Andijon Davlat
Universiteti
AVAZBEK MAHMUDOV PREZIDENT E’TIBORIDA
2019-10-07    3424

Andijon davlat universiteti Musiqa kafedrasi o’qituvchisi, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat hodimi Avazbek Mahmudov milliy madaniyatimiz va san'atimiz rivojiga katta hissa qo‘shib kelayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan rag’batlantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan joriy yilning 4 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Milliy madaniyatimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan san’atkorlarni hamda o‘zbek san’atini dunyo sahnalarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelayotgan yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan rag‘batlantirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash uchun nomzodlarni saralab olish jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 apreldagi 271-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan uch bosqichda bo‘lib o‘tdi.

Yakuniy xulosaga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan kompozitorlar, bastakorlar va san’atshunoslar, teatr, kino va ommaviy tadbirlar aktyorlari, rejissyorlari, dirijyorlar, baletmeysterlar, musiqa, xor, raqs, sirk, orkestr, ansambl ijrochilari va ushbu jamoalarning badiiy rahbarlari, doston ijrochiligi namoyandalari, shoir va yozuvchilar, muzey hamda moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar, tasviriy va amaliy san’at vakillaridan jami 20 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan rag‘batlantirildi.

Ularga eng kam oylik ish haqining 50 barobaridagi pul mukofotlari, gullar hamda sertifikat taqdim etildi.

Ularning qatorida an’anaviy xonandalik yo’nalishida samarali mehnat qilib kelayotgan Avazbek Mahmudovning ham bo’lishi juda quvonarli.

Avaz Maxmudov 1975-yili Andijon davlat tibbiyot institutini muvaffaqiyat bilan tamomlab, malakali shifokor diplomini qo’lga kiritgan va oliygoh klinik shifoxonasida ish boshlagan. Biroq, san’atga bo’lgan ishtiyoqi tufayli ashula va raqs ansambllarida hofizlik qilib yurgan Avaz Maxmudov Andijon viloyatida “Tabassum” ashula va raqs ansambli tuzib, unda badiiy rahbarlik qilib ijodiy faoliyatini davom ettirdi.

1973-yil Ruminiyada, 1978-yil Bolgariyada, 1984-yil Ispaniyada bo’lgan folklor festivallari va 1985 yili Moskvada o’tkazilgan XII-butun jahon festivalida  ishtirok etib, festival diplomanti bo’lgan. 1989-yili “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Ustoz o’tgan davr mobaynida ko’plab yangi qo’shiqlar yaratib, o’z repertuarini boyitdi. Jumladan, Muhammad Yusufning “Oq ro’molli qizlar”, Vosit Sa’dullaning “Ko’zingdan”, “Yor yoriga munosib”, Olimjon Xoldorning “Shahrimga kel”, “Ra’no kulib”, Xamzaning “Kelmadingiz” kabi ko’plab qo’shiqlari elimizga manzur.

“O’zteleradiokompaniyasi” oltin fondida 30 ga yaqin qo’shiqlari hamda O’zbek grammyozuvida 4 ta plastinkalari mavjud.

Qo’shiqchilikka ixlosmand yoshlarga san’at sirlarini o’rgatib, yangi-yangi san’atkor xonandalar bo’lib yetishishiga hissa qo’shib kelmoqda. Ustoz-shogird an’anasiga sodiq qolgan Avazbek Maxmudovning shogirdlari anchagina. Shogirdlaridan: Nuriddin Asqarov, Zuxriddin Rajabov, Mirzo Maxmudovlar o’z qo’shiqlari bilan el nazariga tushgan.

2014-yili  “Umrboqiy qo’shiqlar” uslubiy qo’llanmasi hofizning hozircha 10 ta o’zi kuylab, bastalagan va notalashtirilgan to’plami nashrdan chiqdi va talabalarga taqdim etildi.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.