Bugun, 12-sentabr kuni Turkiyaning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mexmet Sureyya Er o’zining Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev va universitet vakillari bilan Andijon viloyati hokimligida uchrashuv o’tkazdi. Uchrashuvda Andijon davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori Baxtiyor Rasulov hamda universitet kasaba uyushma qo'mitasi raisi Mirzabahrom Botirovlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan Andijon davlat universiteti o’rtasida akademik hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda kelgusida ushbu sohadagi ishlarni rejalashtirish masalalariga bag’ishlandi.
Ikki tomon davlatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik aloqalarining istiqbollari juda porloq ekani va ayniqsa, ta’lim sohasidagi hamkorlik masalasida hali bor imkoniyatlar ishga solinmaganini, kelajakda akademik hamkorlik aloqalarini kuchaytirish muhim masala ekanini bildirdilar.
Dastlab elchi janoblari so'z olib, - “Men ikki davlat o’rtasidagi barcha sohalardagi hamkorlik aloqalarini juda qadrlayman va uning yanada rivojlanishini juda istayman. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalar o’z yo’liga biroq, ta’lim har bir mamlakat kelajagini barpo etuvchi sohadir. Ushbu oddiy haqiqatdan kelib chiqsak, eng avvalo ikki davlat uchun ham koni foyda. Shuning uchun men sizlar bilan uchrashib vatanimdagi universitetlar bilan sizning universitetingiz o’rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni ikki tomon uchun ham foydali deb hisoblayman,” – fikr bildirdi.
Shundan so’ng Akramjon Yuldashev mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi va hamkorlik masalalari bo’yicha quyidagicha fikr bildirdi, - “Ayni vaqtda universitetimiz Turkiya universitetlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o’rnatgan. Ayniqsa, Gazi universiteti bilan hamkorlik aloqalari ancha rivojlangan. Bizning ikki nafar o’qituvchimiz hozirgi kunda Gazida doktoranturada tehsil olmoqda, yaqinda ilmiy ishlar prorektori Baxtiyor Rasulov va universitetimiz vakillari xalqaro konferensiyada ishtirok etdilar. Shu bilan birgalikda Gazi universiteti bilan hamkorlikda qo’shma ta’lim dasturlari masalasida muzokaralar olib borilmoqda. Albatta sizning takliflaringiz va tavsiyalaringiz biz uchun juda foydali. Kelajakda Andijon davlat universiteti siz orqali Turkiya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor.”
O’zaro suhbat pragmatik ruhda kechdi. Ikki tomonlama diplom beriladigan qo’shma ta’lim dasturlari ochish, Turkiya universitetlaridan professor-o’qituvchilarni bir semestrga dars mashg’ulotlariga jalb etish, malaka oshirish, stajirovka va doktoranturaga yuborish, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari, grantlar bajarish yuzasidan bildirilgan fikrlar va takliflar ikki tomondan iliq qarshi olindi.
Suhbat davomida ikki tomon hamkorlik aloqalari istiqbollari bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar rejalashtirlib, shu reja asosida izchil amaliy harakatlar olib borishga kelishib olindi.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI