O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq 2019-2020 o‘quv yilida a’lo o‘qishi, ilmiy faoliyat olib borishi hamda jamoat ishlaridagi faolligi uchun Andijon davlat universitetining 5 nafar talabasi Davlat stipendiyasi sohibiga aylandilar. Quyida ular bilan tanishtirib o‘tamiz.
YULDASHEVA SHAHZODA HASANBOYEVNA
Xorijiy tillar fakulteti 3-bosqich talabasi
Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi
Tilshunoslik fani va metodikasiga qiziqishi baland. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dilshod Abduvohidovich Rustamov rahbarligida “Internet lingvistikasi materiallaridan ta’lim tizimida foydalanish” mavzusida ilmiy ish olib bormoqda.
3 ta o‘quv qo‘llanmasi, 6 ta xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlar doirasida ishtirok etib, 6 ta tezis va maqolalari nashr etilgan. 2 ta patent muallifi va 2 ta patent xammuallifidir. Respublika miqyosidagi jurnal, ilmiy to‘plam, anjumanlar nashrlarida 10 dan ortiq ilmiy maqola va tezislari chop etilgan.
Viloyat va respublika miqyosidagi ijtimoiy-siyosiy, badiiy-madaniy va adabiy tanlovlarda qatnashgan va bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
2018-2019 o‘quv yilida Andijon davlat universitetida ilk bor o‘tkazilgan Rektor stipendiyasi tanlovida g‘olib chiqqan.
Barcha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtiradi.
Kompyuter savodxonligiga ega. Barcha dasturlarda erkin ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarning “Ziyonet.uz”, “Kutubxona.uz” saytlaridan foydalanadi.
Ingliz tilini mukammal biladi.
ODILJONOVA KAMOLA ABDUVOSIT QIZI
Filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi
Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi
Kamola universitetga 1-o‘rinda davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Dastlabki o‘qish kunlaridanoq u o‘zining iqtidor va iste’dodini darsda va turli tadbirlarda ko‘rsata boshladi.
Filologiya fanlari doktori, professor Salimaxon Mirzaeva rahbarligida “Sirojiddin Sayyid ijodida mumtoz adabiyot an’analari” mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Mavzu yuzasidan 22 ta ilmiy maqola va tezislari jurnal, ilmiy to‘plam va anjuman nashrlarida chop etilgan. Dasturiy majmuasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnoma sohibiga aylangan.
Kamola Odiljonova universitetimizda iqtidorli va iste’dodli talabalarni o‘zida birlashtirgan “Andijon yoshlari” jamoasining faol a’zosi sifatida viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, festivallarda, intellektual bahslarda ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa, “Tafakkur sinovlari” Respublika tanlovida bir necha yillardan buyon g‘olib va sovindorlar qatoridan joy olib kelmoqda.
Xalqaro va respublikamiz tomonidan tashkillashtirilgan ilmiy-amaliy, ijtimoiy-siyosiy, badiiy-adabiy tadbirlarda o‘z iqtidorini namoyish etmoqda.
Dilrabo AHMADQULOVA,
ADU filologiya fakulteti
RAHMATULLAEVA (ABDULLAEVA) ShAHNOZAXON XABIBULLO QIZI
Chet tillar fakulteti 4-bosqich talabasi
Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi
Shahnozaxonning nomdor stipendiyaga loyiq ko‘rilgani talabalik yillarini behuda o‘tkazmayotganidan dalolat beradi. U Gavharoy Isroiljon qizi rahbarligida “Ingliz va o‘zbek tillarida sanama janri mohiyati va tarjima muammolari” mavzusi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Mavzu doirasida xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida, ilmiy-amaliy konferensiya to‘plamlarida 20 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari chop etildi. Shulardan 4 tasi xorijda (Germaniya, Angliya, Astana, Rossiyada). U 2 ta o‘quv “Magic Animals” (Sehrli hayvonlar), “Home reading” (Manual on the basic of Aesop’s Fables for students) qo‘llanma, 2 ta uslubiy,“Murabbiy faoliyati”, “Irodasi zaif yoshlar va ularni himoya qilish” qo‘llanma muallifidir.
U O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi sifatida respublika, viloyat, shahar va universitet miqyosida o‘tkaziladigan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning faol ishtirokchisi va sovrindori hisoblanadi.
Shahnozaxon chet tiliga qiziqishi bilan bir qatorda, musiqa bilan ham shug‘ullanadi. Maqom va an’anaviy ijrochilik yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni maromiga yetkazib kuylaydi. Fortepianoda erkin kuy chalish qobiliyatiga ega. Sportning yengil atletika va darts turi bo‘yicha turli tanlov va musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritgan.
ERGASHEV BILOLIDDIN MIRSHARIBJON O‘G‘LI
Fizika-matematika fakulteti 3-bosqich talabasi
Ulug‘bek nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi
Kursdoshim Biloliddin Ergashevni Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi sohibiga aylanganini eshitib, uni tabrikladim va do‘stimga savollar bilan murojaat qildim.
– Nomdor stipendiya muborak bo‘lsin.
– Ushbu yutug‘imning sababchilari menga ilm bilan shug‘ullanishga sharoit yaratib bergan ota-onam va ustozlarim deb bilaman, ulardan behad minnatdorman.
– Ustozlaringiz haqida gapirib bersangiz.
– Maktabda Qahramon Ortiqov, akademik litseyda Ikromjon Tursunov, Mirzabahrom Foziljonov, universitetda akademik Sirojiddin Zaynobiddinov, fizika-matematika fanlari nomzodlari, dotsent Xurshidjon Madaminov, ilmiy rahbarim Hotamjon Mansurov va fakultetimizdagi ko‘plab ustozlardan ilm sirlarini o‘rganib kelmoqdaman.
– Qaysi mavzuda tadqiqot olib boryapsiz va qanday natijaga erishdingiz?
– “Energiya olishning tabiatga zarar yetmaydigan muqobil variantini ishlab chiqish” mavzusi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqdaman. Intellektual mulk agentligi tomonidan 10 dan ortiq dasturiy ta’minot va bitta foydali model uchun guvohnomaga ega bo‘ldim, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda, ilmiy amaliy anjumanlarda 20 dan ortiq maqola va tezislarim chop etilgan.
Nuritdin YUNUSALIEV,
ADU fizika ta’lim yo‘nalishi 4- bosqich talabasi
NE’MATILLO MUHAMMADJONOV
Filologiya fakulteti talabasi
Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi
“Orzular dinamikasi” insonda o’zgarib turadi. Hayotining qaysidir pallasida “planka”ni yuqori cho’qqiga olib chiqadi. Universitetga kirishingizdan avval talaba bo’lishni orzu qilasiz… Talaba bo’lganingizdan so’ng esa nomdor davlat stipendiyasi… Shunday yuksak baxt menga ham nasib etganligi uchun Yaratganga shukurlar aytaman. Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo’lishim, avvalo, ota-onamning duolari, ustozlarimning menga bergan saboqlari va do’stlarimning ishonchi natijasidir.
Hozirda o’zbek tili va adabiyoti ta’lim yo’nalishi 3-bosqich talabasiman. Talabaligimning dastlabki kunlaridanoq, ilmiy izlanishga kirishdim. O’zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, dotsent U.Rahimov ilmiy rahbarligida 25 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar e’lon qildim. Ilmiy ishimning mavzusi “Antropolingvistik tadqiqotlarning dolzarb masalalari” deb nomlanib u zamonaviy tilshunoslik yo’nalishlarining barchasini qamrab oladi. Ilmiy izlanishimning eng yuqori natijasi sifatida “Kognitiv tilshunoslikning lingvistik asoslari” nomli ilmiy risolamning nashrdan chiqqanligidir.
Shuninglek, xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, buyuk olimlardan saboq olishga, ma’ruzalarini tinglab, fikr bildirishga, o’ ma’ruzamni havola qilishga muvaffaq bo’ldim, Agar chin yurakdan niyat qilib, tinimsiz mehnat qilsangiz keyingi yilgi stipendiant siz bo’lishingiz mumkin. Insonning orzulari ishtiyoqqa, ishtiyoqlari maqsadga, maqsadlari harakatga va harakatlari alal oqibat oliy natijaga aylanmog’i kerak.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI