Andijon Davlat
Universiteti
"SUV PARISI"NING USHALGAN ORZUSI
2018-03-12    9671

E'zozlar, ardoqlar uchun tashakkur,

Asli Siz oftobim, men ziyosiman.

Tonglaringiz kulsin, dorilomon, hur,

Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman!

Zulfiya

 

XX asrning buyuk ayollari safida hech bir e’tirozsiz o‘rin egallovchi O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova haqida qancha gapirsak kam. Uning o‘zbek adabiyoti, nafaqat o‘zbek, balki sharq adabiyoti va falsafasida tutgan o‘rni alohida tahsinga loyiqdir!

Xalq shoiri, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilovaning bosib o‘tgan hayot yo‘li, meros qoldirgan ijodi va ayniqsa sharq qizlariga o‘rnak bo‘ladigan ma’naviy dunyosi, axloqiy qiyofasi xalqimiz va davlatimiz tomonidan yuksak baholanib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 7 mart kungi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarini taqdirlash to‘g‘risida”gi  qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining iqtidorli qizlari a’lo xulqi, noyob iste’dodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Taqdirlanganlar ichida Andijon davlat universiteti, jismoniy madaniyat fakul’teti 1-kurs talabasi Ahmedova Dilraboning borligi universitet jamoasi, talaba yoshlari qalbiga chuqur g‘urur va iftihor tuyg‘usini baxsh etdi.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi 28 nafar sohibalariga sovrindorlik diplomlari va ko‘krak nishonlari topshirildi.

Dilrabo 12 yoshidan boshlab  N.S.Mamarazakova murabbiyligida sportning sinxron suzish turi bilan shug‘ullanib kelmoqda. Respublika va xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, Andijon shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati musobaqasida 1-o‘rinni, Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Suv parisi” xalqaro ko‘rik-tanlovida 1-o‘rin, Malayziya ochiq chempionati musoboqasida 3-o‘rinni, Qozog‘izton Respublikasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 2-o‘rinni, O‘zbekiston ochiq chempionatida 1-o‘rinni  egallagan.

Dilrabo yangilikka intilishi, izlanishi, tashabbuskorligi, tirishqoqligi bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. Sportga qiziqishi bilan bir qatorda, ingliz tilini ham mukammal o‘rganmoqda. San’atni sevadi.

Vatanining shunday ulug‘ mukofotini ko‘ksiga taqqan qizimiz  Dilraboning zimmasida qancha mas’uliyatlar bor.

Va umid qilamizki, bu mas’uliyatni hech qachon unutmagan holda kelajakda mustaqil Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, jahon hamjamiyatidagi obro‘sini yuksaltirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ayamaydi.

Umidaxon AHMEDOVA, Sevara FOZILJONOVA
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.