2019-yilning 8-oktabr kuni Prezidentimizning tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlandi. Oliy ta'lim muassasalarida konsepsiyani o'rganish, uning asosida kerakli vazifalarni belgilab olishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Universitet Kengashining navbatdagi yig‘ilishida asosiy masala sifatida ushbu konsepsiyaning mohiyati, konsepsiya doirasi bajarishimiz lozim bo‘lgan muhim masalalar muhokama qilindi. Universitet rektori Akramjon Yuldashev Kengash a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi bilan batafsil tanishtirildi. Shuningdek, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun Andijon davlat universitetini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti o‘tkazildi.
Kengash yig‘ilishida ushbu konsepsiyada ko‘zda tutilgan, istiqbolda erishishimiz lozim bo‘lgan marralarga erishish uchun yillik yo‘l xaritalari ishlab chiqish, uni izchil amalga oshirish, xar olti oyda yo‘l xaritasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mas’ullarning hisobot berishlari belgilab qo‘yildi.
10 oktabr, payshanba kuni barcha fakultetlarda Axborot soati O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini o‘rganishga bag‘ishlandi. Mas’ullar tomonidan talabalar va professor-o‘qituvchilarga uning xar bir bandi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xususan, Tarix fakulteti talabalari uchun universitet katta majlislar zalida fakultet dekani, dekan o'rinbosarlari, fakultet sifat komissiyasi va murabbiylar kengash raisi tomonidan konsepsiya bandlarini tushuntirish ishlari olib borildi. Professor-o'qituvchilar hamda 350 nafar talaba ishtirok etgan yig'ilishda talabalar tizimda amalga oshirilishi lozim bo'lgan yangiliklar, ayniqsa, kredit modul tizimi, amaliyotlarni tashkil etishga yangicha yondoshuvlarni qo'llash kabi o'zlari uchun qiziq bo'lgan mavzularda ko'plab savollar bilan murojaat qildilar va kerakli javoblar oldilar.
Eslatma! E’lon qilingan Konsepsiyasida quyidagi asosiy strategik vazifalar ko‘zda tutilgan:
oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarining flagmaniga aylantirish;
respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;
oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish;
oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;
xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish;
oliy ta’limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish;
oliy ta’lim muassasalarining akademik mustaqilligi ta’minlanadi;
xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi;
oliy ta’lim mazmuni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshishi, shuningdek, respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishi ta’minlanadi;
talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbus amaliyotga tatbiq etiladi;
oliy ta’lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish hisobiga yaxshilanadi, ular bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi va moliyaviy barqarorligi ta’minlanadi;
ta’limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi yo‘lga qo‘yiladi;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini oshiriladi, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlar yaxshilanadi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI