Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON VILOYATIDAGI OTMLAR FAOLIYATINI TANQIDIY O'RGANISH NATIJALARI MUHOKAMA QILINDI
2019-06-26    3191

Kuni kecha universitetimizda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining bosh konsultanti A.Mutalipov rahbarligida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig’i A.Nosirov ishtirokida Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini yanada yaxshilash masalalariga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi.

Yig’ilishni Andijon viloyati hokimining o’rinbosari O’.Shukurov ochib, mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar haqida to’xtalib o’tdi.

A.Mutalipov ushbu yig’ilish 2019 yil 23 iyun kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida oliy ta’lim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar holatini o’rganish hamda ommaviy axborot vositalarida tanqidiy muhokama qilishga bag’ishlangan majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o’tkazilayotganini, bu oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari, mas’ul xodimlari va professor-o’qituvchilariga aloxida mas’uliyat yuklashini bildirdi. U o’z so’zida davom etib, so’nggi 2 yil ichida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 10 dan ortiq xorijiy OTMlarning filiali ochilganligi, 16 ta OTMlarda 40 dan ortiq qo’shma dasturlar ish boshlaganiga to’xtalib o’tdi. Bularning barcha oliy ta’lim muassasalari o’rtasida raqobat muhitini yaratish orqali ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishini.

Yig’ilganlarga Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini tanqidiy o’rganish natijalari bo’yicha tayyorlangan va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan videolavha hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig’i A.Nosirov tomonidan tanqidiy ma’lumotnoma o’qib eshittirildi.

Hozirgi vaqtda Andijon viloyati oliy ta'lim muassasalaridagi mavjud kamchiliklar, jumladan, moddiy-texnik bazaning eskiligi, nazariy mashg'ulotlar amaliyotlar bilan bog'lanmaganligi, ish beruvchilar va mehnat bozori talablari hisobga olinmayotganligi, yangi avlod o'quv adabiyotlarining kamligi yoki ayrim yo'nalishlarda umuman mavjud emasligi, xorijiy mamlakatlar tajribalarining amaliyotga joriy etilishining kamligi, talabalarda o'qishga motivning yo'qligi, ayrim professor-o'qituvchilarning darslarni to'g'ri va sifatli tashkil eta olmasligi, talabalarning turli ommaviy tadbirlarga ko'p jalb etilishi, talabalarning formasiga asosiy masala deb qarash, mazmunga emas shaklga ko’proq e’tibor berish, qog'ozbozlik va korrupsion holatlarning mavjudligi va boshqa ko'plab sabablar ko'rsatildi.

Tanqidiy ma’lumotnoma bilan tanishgan Andijon davlat unviersiteti rektori A.Yuldashev, Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori A.Arzikulov, Andijon mashinasozlik instituti rektori v.b. A.Ermatov va Toshkent davlat Agrar universiteti Andijon filiali direktori A.Abduvasikovlar ko’rsatib o’tilgan kamchiliklar mavjud ekanligini, aksariyat qismi bartaraf etilgani, kelgusida ham bu boradagi ishlar jadallik bilan davom ettirilishini ma’lum qildilar.

Yig’ilishda mavjud muammolarni hal qilish bo’yicha Andijon davlat universiteti rektori A.Yuldashev, Andijon davlat universiteti nemis tili kafedrasi mudiri M.Umarxo’jaev va Andijon mashinasozlik instituti xalqaro aloqalar bo’limi boshlig’i Z.Jo’raevlar so’zga chiqib, o’z taklif va mulohazalarini bayon qildilar.

Yig’ilish so’nggida Andijon viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va o’rinbosarlari aniqlangan kamchiliklarni yangi 2019/2020 o’quv yili boshlanguniga qadar bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

 

 

ADU axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.