So’nggi yillarda Andijon davlat universitetida ilmiy tadqiqot ishlarni jonlantirish, uning rivojini yangi bosqichga ko’tarish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
2019-yil ayniqsa, quvonchli xabarlar bilan boshlandi. Taniqli olim, Tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning sa’y harakatlari bilan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasining 1255-sonli qaroriga asosan Andijon davlat universiteti huzurida viloyatimizda yagona bo’lgan 07.00.00 – Tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi PhD.31.01.2019. Tar.60.01 raqamli Ilmiy kengash o’z faoliyatini boshladi.
Ushbu ilmiy kengash tarkibiga B.Matboboyev, X.Yunusova, A.Anorboyev, U.Abdullayev, D.Bobojonova, A.Rasulov kabi mamlakatimizning yetuk tarixchi olimlari bilan bir qatorda xorijiy davlatlardan xususan, Qirg’iziston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Tashmanbet Kenensariyev va professor Baltaxun Nurunbetovlarni kiritilishi uning nufuzini qanchalik yuqori ekanining isbotidir. Ilmiy Kengash Ilmiy seminariga ham yetuk tarixchi olimlar jalb etilganki, bu himoyaga taqdim etilayotgan dissertatsiyalarni talab darajasida rasmiylashtirilishi va uning mazmuniga qo’yiladigan talablarni to’liq bajarilishiga xizmat qiladi.
Mana bugun, 22 avgust kuni Andijon davlat universiteti huzurida Tarix fanlari boyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash o’zining birinchi yig’ilishini o’tkazdi. Ilmiy kengash yig‘ilishida tarix fanlari doktori, professor Rajabov Qahramon Kenjayevich ilmiy maslahatchiligida Andijon davlat universiteti katta o’qituvchisi Tojiboyev Botirjon Muhammadaliyevichning “Samarqand viloyatida sovet rejimiga qarshi qurolli harakat (1918-1926 yillar)” mavzusidagi tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy ish muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni Andijon davlat universiteti rektori A.S.Yuldashev ochib, so’nggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz ilm-fanni rivojlantirishga, ayniqsa, O’zbekiston tarixini o’rganishga alohida e’tibor berayotganini, ushbu Ilmiy kengashning ochilishi ham aynan shu e’tiborning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi. A.Yuldashev Ilmiy kengashga samarali va sifatli faoliyat yuritib, mamlakatimiz ilmiy taraqqiyoti uchun uzoq yillar xizmat qilishini tiladi. Shundan so’ng, ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi, tarix fanlari doktori, professor R.T.Shamsutdinov qatnashchilarni birinchi yig’ilish kun tartibi bilan tanishtirdi.
Tadqiqotchi B.Tojiboyev dissertatsiyasining maqsadi va ahamiyati bilan tanishtirar ekan, XX asrning birinchi choragida Samarqand viloyatida sovet tuzumiga qarshi qurolli harakat, uni harakatlantiruvchi kuchlari, harakatning maqsadi va boshqa muhim jihatlari masalasi hozirda nafaqat MDH davlatlarida, balki dunyoning ko‘pgina rivojlangan davlatlarida dolzarb muammo sifatida o‘rganilayotganini ta’kidladi.
Ushbu tadqiqot ishiga fikr va mulohaza bildirgan rasmiy opponentlar professor Xaitov Shadmon Axmadovich va O’sh gumanitar davlat universiteti professori Tashmanbet Kenensarievlar ishning yutuq va kamchiliklari haqida gapirib, dissertantga o‘z maslahatlarini aytib o‘tdilar.
Dissertant asosiy taqrizchilarning chiqishlariga o‘z munosabatini bildirgach, dissertatsiya ishi bo‘yicha so‘zga chiqqan norasmiy opponentlar t.f.d., prof. A.Rasulov, t.f.d., prof. U.Abdullayev, dotsentlar R.Arslonzoda, B.Isoqov va boshqalar tadqiqot ishining dolzarbligi, ushbu ish sovet rejimiga qarshi qurolli harakatlar tarixi yo‘nalishida navbatdagi yutuq ekanligi xususida gapirib, dissertant va dissertatsion ish haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Dissertatsiya ishi muhokamasi yakunlangandan so‘ng Ilmiy kengash a’zolari B.Tojiboyevning “Samarqand viloyatida sovet rejimiga qarshi qurolli harakat (1918-1926 yillar)” mavzusidagi tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan tadqiqotiga 100 foiz yoqlab ovoz berdilar va OAK tomonidan belgilangan talablarga to‘la javob berishi va dissertant tarix fanlari doktori ilmiy darajasiga munosib ekanligi e’tirof etildi.
Bugungi kunda barcha sohalarda faqat ilm-fan orqaligina taraqqiyotga erishishimiz mumkin ekani barchaga ayon. Ayni vaqtda ana shunday ilmiy kadrlar tayyorlash uchun imkoniyat beruvchi kengashlarning viloyatimizda faoliyat yuritishi nafaqat viloyatimiz, balki, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishi shubhasiz.
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,Universitet ko'chasi 129-uyE-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI