Avval xabar berganimizdek, universitetimizda 5 ta muhim tashabbus targ’ibotiga bag’ishlangan Yoshlar festivali 28-sentabr kuni ham davom etdi. Ushbu kunda tashkil etilgan tadbirlar, tanlovlar, uchrashuvlar yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga bag’ishlandi.
Festival ishtirokchilari uchun arzon narxlarda kitob savdosini yo‘lga qo‘yilib, talabalar tomonidan 500 ga yaqin kitoblar harid qilindi. Universitet axborot-resurs markazi, Bobur nomidagi viloyat axborot-resurs markazi tomonidan badiiy, ilmiy, o’quv adabiyotlari ko’rgazmasi tashkil etildi. Yana bir ahamiyatli jihati kitoblarni telefon orqali qulay yuklab olish uchun mo‘ljallangan QR-kodli innovatsion kitoblar ham talabalarga taqdim etildi.
Festival davomida Fizika-matematika fakulteti jamoasi tomonidan aholi va yoshlar orasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali tashkil etish uchun “Bir tashabbus dorasida besh tanlov” loyihasi o’tkazildi.
Tanlov shartiga ko’ra talabalar 5 kishidan iborat jamoa a’zolaridan har biri dasturlash, kompyuter tarmoqlari, kompyuter yig’ish, kompyuter grafikasi, axborot texnologiyalari bo’yicha viktorina tanlovlaridan birida qatnashib jamoasi sharafini himoya qilib, eng yuqori ball to’plagan jamoa g’olib bo’lishi belgilandi. Tashkil etilgan tanlov o’zining amaliy ahamiyati bilan ajralib turdi.
Shuningdek, Ijtimoiy iqtisodiyot fakultetida talabalar tashabbusi bilan o’tkazilgan “Mening kutubxonam” aksiyasi doirasida tashkil etilgan fakultet kutubxonasi ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Kutubxonaning o’ziga xos jihati fakultetda mavjud ta’lim yo’nalishlari fan dasturlarida ko’rsatilgan asosiy adabiyotlar bilan ta’minlangan.
Ayniqsa, kutubxonada kompyuter orqali yuridik, psixologik va iqtisodiyotga oid kamyob elektron adabiyotlar, xorijiy adabiyotlar tarjimalarini olish imkoniyati yaratilganligi fakultet talabalari uchun juda foydali bo’ldi. Elektron kutubxonaning yana bir afzal jihati internet orqali avtomatik tarzda doimiy boyib boradi. Ushbu kutubxonada ko’plab badiiy adabiyotlar ham mavjudki, bu ham yoshlar orasida kitob mutolaa madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Festivalning so’nggi qismida besh tashabbusning eng muhim qismi bo’lgan xotin-qizlarning bandligini oshirish bo’yicha targ’ibot tadbirlari va tanlovlar tashkil etildi. An’anaviy san’at na’munalari namoyishi, xotin qizlar milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasi, ADU xotin qizlar qo’mitasi tashabbusi bilan universitetda mavjud 6 ta talabalar turar joylarida qizlar uchun bepul tashkil etilgan “Mohir qo’llar” to’garaklarida talabalar tomonidan yaratilgan milliy liboslar namoyishi, qizlar o‘rtasida pazandachilik tanlovlari juda katta qiziqishga sabab bo’ldi. Universitetda talaba qizlarning o’qish bilan birga kasb-hunarga o’rgatishning yagona tizimi shakllantirilgani ushbu tanlovlarni yuqori saviyada o’tishini ta’minladi.
Uch kun davom etgan “Beshta muhim tashabbus – yoshlarimizning ertangi kuni istiqbolidir” deb nomlangan Yoshlar festivalining eng ajoyib, jo’shqin hissiyotlarga boy qismi tadbir va tanlovlar, musobaqalarni natijalari bo’yicha g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo'lib, u juda ko’tarinki, do’stona ruhda kechdi.
Yakuniy natijalarga ko’ra umumjamoa hisobida San’atshunoslik fakulteti uchinchi, Fizika-matematika fakulteti ikkinchi o’rinni qo’lga kiritgan bo’lsa, tanlovlarga puxta tayyorgarlik ko’rgan Tarix fakulteti jamoasi g’oliblikni qo’lga kiritdi. Barcha musobaqa va tanlovlar bo'yicha 100 dan ortiq ishtirokchilar universitet rahbariyati hamda kasaba uyushmasi qo'mitasi tomonidan faxriy yorliq, kitoblar to'plamlari, qimmatbaho sovg'alar va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Eng asosiysi, ushbu festival prezidentimiz tomonidan beshta muhim tashabbus bo’yicha ilgari surilgan g’oyalar, fikrlarni yoshlarimiz ongida aks ettirish, ular orqali tengdoshdan tengdoshga tamoyili asosida jamiyatimizdagi boshqa yoshlarga yetkazish, ularni ma’naviyatli, vijdonli, san’atni sevuvchi, jismonan sog’lom tarbiya qilib tarbiyalashga, xotin-qizlarimizni jamiyatda o’z o’rnini topishlarida katta xissa qo’shishi shubhasiz. Andijon davlat universitetida tashkil etilgan beshta muhim tashabbus targ’iboti, bu borada olib borilayotgan amaliy ishlar uni doimiy jarayonga, kundalik hayotimizning bir qismiga aylanishiga xizmat qiladi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI