Andijon Davlat
Universiteti
PREZIDENT ISHTIROKIDA OLIY MAJLIS SENATINING YALPI MAJLISI BO’LIB O’TDI
2019-06-24    3290

Toshkentda 21-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bugungi yalpi majlisi barqaror milliy taraqqiyotimizning yangi bosqichida, jamiyatimiz hayotining barcha soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlar jadal olib borilayotgan mas’uliyatli bir davrda bo‘lib o‘tmoqda, – dedi davlat rahbari.

Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlar xalqimizning  fidokorona mehnati tufayli izchil amalga oshirilayotgani, milliy iqtisodiyot va ijtimoiy sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. 

Prezident xalqimizning hayot darajasi va turmush sifatini yanada yaxshilash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan bog‘liq vazifalarni bajarishda Senatning roli va ta’sirini oshirish zarurligini ta’kidladi. 

Milliy va hududiy manfaatlar nuqtai nazaridan qonunlar ishlab chiqilishida senatorlarning faolligini oshirish, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Senatning xalqaro yo‘nalishdagi faoliyatini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. 

– Biz Senat deganda, birinchi navbatda milliy parlamentimizning siyosiy, huquqiy va madaniy saviyasini amalda namoyon etadigan, xalq manfaatlarining chinakam ifodachisi va haqiqiy himoyachisi bo‘lgan katta bir kuchni tasavvur qilamiz. Senator – bu xalqning yuksak ishonchini qozongan vakil. Xalqimiz oldida hammamiz mas’ul va javobgarmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlat rahbari o‘z nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish va turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoya qilish, ayollarning sotsial-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida urg‘u berdi. 

– Bir narsani tan olish kerak: ayollar xalqning dardini boshqalardan ko‘ra chuqur his qiladi. Bu yil dekabr oyida Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mehnatkash va oqila ayollarimiz qanchalik ko‘p saylansa, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham faqat naf ko‘radi, – dedi Prezident. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yangi qo‘mita – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita tuzishni taklif etdi. 

Ma’lumki, 2015-yildan buyon Senat Raisi bo‘lib ishlagan Nig‘matilla Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori etib tayinlangani munosabati bilan lavozimidan muddatidan oldin ozod etilgan edi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasiga asosan, Oliy Majlis Senati Raisi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelgan Tanzila Norboyeva nomzodini taklif etdi.

Yuqori palata a’zolari nomzod to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. So‘zga chiqqanlar Tanzila Norboyeva bilim va tajribasi, vatanparvarligi, jamiyatdagi obro‘-e’tibori, insoniy fazilatlari bilan ushbu lavozimga munosibligi, Senat faoliyatini bugungi kun talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha Prezident nutqida bayon etilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qodir ekanini ta’kidladilar. 

Senatorlar tomonidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat Raisi lavozimiga Tanzila Norboyeva saylandi.

Tanaffusdan so‘ng Oliy Majlis yuqori palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etildi.

Majlisda ko‘rilgan masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Manba: O'zA

 

 

Axborot xizmati
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.