Andijon Davlat
Universiteti
QURBON HAYITI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI REKTORINING BAYRAM TABRIGI
2019-08-10    3481

Assalomu aleykum aziz vatandoshlar!
Qadrli universitet jamoasi!
Muqaddas bayramlarimizdan biri bo‘lgan Qurbon hayiti bayrami bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman!
Ushbu saodatli, nurli kunlarda barcha mo‘min-musulmonlarning duo-iltijolarini, savob-u amallarining ijobatini berib, el-u yurtimizni, xonadonlarimizni fayzu barakaga to‘ldirsin! Ko‘pmillatli xalqimizni mehrli-oqibatli qilsin!
Aziz ustozlar va talabalar!
Darhaqiqat, mamlakatimiz qadimdan turli millatga mansub, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi elat va millatlar totuvlikda yashagan o‘lka bo‘lib kelgan.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoev, - "Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiya-lashimiz lozim” degan so‘zlari biz ustoz va murabbiylar ogohlik va hushyorlikni bir daqiqaga ham susaytirmaslikka undaydi.
Shu o‘rinda, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom madaniyati markazi, Toshkent Islom universiteti, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Termiz shahrida Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi faoliyatining tashkil etilishi – diniy bilimlarimizni, ma’naviyatimizni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro ahillik va totuvligimizga beqiyos hissa qo‘shayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Bugungi shukuhli kunlarda oilalar mustahkamligi, farzandlarimiz baxti, yoshlarimiz har tomonlama yetuk, odob-axloqli, Vatani, xalqi, dinu diyonatiga sodiq bo‘lib kamolga yetishlarini so‘rab duoi xayrlar qilish hammamizning burchimiz va vazifamizdir.

Andijon davlat universiteti ushbu kunlarga sog‘-salomat yetkazgani uchun Allohga beadad shukronalar aytib, Iyd al Adha – Qurbon hayiti bilan barcha yurtdoshlarimizni chin dildan muborakbod etadi.
Jonajon O‘zbekistonimiz porloq istiqboli, tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishini Parvardigordan so‘rab qolamiz.
Ushbu muqaddas bayramning fayz-u tarovati qalblarimiz va xonadonlarimizni munavvar va xushnud etsin!
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!



Akramjon Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.