Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON - TOVARLAR KIMYOSI FANI BESHIGI
2019-09-19    3171

Shu yilning 18-19 sentabr kunlari Andijon davlat universitetida “Kimyo va tovarlar kimyosi muammolari va istiqbollari” mavzusida respublika VI-ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiya ishida respublikamizning ko‘zga ko‘ringan, taniqli kimyogar olimlari, professor-o‘qituvchilar, doktorant va izlanuvchilar qatnashdilar. Jumladan: Andijon tibbiyot institutidan tib.f.d., prof., O‘zbekiston Tabobat akademiyasi haqiqiy a’zosi N.S.Mamasoliev, Toshkent kimyo texnologiya institutidan k.f.d., prof., Tabobat akademiyasi haqiqiy a’zosi A.G‘.Maxsumov, k.f.d., prof. G‘.Xamroqulov, O‘zR DBQdan k.f.n., b.x.polkovnigi B.Yo.Abdug‘aniev, Bojxona institutidan, t.f.d, prof. Q.M.Karimqulov, Samarqand DUdan k.f.d., prof. N.Q.Muxamadiev, O‘zbekiston MUdan k.f.d., prof. I.A.Abdug‘afurov, Latviya organik kimyo institutidan k.f.d., prof. R.Nuritdinov, O‘zR O‘MKIdan k.f.n., kat.i.x. B.J.Elmuradov, Termiz DUdan k.f.n., prof. X.X.To‘raev va boshqa qator taniqli olimlar va mutaxassislar qatnashdilar.

Ishtirokchilar Tovarlar kimyosiga oid ilmiy yangiliklari, tadqiqotlari, ushbu fanning ilmiy-amaliy ahamiyati haqida o‘zaro fikr almashdilar, maxsus sho‘’balarda mavzuga oid muammo va yangiliklar muhokama etildi hamda tegishli ilmiy xulosalar berildi.

Ma’lumot uchun aytish mumkinki, hozirda zamonaviy kimyo fanlari 20 ta bo‘lib, ular insoniyat rivojlanish bosqichining turli davrlarida, turli davlat olimlari tomonidan yaratilgan. Shulardan 19 ta fanlarning vatani asosan Yevropa va Amerika qit’alari sanaladi. Eng navqiron yangi kimyo fani – Tovarlar kimyosi fani esa, mustaqil O‘zbekistonda, Andijonda, 2017 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi, O‘zbekiston Tabobat akademiyasi raisi, kimyo fanlari doktori, professor Ibroximjon Raxmonovich Asqarov tomonidan yaratilgan, hamda ushbu fanning yangi tahrirdagi pasporti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OAK rayosati tomonidan tasdiqlangan (28.09.2017 y., 242/4-son qarori). Mazkur fanning ilmiy va iqtisodiy samarasi haqida quyidagi raqamlar guvohlik beradi:

O‘zbekiston Respublikasi VM huzuridagi OAK rayosatining qaroriga ko‘ra “Tovarlar kimyosi” 02.00.09 mutaxassislik shifriga ega bo‘lib, bu fan yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan, salmoqli ilmiy natijalarga erishgan ilmiy tadqiqotchilarga kimyo, texnika yo‘nalishlarida falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) ilmiy darajalari, dotsent va professor ilmiy unvonlari berilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda “Tovarlar kimyosi” bo‘yicha Toshkent kimyo texnologiya instituti hamda Farg‘ona davlat universiteti qoshida ilmiy kengashlar faoliyat yuritib kelmoqda.

“Tovarlar kimyosi” bo‘yicha professor I.R.Asqarovning bevosita rahbarligida o‘tgan yillar mobaynida 10 ga yaqin kimyo va texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari va 2 ta fan doktori tayyorlanib, muvaffaqiyatli himoya qildilar.

Mamaraxmonov M.X.
Kimyo kafedrasi katta o‘qituvchisi, kimyo fanlari bo'yicha falsafa doktori
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.