva Shaxzoda Xasanboevna, Ulug‘bek Davlat stipendiyasiga Ergashev Biloliddin Mirsharibjon o‘g‘li sazovor bo’ldi. Shuningdek talabalarimizdan tashkil etilgan “Andijon yoshlari” jamoasi “Tafakkur sinovlari” Respublika ko’rik tanlovida g’alaba qozondilar. Shuningdek, xalqaro miqyosidagi sport musobaqlarida 16 ta, respublikamizda o‘tkazilgan musobaqalarda 52 ta oltin, kumush va bronza medallari qo‘lga kiritildi.

O’quv-uslubiy sohada ham yutuqlar katta bo’ldi. talabalar soni 8254 nafardan 13685 nafarga, magistrantlar soni 132 nafardan 324 nafarga oshirildi. Professor-o‘qituvchilar va yoshlarni xorijda malaka oshirish, stajirovka o’tashi va doktoranturaga yuborish darajasi ham ortib, 8 nafar yosh o’qituvchimiz malaka oshirishga, 3 nafari stajirovkaga, 1 nafari magistraturaga, 2 nafari doktoranturaga yuborildi. Mordoviya davlat universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida 1 ta ta’lim yo‘nalishi va 1 ta magistratura mutaxssisligi bo‘yicha, Polotsk davlat universiteti bilan xamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturi asosida 1 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. “San’atshunoslik” va “Maktabgacha ta’lim” fakultetlari tashkil etilib, yangi 8 ta bakalavriat ta’lim yo’nalishi hamda 2 ta magistratura mutaxassisliklariga qabul amalga oshirildi.

Yakunlanayotgan 2019-yilda ilmiy loyihalarning umumiy soni 10 taga yetib, umumiy miqdori 603.3 mln. so‘m bo‘lgan 4 ta fundamental, 229,3 mln. so‘m bo‘lgan 3 ta amaliy loyiha, umumiy mablag‘i 27,4 mln. so‘m bo‘lgan xo‘jalik shartnomasi bajarilmoqda. O’qituvchilar tomonidan nashr etilgan ishlar soni 558 ta bo‘lib, ulardan 331 tasi ilmiy jurnallarda, shundan 105 tasi xalqaro jurnallarda, 227 ta anjuman to‘plamlarida, shu jamladan, 84 ta xalqaro injumanlarda chop etildi. Shuningdek, 10 ta monografiya nashr etilib, o’qituvchi va talabalar tomonidan 21 ta patent olindi. Doktoranturaga qabul kvotalari ham sezilarli ravishda oshirildi. Joriy 2019-yilda 32 nafar izlanuvchi, jumladan, 2 nafar fan doktori (DSc) va 30 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilindi.

2019-yilda universitetning 6 ta talabalar turar joylarida hamda 1 ta o‘quv binolarida jami 2 mlrd 291 mln 841 ming so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari bajarilib, shundan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligini “Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi” xisobidan 550 mln so‘m ajratilib, qolgan mablag‘lar universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari xisobidan amalga oshirildi. Yuqoridagi binolarni jixozlash ishlariga 1326 mln 246 ming so‘m mablag‘lar sarflanib, zaruriy jixozlar olib kelindi. O‘quv-laboratoriya xonalarini moddiy texnik bazasini mustaxkamlash  ishlariga 268 mln 515 ming so‘mlik mablag‘lar sarflandi.

Yakuniga yetayotgan 2019-yilda erishilgan barcha yutuqlar 15 mingdan ortiq ushbu katta va ahil jamoaning meehnatlari samarasi deb hisoblayman.

O‘ylaymanki, kirib kelayotgan 2020 yil bundan-da sermahsul bo’ladi, barcha sohalarda yangi marralarni zabt etishga imkon beradi. Kelgusi yilda ham bo‘lg‘usi mutaxassislar – bugungi talabalarni jamiyatimizga foydali, o’z sohasida yuksak bilim, ko’nikma va malakaga ega kadrlar etib tayyorlashdek sharafli va o’z navbatida mashaqqatli ishimiz bizga katta mas’uliyat yuklashini vijdonan his etmog‘imiz lozim.

Hurmatli professor-o‘qituvchilar va aziz talabalar! Men uchun qadrli bo’lgan aziz jamoa! Mana, yana bir yilni tarix zarvaraqlariga muhrlab, yana bir yangi yilga katta orzu-umidlar, yuksak maqsadlar bilan peshvoz chiqmoqdamiz. Shunday faraxbaxsh damlarda barchangizga Yangi yil omadlar, yuksak zafarlar yili bo‘lib kelishini, vatanimiz tinch bo’lishini, xalqimizga ko‘pdan ko‘p yaxshiliklar olib kelishini chin ko’ngildan tilab qolaman. Ulkan jamoamizning har bir a’zosi, ular orqali oilalariga omad, quvonch, zafarlar hamroh bo‘lsin. Yuzimiz yorug‘, hayotimizdan mamnun yashash har birimizga nasib etsin. Yil davomida yuqori kayfiyat, omad va quvonch doimiy hamrohimiz bo‘lsin!

 

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2020. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!