O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 30 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi va uning ijrosiga kirishilishi natijasida mamlakatimizda bu borada 30 yil davomida qilingan ishlar sarhisob qilinmoqda, yutuqlarimiz, qilingan ishlar o‘rnak sifatida ko‘rsatib o‘tilmoqda, kamchiliklarimiz oshkora tanqid qilinmoqda, ularni bartaraf etish yo‘llari keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Eng avvalo, ta’kidlash joizki, 30 yil avval qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi Qonunning bajarilishi va galdagi vazifalarni belgilab beruvchi qarorning qabul qilinishi ushbu masala nihoyatda dolzarb ijtimoiy-siyosiy masala ekanidan dalolat beradi.
Prezident qarorida ko‘rsatib o‘tilganiday, “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyat”dir.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi, “Davlat tili haqida”gi qonunning ishlab chiqilishi, keyinroq takomillashtirilishi va ijtimoiy hayotda ijrosi ta’minlanishi natijasida, eng avvalo, hozirgi o‘zbek adabiy tili ilmiy-nazariy jihatdan keng tadqiq yo‘liga chiqib oldi. Qolaversa, amaliy tilshunoslikka e’tibor kuchaytirildi. Maktab o‘quvchilari uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalarda til amaliyoti ustuvorlik kasb etdi va o‘quvchilarga jonli o‘zbek tilini o‘rgatishga, o‘quvchilarning so‘z zaxirasini oshirishga e’tibor qaratildi. Maktabgacha va maktab yoshidagi o‘quvchilar uchun tematik lug‘atlar, izohli lug‘atlar, rasmli lug‘atlar va boshqa qator lug‘atlar yaratildi va ular o‘quvchilarning umumiy dunyoqarashini oshirishga, borliqdagi narsa-hodisalar haqidagi tafakkurining takomiliga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, har bir mamlakatning milliy tili o‘sha xalqning mulki, millatning qadriyati sanaladi. Shuning uchun ham uni e’zozlash, himoya qilish, sof saqlash va keyingi avlodlarga yetkazish har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Bu yo‘lda ommaviy axborot vositalari xodimlari, tele va radio vositalar, ziyolilar va, ayniqsa, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari fidoyi bo‘lishlari, ona tilini qalban sevishlari va kerak bo‘lganda, uni asrab-avaylashlari, muhofaza qilishlari kerak bo‘ladi.
Xo‘sh, bugungi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ona tili va adabiyot fanidan dars berayotgan o‘qituvchilar bu mas’uliyatli vazifani uddalay olyaptilarmi? Ona tilimizning jozibasini, latofatini ifoda etadigan so‘zlarni o‘quvchining faol muloqot maydoniga olib kira olyaptilarmi? Nutq madaniyatini, o‘quvchilarning to‘g‘ri talaffuz normalarini singdira olyaptilarmi? O‘quvchilarda savodxonlikni, fikrini mantiqiy ifodalash malakasini o‘rgata olyaptilarmi?..
Abiturientlarning ona tili va adabiyotdan bilimining past ekanligining boisi maktab o‘qituvchilarining bilim saviyasiga borib taqaladi. Pedagog kadrlarni o‘quv fani bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra respublikamizdagi ona tili va adabiyot o‘qituvchilaridan (jami 6736 nafar) 6,9 foizi “a’lo” bahoga, 16,5 foizi “yaxshi” bahoga, 22,4 foizi “o‘rta” bahoga loyiq topilgan. 54,1 foiz (jami 3647 nafar) ona tili va adabiyot o‘qituvchilari esa sinovda “ikki” baho olganlar. Demak, maktablarimizda 54,1 foiz “ikki”chi o‘qituvchilar ishlayaptilar va ular “ikki”chi o‘quvchilarni tayyorlab bermoqdalar.
Bu kabi holatni boshqa fanlar misolida ham ko‘rish mumkin. 2019-2020 o‘quv yilida universitetimizning Kimyo (rus) yo‘nalishiga qabul qilingan talabalarning to‘plagan ballari maksimal ballga nisbatan 55% dan kam bo‘lib, faqat “ikki” bahoga teng bo‘lgan talabalar 1-kursga qabul qilingan. Kimyo fani bo‘yicha umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining attestatsiyasi natijalariga ko‘ra mamlakatimizdagi kimyo fani o‘qituvchilarining naq 66,8 foizi (1077 nafari) 55 va undan past ball to‘plagan va ularning o‘z fanlaridan bilimi “ikki” bahoga tenglashtirilgan.
Umumta’lim maktablaridan OTM lariga hujjat topshirib, talabalikka qabul qilingan past saviyadagi talabalar oliy o‘quv yurtlarida ham o‘zlarining bilim darajalari doirasida bilim oladilar va o‘sha saviya bilan maktablarda o‘qituvchilik qiladilar.
Prezidentimiz o‘z nutqlarida bir necha bor bugunda barcha sohalarda eng katta muammo kadrlarga tashnalik ekanini ta’kidlab o‘tdilar. Kadrlarda o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan soha bo‘yicha layoqatning yetishmasligi va ularda o‘z ishiga mas’uliyat hissining yetarli emasligi ta’kidlab o‘tildi.
Ko‘rinib turibdiki, “Davlat tili haqidagi qonun” ning ijrosi talab darajasida emas va bu har bir millatparvar insondan bilim, malakadan tashqari fidoyilik, tashabbuskorlik, shijoat talab qiladi. Zero, mashhur fransuz yozuvchisi “Tilni himoya qilish Vatanni himoya qilish bilan barobar” deb aytganda, darhaqiqat, haq edi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI