“Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo, haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media maydonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak”.
Sh.Mirziyoyev
Blogerlar faoliyati faqat kamchiliklarni yoritishdan iboratmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan do‘stim Gulmira Sultonova bloger degani faqat kamchilik qidiradigan odamlarmi?” deb savol berdi. Nega so‘rayotganiga qiziqdim. Birorta yaxshi fikr bildirgan blogerni ko‘rmagani uchun ularning vazifasi shu bo‘lsa kerak deb o‘ylaganini aytdi.
Kollejda tahsil olgan paytim yangi she’r qoralasam darrov “Kelajak ovozi” gazetasi taxririyatiga qarab chopardim. Muxarrir G‘ayratbek Sirojiddinovning oldiga kirish uchun qator qator turgan talabalar orasida navbat kutardim. She’rlarim gazeta sahifalarida chiqsa kollejimizning na’munali talabalar oynasiga osib qo‘yilardi. Tengdoshlarim menga xavas qilishganida, a’lochi qiz deb chaqirishganida faxrlanib ketardim. Onam juda ko‘p kitoblar olib berardi. Kitob o‘qigan sarim yangi she’rlar mashq qilardim, maqolalar yozardim.
Bugun yozgan maqolangizni taxririyatga borib navbat kutib topshirishingiz shart emas. Qo‘lingizda uyali aloqa va doimiy internet. Ijtimoiy tarmoqlar orqali butun dunyoga sanoqli daqiqalarda yetkaza olasiz. Odamlarning fikrini ham shu zahotiyoq bilish imkoniyatiga egasiz.
Ammo talabalik davrlarimda ota-onamning gazeta o‘qib, televizorda axborotni kuzatib o‘tirgan davrlari menga zavqliroq tuyuladi.
To‘g‘ri zamonamiz kundan kunga shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bugungi dunyoni axborotlar dunyosi desak xato bo‘lmaydi. Ma’lumotlar tezligi shu darajada shiddatliki, vaqt qanday o‘tganini sezmay qolasan kishi.
Eslayman dadam eng kamida 5 ta gazetaga obuna bo‘lardilar. Xar xafta gazetalari kelsa avaylab o‘qib olib qo‘yardik. Pochta xodimi mahalladagi deyarli xammaga gazeta ulashardi.
Bugun xech kimning uyiga pochta xodimining tashrifini kuzatmaysiz. Hamma xabarni internetdan o‘qib olaverishadi.
Nahotki televideniya yoki gazetaning ahamiyati qolmagan bo‘lsa?
To‘g‘ri bugungi kunda hayot tarzimiz tamoman o‘zgargan. Ko‘p varoqli jurnallar, gazetalarni ko‘tarib yurgandan telefondan ma’lumot olish balki qulayroqdir. Yoki gazetalarimiz bugungi insonlar talabiga javob bermay qo‘yganmi deydigan bo‘lsak, internetda asoslanmagan va yolg‘on xabarlarni tarqatayotganlar, keraksiz va axloqsiz axborotlar qaynab yotibdi. Shunga qaramay odamlar hamon internet va ijtimoiy tarmoqlarda.
Gazetada maqola chiqarish, ijodiy ishimni chop ettirishim uchun bir nechta taniqli yozuvchilar bilan maslaxatlashar edim. Ular ko‘proq kitob o‘qishimni, buyuk allomalarning ijodini o‘rganishimni tavsiya qilishardi. So‘z salmog‘ini oqlash mas’uliyatli vazifa ekanligini, so‘z ham to‘g‘ri foydalanilmasa isrof ekanligini uqtirishardi.
“Andijnoma” gazetasi qoshida tuzilgan “Jurnalistlar to‘garagi”ga qatnab ustozlardan bilmaganlarimni o‘rganardim. Men kabi yoshlar ko‘pchilikni tashkil qilardi. Bitta ma’lumotni 10 qayta ko‘rib chiqardik. Ustozlar har bitta gapni o‘ylab yoz, so‘zni isrof qilma deyishardi. Mana shunday tanbexlar bilan sayqallanardik, charxlanardik.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarini bloger deb tanishtirayotgan ba’zi yoshlarni ko‘rib xayratda qolaman. Yozayotgan ma’lumotlari, bildirayotgan munosabatlari xato, xato va xatoga to‘la. Asoslanmagan ma’lumotlarni qo‘rqmay bayon qilishadi. Bloger o‘zi kim? Uning vazifasi nima? Huquq va majburiyatlari bormi? kabi savollar tug‘iladi menda. To‘g‘ri kelgan odam bloger bo‘lishi mumkinmi? Bilganlarim esa quiydagicha – “Blog” so‘zi inglizcha bo‘lib, u voqea-hodisalarni qayd etuvchi internet-jurnal, internet-kundalik, onlayn-kundalik kabi ma'nolarni anglatadi. “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda blogerlarga Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi deya ta’rif keltirilgan.
Umuman olganda ularni ma’lum bir voqelik yuzasidan o‘z shaxsiy pozitsiyasini bildiruvchi ijtimoiy faol fuqarolar desak ham bo‘ladi nazarimda.
Internet tarmog‘ida axborotsiz maydon yo‘q. Internetning o‘zi axborotdan tashkil topgan. Bugun odamlar ma’lumotlarni asosan internetdan olayotgan ekan, undagi axborotlarni tarqatayotgan ijtimoiy faol fuqarolar ya’ni blogerlarning saviyasiga ham e'tibor berish vaqti kelmadimikin? Muntazam internet tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatmoqchi bo‘lgan fuqarolar o‘z saviyalari ustida ishlashi, mamlakatimiz sha’ni va qadr qimmatiga ziyon yetkazuvchi harakatlar qilmasligi kerak.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning blogerlar bilan uchrashgani, ularni qo‘llab-quvvatlayotgani mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlashning asosiy omili hisoblanadi. “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari”ning bayram kunida bir guruh blogerlarning ham davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi esa mamlakatda blogerlar mavqeini yanada oshirdi.
Davlatimiz rahbari odilona yondoshuvi bilan barcha sohalarga va soha xodimlariga keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Biroq buni suiste’mol qilish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini blogerman deb tanishtirayotgan, bir ikkita sahifa ochib, uchta to‘rtta ma’lumot yozib o‘ziga yuqori baho berayotgan, xatto davlat tashkilotlari xodimlariga axloqsizlarcha munosabatda bo‘layotgan blogerni tanib qoldim va taajubga tushdim. Xatto "2" bahoga ham o‘qiy olmagan kursdoshim edi u. Har ikki kunni birida janjal chiqarib, uni bunga, buni unga qayrab yurardi. Biror ko‘ngilsizlik bo‘lsa surishtirib borsak, masalaning asosiy uchi shu bolaga borib qadalardi. Kollejni tamomlab bo‘lguniga qadar ustozlarimiz bezib ketgan edi.
Nahotki, axborot maydonini kim bo‘lsa egallab olaversa. Kim to‘g‘ri kelsa o‘zini blogerman deb e’lon qilsa.
Balki hurmatli blogerlarga ham talab qo‘yish kerakdir. Shu o‘rinda joiz bo‘lsa tabriyaviy qoidalarga amal qilmay izoh bildirgan, ma’lumot yozgan, axborot e’lon qilgan blogerni ogohlantirish, internet tarmog‘iga kirishini ma’lum vaqtgacha taqiqlab qo‘yish kabi choralarni qo‘llash lozim.
Tan olishim kerak blogerlar orasida iste’dodiga qoyil qoldiradigan, o‘nta oliy ma’lumotli jurnalistdan yaxshi yoza oladiganlari ham yo‘q emas.
Ba’zi blogerlar faoliyatini havas bilan kuzatishimni ham yashirmayman. Ularning berayotgan ma’lumotlaridan bilimli va tajribali ekani sezilib turadi. Har qanday axborotga madaniyat va ma’naviyat bilan yondoshishni biladi. Jumladan, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev faoliyatini misol keltira olaman. Har bitta ma’lumotni asoslab e’lon qiladi. Tanqidiy matariallarida ham haqiqat bor, izoh bor. Ushbu blogerni berib borayotgan axborotlarini nafaqat foydali ekani, balki hayot va faoliyatimizda asqotadigan zarur manbaalarga tayanishini e’tirof etishim shart.
Ayrim blogerlar o‘z faoliyatini faqat kamchiliklarni yoritishdan iborat deb o‘ylaydi. Tanqid qilsam oson tanilaman deb fikr yuritadi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, rivojlanishlar, yuksalishlarga ko‘z yumib ketmaslik kerak. Har bir munosabat adolatli bo‘lishi tarafdoriman. Go‘yoki taniqdiy materialni yoritish bilan o‘zlarini haqiqiy blogerdek his etadilar. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning chiqishlarini muntazam kuzatib boryapman. Mazmunli va foydali axborot tarqatayotgan blogerlar ham bor. Bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ularning axborot almashish tezligiga, fikrlarining te’ranligiga qoyil qolaman. Ammo ba’zilarini xato-kamchiliklari, o‘ylamay asoslamay yozgan axborotlari xayratlantiradi.
To‘g‘ri blogerlar erkin fikrli insonlardir. Fuqarolari erkin fikrlaydigan mamlakatda rivojlanish bo‘ladi. Shuningdek, blogerlar jamiyatimiz rivoji uchun kerakli ekanligini allaqachon isbotlashdi ham nazarimda. Chunki, aynan ularning jur’ati va o‘ziga bo‘lgan ishonchi, dovyurakligi sabab, ba’zi davlat xizmati xodimlari o‘z o‘zini tanqid qilishni o‘rgandilar, har bir harakatiga xushyorlik va mas’uliyat bilan yondoshishni kasb qildilar.
Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib mamlakatimizda allaqachon o‘z o‘rnini topib olgan blogerlarga talab qo‘yishimiz mumkinmi? Yoki ularning ayrimlari axloqsizligi bilan boshqa yoshlarni ham keraksiz ma’lumotlar bilan zaxarlashda davom etaveradilarmi?
Bilishimcha qisqa ta’rif berganda blogerlar internetda axborot tarqatuvchi shaxslardir. Shunday bo‘lsada, milliy mentalitetimiz, milliy manfaatlarimizni chetlab o‘tuvchi axborotlarni tarqatishga xech kimning haqqi yo‘q. Ular ma’lumot tayyorlayotganlarida yoki biror holat ustidan munosabat bildirayotganlarida odob–axloq me’yorlariga amal qilishi, andisha doirasidan chiqmasligi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga rioya qilishlari shart. Ayniqsa bizga ustozlarimiz aytganidek davlat tili maqomiga ega o‘zbek tilimizni isrof qilmasliklari lozim. Blogerlar har bir tayyorlayotgan ma’lumoti uchun o‘zida javobgarlikni his qilsin. Blogerlikni kasb qilmoqchi bo‘lgan do‘stlarimiz taniqli jurnalistlardan bilim olsin, mahorat darslariga qatnashsin, kitob o‘qisin, o‘z ustida ishlasin. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishim o‘rinliki, shaxsan blogerlarga adovatim yo‘q, ammo to‘g‘ri va adolatli faoliyat – rivojlanish mevasidir. Har bir bloger faqat o‘z manfaatini, shon-shuxratini yoki daromadini o‘ylab emas, ularni muntazam kuzatayotgan xalq oldidagi mas’uliyatini ham te’ran anglasinlar.
Saytda eʼlon qilingan ushbu mualliflik maqolasida keltirilgan fikrlar muallifga tegishli va ular adu.uz tahririyati nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI