2019-yilda Andijon davlat universiteti talabalaridan 5 nafari nomdor Davlat stipendiyalari sohibi bo'ldi. Bugun Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi, Filologiya fakulteti talabasi Odiljonova Kamolaning fikrlarini e'tiboringizga taqdim etamiz.
Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro’-e’tibori, avvalambor, yoshlarning qanday inson bo’lib hayotga kirib borishlariga, mustaqil fikrga ega bo’lishiga, qat’iy hayotiy pozitsiyasiga ega bo’lishiga bog’liqdir. Bugun “Yoshlar mamlakati” deya e’tirof etilayotgan navqiron O’zbekistonimizda yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. Ularning har sohada iqtidorini, iste’dodini namoyon qilishlari uchun davlatimiz, hukumatimiz, eng asosiysi, Prezidentimiz tomonidan yetarlicha shart-sharoit yaratilib, imkoniyat eshiklari baralla ochib berilmoqda. Ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalangan holda men 2019-2020 o’quv yilida Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasiga aylandim.
Men 2017-yil Andijon davlat universitetining filologiya va tillarni o’qitish (o’zbek tili) yo’nalishiga 1-o’rinda davlat granti asosida o’qishga qabul qilindim va talabalik baxtiga muyassar bo’ldim. Bu quvonchli voqea ota-onamni, menga puxta bilim bergan ustozlarimni va barcha yaqin insonlarimni birdek quvontirdi. O’quvchilik yillarimdanoq, agar talaba bo’lsam, albatta, eng intiluvchan, iqtidorli talabalardan biri bo’laman, davlat stipendiyasi sohibasi bo’laman, deya niyat qilar edim. Allohga shukur, orzularim amalga oshdi.
Men o’qish davomida universitetimizda iqtidorli va iste’dodli talabalarni o’zida birlashtirgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tarkibidagi “Andijon yoshlari” jamoasining faol a’zosi sifatida viloyat va respublika miqyosida o’tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, festivallarda, intellektual bahslarda ishtirok etib kelmoqdaman. Ayniqsa, “Tafakkur sinovlari” Respublika tanlovida 1-bosqichdan beri faol ishtirok etib, “Andijon yoshlari” jamoa a’zosi sifatida Respublika bosqichida g’oliblikni qo’lga kiritdim.
Bugungi kunda ilmiy faoliyat bilan shug’ullanib kelmoqdaman va o’quv seminarlarda, ilmiy-amaliy anjumanlarda qatnashib xalqaro, respublika miqyosida va ommaviy axborot vositalarida ilmiy, tahliliy, tanqidiy maqolalarim e’lon qilingan. Filologiya fanlari doktori, professor Salima Mirzayeva rahbarligida tanlagan ilmiy tadqiqot mavzuim “Sirojiddin Sayyid ijodida mumtoz adabiyot an’analari” bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdaman. “Adabiyotda foydalanilgangan ba’zi terminlar lug’ati” nomli dasturiy majmua uchun O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnomaga ham ega bo’ldim.
Bu kabi yutuqlarni nafaqat mening, balki ota-onamning, ustozlarimning, do’stlarimning yutug’i, yaratilgan imkoniyatlar va ustozlarim o’gitlarining mevasi deb bilaman. Bu kabi muvaffaqiyatlarimda ustozlarimning ko’magi, oila a’zolarimning mehri, ishonchi bor. Islom Karimov Davlat stipendiyasining sohibasi bo’lganligim mana shu mehr, ko’mak, ishonchni oqlashga bo’lgan harakatlarimning samarasi deb bilaman. Bugungi kundagi menga bildirilayotgan ishonch katta mas’uliyat hissini yuklamoqda. Endi esa yanada ko’proq o’qib, izlanib, mehnat qilib ota-onam, ustozlarim, xalqimiz va Prezidentimizning biz yoshlarga bildirayotgan ishonchini oqlashga va’da beraman. Barcha ustozlarimni kirib kelayotgan “Ustoz va murabbiylar kuni” bilan tabriklayman.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI