Andijon Davlat
Universiteti
XALQNING ASL FARZANDI
2017-12-09    13344

Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 27-mart kuni “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof  Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to’g’risida ”gi qaroriga imzo chekdi.

Noyabr oyi davomida yurtimizning har burchida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag’ishlangan turli tadbirlar va xotira kechalari o’tkazilmoqda. Shu jumladan Andijon davlat universitetida ham 2017-yil 29-noyabrda “Sharof Rashidov- atoqli davlat arbobi va o’zbek adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan ijodkor”mavzusida katta majlislar zalida ilmiy-adabiy konferensiya bo’lib o’tdi. Tadbir Andijon davlat universiteti ma’naviy-axloqiy tarbiya bo’limi hamda O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi professor o’qituvchilari tomonidan tashkil etildi.

Tadbirni Andijon davlat universitetining rektori professor A.S.Yuldashev o'z nutqi bilan ochib berdi. Tadbir davomida "Sharof Rashidov faoliyatining bugungi yoshlar uchun tarbiyaviy ahamiyati" mavzusida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo’limi rahbari A.Isroilov o’z fikrlarini bayon etdi.  Shuningdek “Sharof Rashidov-o’zbek xalqining baxt saodati yo’lida fidokorona kurashgan buyuk inson, atoqli davlat va jamoat arbobi” mavzusida tarix fakulteti dekani R.R.Shamsutdinov so’z yuritdi, uning yurtimiz istiqboli yo’lida ko’rsatgan fidokorliklari va hayot yo’li, oilasi haqida biz uchun qimmatli bo’lgan ma’lumotlarni berdi. “Sharof Rashidov- taniqli davlat arbobi va iste’dodli adib” mavzusida Filologiya fakulteti dekani dotsent B.M.Rahmonov adibning ijod yo’li, yaratgan asarlari haqida ma’lumotlar berib o’tdi, adibning ijodiga bo’lgan yuksak hurmati ifodasida uning “Mehnatim” she’rini butun zalga o’qib eshittirdi. O’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, dotsent Halim Karim esa “Sharof Rashidov asarlarining badiiy xususiyatlari” mavzusida o’zining fikrlarini bildirib o’tdi.

Tadbir davomida Sharof Rashidovning “Kashmir qo`shig`i” asari asosida Filologiya fakulteti va Pedagogika fakulteti talabalari O`zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o`qituvchisi Z. Rayimberdiyeva boshchiligida tayyorlagan sahna ko’rinishlarini namoyish etdilar. Uning she’rlari va ularga bastalangan kuy va qo’shiqlar ijro etildi. Tadbir so’nggida Universitetimiz Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha prorektori A’zamjon Hamraqulov tadbirni tashkil qilishda ishtirok etgan barcha o’qituvchilar va talabalarni tabriklab, esdalik sovg’alari bilan mukofotladi.

Sharof  Rashidov yurtimizni juda og’ir davrlarda boshqargan. Yurt taraqqiyoti va istiqboli  uchun o’z mehnatini ayamagan. Bunday insonning 100 yilligini munosib nishonlash maqsadida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida davlat arbobi va yozuvchi xotirasiga bag’ishlangan yodgorlik majmuasi barpo etildi va haykali o’rnatildi. Jizzax shahrida  adibning uy-muzeyi tashkil etildi, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan shoirning “Saylanma”  kitobi,Sharof rashidov hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi”nomli xotira kitobi chop etilganligi ulug` insonga nisbatan xalqimiz hurmatining ifodasidir.

O'rinova SOHIBAXON
O'zbekiston Yoshlar Ittifoqi filologiya fakulteti matbuot sardori
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.