Muhtaram Prezidentimiz raisligida joriy yilning 23-avgust kuni yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o‘qituvchilarning o‘rnini oshirishga ba’gishlangan videoselektor yig‘ilishida “...universitet va institutlarni, ularning kafedra va dekanatlarini maktablarga biriktirish lozim. Ya’ni ular maktablarni «otaliqqa olish»lari kerak», - deya ta’kidlab, bu bo‘yicha aniq topshiriqlarni belgilab bergandi.
Bundan tashqari videoselektorda maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini oshirish uchun oliy ta’lim muassasalari, ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki, hamkorligi zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan edi. Bu esa oliy ta’lim muassasalariga aloxida mas’uliyat yuklaydi.
Ayni shu topshiriqlarni ijro qilish maqsadida bugungi kunda viloyatimizning barcha tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, turli vazirlik va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh o‘z faoliyatini boshladi.
Xususan, bugun Innovatsion rivojlanish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Musayev hamda Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashevlar Baliqchi tumanidagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, ta’lim sifatini oshrish, o‘quv-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-uslubiy hamkorlik holatini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berdilar.
Ishchi guruh vakillari dastlab tumandagi 15-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdilar. Maktabda o‘tkazilayotgan ochiq dars jarayonini kuzatdilar. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Musaev o‘zi tomonidan umumta’lim maktablarning 8-sinf o‘quvchilari uchun geografiya fanidan tayyorlangan innovatsion darslikni taqdim etib, kitobning xar bir mavzusidan o‘rin olgan QR kodlar orqali turli qiziqarli (xarita, diagramma, infografika, audio, video, matn ko‘rinishidagi) ma’lumotlar bilan tanishish mumkinligini ko’rsatib berdi.
Universitet rektori Akramjon Yuldashev maktablarda ta’lim jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni jalb etish borasida Andijon davlat universiteti Pedagogika kafedrasining tajribali professor-o‘qituvchilarini biriktirilishini bildirdi Shuningdek, ular maktabda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Ona tilim – qalbim quyoshi” nomli badiiy kechada ishtirok etib, ona tilimizni o‘qitishning muhim jihatlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar.
Keyingi tashrif tumandagi rus tilida ta’lim berishga ixtisoslashgan 39-umumta’lim maktabiga bo‘ldi. Maktab o‘quvchilari tomonidan beshta muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan gimnast o‘quvchilar chiqishlari, yosh rassomlarning badiiy ijod na’munalari namoyish etildi. Ishchi guruh a’zolari maktabdagi darslarni kuzatib ularga uslubiy ko‘rsatmalar berdilar. 39-umumta’lim maktabida tashkil etilgan ikkita interfaol o‘quv xonalari tashkil etilganligi, o‘qituvchilar orasida malakali o‘qituvchilarning mavjudligi o‘quvchilarga sifatli ta’lim berishga asos bo‘ladi.
Ishchi guruh vakillari kun davomida Baliqchi tumani markazidagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabiga ham tashrif uyushtirildi. Ushbu maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandilar.
Bugun maktabda tuman miqyosida katta sport festivali tashkil etilganiga guvoh bo‘ldik. Futbol, volleybol, boks, shaxmat va shashka, kurash sport turlari bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasida tuman birinchiligi uchun musobaqalar tashkil etildi.
Andijon davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti va ushbu BO‘SM o‘rtasida mustaxkam hamkorlik aloqlari doirasida tashkil etilgan master klasslarda boks bo‘yicha olimpiada chempioni Muxammadqodir Abdullayev, jahon chempionati sovrindori Iqboljon Xoldorov, kurash turlari bo‘yicha jahon va Osiyo chempionlari Jasurbek Sodiqov, Ilxomjon Mashrabov, Zarnigor Urmonovalar, volleybolchi qizlar jamoasi a’zolari hamda tajribali murabbiylarning bergan saboqlari yosh sportchilar uchun juda foydali bo‘ldi albatta. Sport bayrami so‘nggida musobaqalar g‘oliblari esdalik va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Yana bir tashrif Baliqchi tumanidagi 35-umumta’lim maktabiga bo‘ldi. Innovatsion rivojlanish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Musayev o‘zi tomonidan umumta’lim maktablarning 8-sinf o‘quvchilariga geografiya fanidan tayyorlagan innovatsion darslikdan foydalanish yo‘l yo‘riqlarini tushuntirdi hamda bunday darsliklarni ko‘paytirish faqatgina sifatli ta’lim berishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng universitet rektori Akramjon Yuldashev maktab kutubxonasiga universitetda tayyorlangan QR kodli kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi va shunday to‘plamlar viloyat maktablariga tarqatilishini e’lon qildi. Shundan so‘ng Andijon davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti o‘qituvchilari va talabalari tomonidan maktab o‘quvchilari uchun ko‘rgazmali master-klass, konsert dasturi tashkil etildi.
Viloyatimizda umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish, darslarni sifatli tashkil etish, o‘quvchilarga zamonaviy bilimlar berishni yanada rivojlantirish, umuman olganda maktablarga xar tomonlama ko‘mak berayotgan ishchi guruh faoliyati samarali bo‘lmoqda deyishimizga asoslar yetarli.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI