2019-yilning 18-sentabr kuni Andijon davlat universitetiga Janubiy Koreyaning Tongmyong universiteti vakillari: universitet xalqaro aloqalar bo'limi boshlig’i janob Kweon Joong-Rak hamda universitet qoshidagi Koreys tillar instituti Xalqaro munosabatlar bo'limi guruh rahbari janob Eun Hee Park Andijon davlat universiteti bilan avval o’rnatilgan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko’tarish maqsadida tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni ADU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Baxtiyor Rasulov hamda xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i Farhod Alimovlar kutib oldilar. Dastlab Tongmyong universiteti vakillari Andijon davlat universitetida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud fakultetlar va ta’lim yo’nalishlari bilan tanishtirdilar.
Shundan so’ng, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Janob Kweon Joon Rak Tongmyong universiteti, Janubiy Koreya oliy ta’lim tizimiga bag’ishlangan taqdimot o‘tkazdi. Muhokamalarda ikki oliy ta’lim muassasasi hamkorligida Informatika va axborot texnologiyalari hamda Arxitektura va dizayn yo’nalishlari bo’yicha “double degree” (2+2) asosida qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etish masalasi ko’rib chiqildi. Universitetimiz ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Baxtiyor Rasulov ushbu sohalarda kadrlar tayyorlashda katta tajribaga ega bo’lgan Tongmyong universiteti bilan hamkorlik qilish Andijon davlat universiteti uchun manfaatli ekanini bildirib o’tdi. Ushbu qo’shma dasturni amalga oshirish uchun hamkorlikda noyabr oyiga qadar “yo’l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi.
Shuningdek, uchrashuvda talabalar va professor-o’qituvchilarning akademik almashinuvini yo’lga qo’yish, bu borada qisqa muddatli uch oylik va olti oylik muddatlarda akademik almashinuvni tashkil etish ikki tomon uchun manfaatli ekani bildirildi.
Shuningdek, o’qituvchilarni Janubiy Koreyaga stajirovka, malaka oshirish va doktoranturaga yuborish, Tongmyong universitetining yangi avlod o’quv dasturlarini milliy o’quv dasturlarimizga moslashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda ikki tomon vakillari yangilangan hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, Tongmyong universiteti Janubiy Koreyaning axborot texnologiyalari sohasida yetakchi oliy ta’lim muassasalari biri bo’lib, 1977 yilda Kang Seok-jin tomonidan Tongmyong madaniyat va ta’lim instituti sifatida tashkil etilgan. Hozirda universitet tarkibida 5 ta kollej, 1 ta institut, 2 ta maktab mavjud. Universitet axborot texnologiyalari, muhandislik, arxitektura va dizayn sohalarida zamonaviy bilimlarga ega, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda katta tajribaga ega.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI