Andijon Davlat
Universiteti
AKRAMJON YULDASHEV: YAXSHI O‘QIGAN, FAOL TALABALAR MODDIY TOMONDAN YUTQAZMAYDI
2019-09-14    7404

So‘nggi kunlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan shartnoma asosida tahsil olish uchun yangi qiymatlarning belgilanishi, stipendiya tayinlashning yangi tizimi joriy etilishi ijtimoiy tarmoqlarda, turli OAVlarda katta rezonans keltirib chiqarmoqda. Andijon davlat universitetida o‘z faoliyatini boshlagan Andijon davlat universiteti press klubining bugun, 14-sentabrda bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasi ayni shu masalaga bag‘ishlandi.

Ushbu sessiya ishida Andijon davlat universiteti rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etib, yangi o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatlarining belgilanishi bo‘yicha universitet talabalari va jamoatchilikka muhim tahliliy ma’lumotlar va tushuntirishlar, ularda tug‘ilgan savollarga javoblar berdilar.

Xususan, universitet rektori Akramjon Yuldashev talabalar orasida stipendiya masalasida yuzaga kelgan tushunmovchiliklarga to‘xtalib, quyidagi fikrlarni bildirdi: “Bugungi kunda talabalar va jamoatchilik orasida talabalar tili bilan aytgan “uchlik“, “to‘rtlik“, “beshlik“ stipendiya o‘rniga hammaga bir xil 400 ming so‘mlik stipendiya tayinlanadi, bu o‘qishga rag‘batni susaytiradi“ degan noto‘g‘ri fikr shakllanib qoldi.

Birinchidan, yaxshi o‘qigan, ilmiy va jamoat ishlarida faol bo‘lgan talabalar moddiy jihatdan yutqazmaydi, ular albatta bazaviy kontrakt to‘lovining 50 foizi miqdorida rag‘batlantiriladilar. Bundan tashqari 15 foizlik qo‘shimcha mablag‘ni ham oladilar. Bundan kelib chiqadiki, biz hozirgi belgilangan 400 ming so‘mlik stipendiyani minimal stipendiya miqdoriga to‘g‘ri keladi deyishimiz mumkin. Qarorning bu qismini ko‘pchilik nazardan chetda qoldirmoqda. Shuningdek, iqtidorli talabalar uchun Prezident va nomdor stipendiyalar, Yoshlar ittifoqi tomonidan beriladigan imtiyozlar ham mavjud.

Ikkinchidan, talabalarning stipendiyasiz va stipendiyali kontrakt asosida tahsil olish imkoniyati yaratildi. Aniq faktlarga murojaat qilsak, hozirgi kunda Andijon davlat universitetidan shu kungacha o‘qish uchun shartnoma olganlarning 85 foizdan ortig‘i stipendiyasiz tahsil olish uchun shartnoma tuzmoqdalar va bu ko‘rsatkich yana ham o‘sishi kutilmoqda.

Uchinchidan, stipendiya ijtimoiy himoyaning bir turi sifatida klassifikatsiyalanadi. “Stipendiya talabalarning to‘liq iste’mol setkasini qoplashi kerak!“ degan noto‘g‘ri stereotip shakllanishi oqibatida “Endi talaba qanday kun kechiradi, 400 ming so‘mga bir oy yashash mumkinmi?“ qabilidagi noo‘rin savollar ko‘paymoqda. Aslida esa stipendiya ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakili sifatida talabaga beriladigan moliyaviy yordam. Ko‘plab bozor iqtisodiyoti qaror topgan mamlakatlarda stipendiya to‘lash tartibi yo‘q yoki juda kam miqdorda to‘lanadi.

Umuman olganda yangi o‘rnatilgan stipendiya to‘lash tartibi, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishning yangi tizimining oldingi tartiblarga qaraganda yana bir qancha afzalliklarga ega.“

Shundan so‘ng talabalar, jamoatchilik vakillari tomonidan 30 dan ortiq savollar berildi. Savollarga universitet rektori, moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor, o‘quv uslubiy boshqarma boshlig‘i, reja-moliya bo‘limi boshlig‘i, marketing bo‘limi boshlig‘i va boshqa mas’ullar javob va tushuntirishlar berdilar.

Sessiya qariyb ikki yarim soat davom etdi va talabalar yangi tizim va tartiblar bo‘yicha to‘g‘ri va aniq tushunchalar hosil qildilar. Jumladan, BTSTI yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Yuldasheva Hilola sessiyadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, - “...to‘g‘risi ushbu press klubdan oldin menda noto‘g‘ri tushuncha hosil bo‘lgan ekan. Bu yangi tizimning oldingisidan afzal jihatlari ko‘p ekan. Ayniqsa, stipendiyasiz kontrakt to‘lash imkoniyati berilgani ota-onamni ham juda xursand qildi. O‘ylashimcha oldingi stipendiya tayinlash tizimi bilimga emas faqat besh yoki to‘rt baho olish, ko‘proq stipendiya olish uchungina motiv bergan xolos,” - deya so‘zini yakunladi.

Tashkil etilgan Press klub sessiyasi xar tomonlama foydali va pragmatik ruhda kechdi va xar bir muhim masala yuzasidan uning sessiyalarini o‘tkazish maqsadga muvofiq ekani o‘z isbotini topdi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.