Andijon Davlat
Universiteti
YOSHLAR FESTIVALINING IKKINCHI KUNI: VODIY SPORTCHILARI ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA JAM BO’LDILAR
2019-09-27    4336

Bugun, 27-sentabr kuni universitetimizda “Beshta muhim tashabbus – yoshlarimizning ertangi kuni istiqbolidir” deb nomlangan Yoshlar festivalining ikkinchi kuni yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga qiziqishlarini yanada oshirishga bag’ishlandi.

Bugun universitetimiz, vodiyning sportchi yoshlarining katta sport maydoniga aylandi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Farg’ona va Namangan davlat universiteti, viloyatimiz BO’SMlaridan kelgan mehmon sportchilar, ularning murabbiylari, Andijon davlat universitetining Olimpiya, jahon, Osiyo chempionligini qo'lga kiritgan, sovrindor talabalari, murabbiylari, mahalliy sportsevar yoshlari sport turlari bo’yicha bellashdilar, tajriba almashdilar, yoshlarda sportga muhabbat tuyg’ularini uyg’otdilar.

Dastlab qilichbozlik, basketbol, boks, karate, ushu sport turlari bo’yicha ko’rgazmali mashqlar namoyishi bo’lib o’tdi. Ko’rgazmali namoyishlar orasida karate ustalarining katalar namoyishi va yosh sportchilarning ushuning murakkab va jozibador mashqlarini osonlik bilan ijro etishi barcha ishtirokchilarda qiziqish uyg’otdi.

Shuningdek, so’nggi yillarda universitet sportchi talabalari erishgan yutuqlarni aks ettiruvchi ko’rgazma ko’pchilikda faxr iftixor tuyg’ularini yanada oshirdi. Jumladan, so’nggi yillarda universitetdan 2 nafar Olimpiya o’yinlari chempioni, 2 nafar Paraolimpiya o’yinlari g’olibi va sovrindori, 17 nafar jahon, 33 nafar Osiyo, 88 nafar O’zbekiston chempionlari, 200 ga yaqin sovrindorlar yetishib chiqqani maqtovga sazovor. Ayniqsa, so'nggi haftada sambo bo'yicha Osiyo chempionligini qo'lga kiritgan Zarnigor Urmonova, MMA sport turi bo'yicha Osiyo chempionlik kamarini qo'lga kiritgan Farruxbek Ubaydullayev va volleybol bo'yicha O'zbekiston superkubogini qo'lga kiritgan sportchi qizlarimizning yoshlar bilan uchrashuvlari kichik yoshdagi bolalarda havas uyg'otdi.

   

Shundan so’ng ajdodlarimiz tomonidan or-nomus kurashi sifatida meros qolgan belbog’li kurash sport turi bo’yicha Andijon davlat universiteti rektori kubogi uchun ochiq turnirga start berildi. Musobaqalarda belbog’li kurash bo’yicha jahon, Osiyo, mamlakatimiz chempionlari ishtirok etgani hamda xalqaro toifadagi sport ustalari hakamlik qilgani uning qanchalik keng miqyosda va yuksak saviyada tashkil etilganini ko’rsatib turibdi.

Yigitlar o‘rtasida arqon tortish, talaba qizlar o‘rtasida qiyiq tortish musobaqasi, yigitlar o‘rtasida 30 kgli tosh ko‘tarish, armrestling musobaqalari ham yig’ilganlarning olqishiga sazovor bo’ldi.

40 ta shaxmat va sashka taxtasida 100 ga yaqin yoshlar “aql jangi” olib bordilar. Universitetimizning stol tennis bilan shug’ullanib, O’zbekiston chempionligini qo’lga kiritgan, jahon va Osiyo chempionatlarida sovrindor bo’lgan talabalari, katta tennis bo’yicha universitet murabbiylari tomonidan yosh sportchilarga, BO’SM o’quvchilariga o’tib bergan master-klasslar yoshlar uchun har tomonlama foydali bo’ldi desak yanglishmaymiz.

Eng asosiy va qizg’in bahslar yigitlar o’rtasida mini futbol va qizlar o’rtasida volleybol musobaqalarida kuzatildi. Universitetning barcha fakultetlarida an’anaga aylanib qolgan “Dekan kubogi – 2019” musobaqalari orqali saralangan talabalar jamoalari “Rektor kubogi - 2019” musobaqalarida munosib ishtirok etdilar. Baxslar keskin kurashlarga boy va juda qizg’in ruhda o’tdi.

Shuningdek, festival davomida xotin-qizlar o'rtasida sportning futbol turini rivojlantirish maqsadida "Andijanka" ayollar futbol klubi va Andijon davlat universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandumda kelgusida universitetning talaba qizlarini klub safida o'yinlarda qatnashishi, turli musobaqalar uyushtirish va boshqa ko'plab masalalarda hamkorlik qilish ko'zda tutilgan. Uchrashuvda universitet rektori Akramjon Yuldashevga "Andijon" futbol klubining 10-raqamli futbolkasi sovg'a qilindi.  

 

Kun so‘nggida barcha musobaqalar g‘oliblari universitet rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va 100 ga yaqin qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. O'tkazilgan barcha musobaqalar, master kalss va ko'rgazmali chiqishlar yoshlarda sportga muhabbat va qiziqish uygotib, ularni jismonan sog'lom o'sishlariga katta ta'sir ko'rsatadi.

Ushbu kundagi tadbirlarni tashkillashtirish va yuqori darajada o'tkazishda Jismoniy madaniyat fakulteti dekani Botirjon Nosirov va fakultet professor-o'qituvchilarining xizmati katta bo'ldi.

Yoshlar festivalining so’nggi kuni, 28-sentabrda 3-4-5-muhim tashabbuslarga bag’ishlangan tadbirlar o’tkazilishi belgilangan.

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.