Andijon Davlat
Universiteti
NEGA MILLIY LIBOS KIYMAYMIZ?
2019-10-25    4825

Dizaynerlarimiz nega xanuzgacha yoshlar talabiga javob bera oladigan, zamonaviylikni milliylik bilan uyg‘unlashtira olgan milliy liboslarni yarata olmayaptilar? Nega milliy libos kiymaysiz? Ko‘pchilikdan ushbu savolni eshitaman. Chindan ham nega milliy liboslarimizni kundalik faoliyatimizda kiya olmaymiz?

Sababi ob-xavoga mutanosib liboslarni tanlash kerakligimi yoki  doimiy kiyish uchun chidamli va qulay bo‘lishi shartligi uchunmi? Odatda  milliy liboslarimizni faqat bayramlarda, to‘y-shodiyonlarda, ko‘rgazmalarda, yangi kelin, yangi kuyov bo‘lganimizda kiyish urf bo‘lgan. Kundalik faoliyatimizda esa milliy liboslarimizni deyarli kiymaymiz.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov bu haqda to‘xtalib, “…yoshlarimiz tor, ixcham, zamonaviy va qulay liboslarni xush ko‘rishadi. Dunyoning taniqli brendlariga ko‘proq qiziqadilar. Nega bizning dizaynerlarimiz milliy liboslarimizni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirgan xolda dunyo brendlari bilan raqobatlasha oladigan milliy liboslarni yarata olishmaydi,” - deya ta’kidladi.

Darhaqiqat, dunyoning mashhur brendlari xar kuni yangi modelni taqdim qiladi. Turli tuman zamonaviy liboslar yoshlar talabiga javob beradi. Aks xolda ushbu brendlarga bo‘lgan talab bunchalik baland bo‘lmasdi.

Xo‘sh bizning milliy liboslarimiz qay darajada zamonga moslasha olyapti?

“Agar biz atlas va adras deb ataluvchi matolarni milliy libos deb olsak, haqiqatdan ular tabiiy ipak matosidan, ekologik toza hisoblanadi ammo chidamli emas, bir ikki marta yuvilgach rangi o‘zgaradi, mato o‘z ko‘rinishini tez o‘zgartiradi. Ipaklar orasi yiriklashib, jipsligi yo‘qoladi. Kundalik faoliyatda bir necha bor kiyishga harakat qilganman. Ammo, yuqorida aytganimdek bu mato har kuni tozalashga berish imkoniga ega emasligi uchun faqat tadbirlarda kiyishga odatlandim” deydi TDAU Andijon filiali katta o‘qituvchisi Gulnora Valixonova.

 Aytish mumkinki, xindistonliklar o‘z milliy liboslarini xamisha kiyib yuradilar. Ammo ularning liboslarida yangicha yondashuvni deyarli sezmaysiz. Shunga qaramay necha asrlardan buyon o‘zgarmagan milliy liboslarini kiyib yurishlariga sabab ularning milliy qadriyatlariga, milliy liboslariga, milliy manfaatlariga bo‘lgan sadoqatidir. Aslida ularning milliy liboslari Xindistondagi iqlim sharoitiga moslashganligi bilan ahamiyatlidir. Balki noqulay bo‘lsada milliy liboslarga sadoqat ko‘rsatishni Xindiston xalqidan o‘rganishimiz kerakdir!

 “Atrofdagilarni munosabatiga qarab kiyinasiz odam. Do‘ppi kiygan paytim o‘zini zamonaviy deb hisoblagan ayrim qizlarning kinoya bilan qaraganlari va gapirganlarini guvohi bo‘ldim. Shu sabab do‘ppi kiyishni juda xohlasam ko‘p kiyib yurolmayman.  Borayotgan joyimga qarab kiyishga odatlanganman. Yana bir sababi popop kamzullarimiz bor xalq tilida surxoncha deyiladi. Bozorda kalta kastyumi 400 ming so‘m, uzunrog‘i 600 ming so‘m ekan. Bu qo‘l mehnati albatta, tayyorlash oson emas. Ammo qimmat. 100 ming so‘mga material olib kastyum tikib olish qulayroq menga. Agar arzon, cho‘ntakbop bo‘lganida albatta kiygan bo‘lar edim. Chunki bu turdagi kostyum va kamzullar hozir urfda,” - deydi Andijon davlat universiteti talabasi Xusniya Jonibekova.

Ma’lumki, yer sha’rida tabiiy jarayonlarning tez-tez o‘zgarib turishi liboslarga extiyoj tug‘dirgan. Miloddan avvalgi V ming yilliklargacha bo‘lgan davrda kiyimlar hayvonlar terisi, daraxt po‘stlog‘i, o‘simliklar tolasidan foydalanilgan.  U davrlarda kiyilgan kiyimlarning asosiy vazifasi kishi tanasini sovuq yoki issiqdan himoya qilish bo‘lgan.
Tarixiy-etnografik adabiyotlarda kiyimlar taraqqiyotining birinchi bosqichi to‘qimachilik (tur va gazlama to‘qish) texnikasining rivoji bilan bog‘liq deb taxmin qilinadi. To‘qima matolarning egiluvchanlik, bukiluvchanlik, o‘raluvchanlik shuningdek, to‘qima tur matolarning cho‘ziluvchanlik va turli shaklga tushish kabi xususiyatlaridan kishilar keng foydalana boshlaganlar. Qadimgi liboslar uchun xom ashyo maxsus yo‘rmaklangan yoki bog‘langan matodan iborat bo‘lgan. Ana shu mato yordamida kishilar o‘z badanini o‘rab olishgan. O‘sha davr odamlari ob-havoga qarab hamda o‘z ijtimoiy ahvolidan kelib chiqqan holda to‘g‘ri turtburchak elips shaklidagi mato liboslar kiyib yurishgan. Shu tarzda mato liboslarning himoya va ijtimoiy vazifasi kengayib, o‘zgarib borgan.

Dastavval kiyimlarning asosiy vazifasi kishi tanasini sovuq yoki issiqdan himoya qilish bo‘lgan bo‘lsa, bugun uning ahamiyati odamlarni ko‘rkam va chiroyli ko‘rinishini ta’minlashdagina ko‘rinmoqda.  Yashirmaylik bugungi davrda ust-bosh, kiyinish uslublariga qarab muomila qiladigan, xarakater-xususiyatlarni baholaydigan, ijtimoiy kelib chiqishimizni taxmin qiladigan bo‘ldik.

Bunga sabab shiddat bilan rivojlanayotgan zamon talablarimi? Yoki odamlarning kiyimga bo‘lgan munosabati o‘zgarib borayotganimi? Balki dunyo dizaynerlarining har soatda 2 tadan yangi uslub o‘ylab topayotgani sababdir?

Xatto shunday ayollarimiz borki, bitta tadbirga kiygan libosini ikkinchi tadbirga kiymaydi. Uslublar, usullar tez o‘zgarmoqda. Bir biri bilan raqobatlashayotgan brendlar kim o‘zarga chiroyli, qulay, modellarni taqdim qilib to‘xtamayaptilar. Bas shunday ekan, yoshlarga ham qulay, ham arzon va urfdagi liboslarni kiyish xar jihatdan maqul kelishi tabiiy hol.

Manbaalarda yozilshicha, ilk o‘rta asrlarga oid devoriy rang tasvirlarda o‘sha davrda yashagan ajdodlarimizning kiyim-boshlari, ularning turli xil shakllari, mahalliy xususiyatlari hamda bu davrga oid mato turlari aks etgan. Ayniqsa, bu borada Afrosiyob, Panjikent, Varaxsha, Bolaliktepa, Xolchayon va boshqa qator yodgorliklardagi devoriy rang tasvirlarni alohida ta’kidlab o‘tmoq joizdir. Jumladan, bolalik tepadagi qazilmalar chog‘ida topilgan suratlarda erkaklar ustida yaktagi borligi aniqlangan. Yozma manbalarda «yaktak» so‘zi XII-XIII asrlardan e’tiboran ma’lumdir. Chunonchi, «Muqaddimatul-adab»da “yaktoyi, yaktayni kiydi” degan so‘zlar uchraydi. Devoriy suratlardan va arxeologik materiallardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, ilk o‘rta asrlarda o‘ziga to‘q toxaristonlik erkaklar ipakdan, kambag‘al aholi esa oq bo‘zdan chakmon kiyganlar. Ushbu ma’lumotlarni bevosita yozma manbalar ham tasdiqlaydi. Jum­ladan, mashhur xitoy sayyohi Syuanszan Toxaristonning kambag‘al aholisi paxtali mato va kam sonli boy-badavlat tabaqa vakillari esa junli matodan kiyim kiyishganini yozadi.

O‘zbekiston xalqlarining hozirgi kiyimida ham ildizi chuqur tarixiy an’anaga borib taqaladigan xususiyatlar mavjudligini kuzatish imkonini beradi. Farg‘ona vodiysining Munchoqtepa yodgorligidan eng qadimgi va ilk o‘rta asrlarga oid qator kiyimlarning namunalari, asosan, erkak ayol va bolalar ust-boshlari topilgan. Qolaversa, o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy asarlarida terinchak «terlik» ma’nosi ta’kidlangan:

O‘zbakiy gulnori tundin kuydum, ammo ulturur,

Leluyiy terlik aning ostidakim, jonon kiyar.

O‘zbek milliy kiyimlarini o‘rganishda XV-XIX aslarda Hirot va Buxoro maktablariga mansub musavvirlar yaratgan miniatyura san’ati asarlari juda qimmatbaho manba hisoblanadi.

Manbaalardan ko‘rinadiki milliy libos deganda faqatgina adras va yoki atlasni, turli do‘ppilarnigina hisoblash xatodir, matosidan qatiy nazar tikilish jihatidan ham o‘zbek milliy libosi deb atalishga haqli libsolar juda ko‘p ekan. Xatto milliy bosh kiyimlarimizdan biri bo‘lgan do‘ppining yuzdan ortiq turlari mavjud ekan.

“Shaxsan modani ortidan quvmayman, ammo ish joyimga yaktak kiyib, chorsi bog‘lab va yoki do‘ppi, to‘n kiyib kelishni ma’qul ko‘rmayman. Agar dizaynerlarimiz o‘zida milliylikni  aks ettira olgan zamonaviy rahbar imidjini yarata olishganda edi. Bajonidil kiygan bo‘lardim. Sababi milliy manfaatlarni o‘z shaxsiy manfaatimdan ustunroq qo‘yaman.” deydi viloyat arxiv ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Zuxriddinov.

Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan libos ustalarining faoliyati qoniqarli darajada emas. Ular milliy liboslarimizni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirib bera olishmayapti. Aynan tikuvchilik va libos yaratish sohasida ham yangi islohotlarga extiyoj borligini yashirmasligimiz kerak. Umid qilamizki, yaqin kunlarda bozorlarimizda bugunning yoshlari, zamon qahramonlariga mos, o‘zida milliylikni aks ettirgan zamonviy liboslarni uchatamiz!

Kamola Abduvalieva
“Milliy tiklanish” partiyasi Andijon viloyat Kengashi matbuot kotibi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.