Andijon Davlat
Universiteti
ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA JETTISUV XALQARO HAMKORLIK MARKAZI OCHILDI
2019-05-25    3510

Bugungi kunda ta’lim sifatini jahon andozalari darajasiga ko‘tarish dolzarb masalaga aylandi. Bu borada xorijiy davlatlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozirgi kunda Andijon davlat universiteti dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan akademik, ilmiy va xalqaro hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, 2018 yilda Qozog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, shu yili Qozog‘iston Respublikasi Jettisuv davlat universiteti va Andijon davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun ikki oliygoh professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokida uzluksiz ravishda faol aloqalar davom etib kelmoqda.

2019 yil 21-22 may kunlari mazkur ikki hamkor oliygoh tashabbusiga ko‘ra Andijon davlat universitetida “Jettisuv” xalqaro hamkorlik markazining ochilishi munosabati bilan Qozog‘iston Respublikasi Jettisuv davlat universiteti delegatsiyasi universitetimizga tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitetning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i F.Alimov, fizika-matematika fakulteti dekani M.Mahkamov va professor-o‘qituvchilar universitetning bosh binosida qizg‘in kutib oldilar. Jettisuv davlat universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori D.A.Kaldiyarov, Xalqaro xamkorlik bo‘limi boshlig‘i R.S.Jeldibaeva hamda Xalqaro xamkorlik bo‘limi metodisti A.M.Mukushevlardan iborat delegatsiya a’zolariga Andijon davlat universiteti bosh binosi, universitet maketi tanishtirib o‘tildi va universitetimiz haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

So‘ngra mehmonlar universitet rektori A.S.Yuldashev qabulida bo‘lib, o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar va Jettisuv xalqaro markazining kelgusidagi faoliyati to‘g‘risida suhbatlashildi. Rektorimiz A.Yuldashev xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar istiqbollari to‘g‘risida qimmatli fikrlar bildirib, xorijiy tajribaga ega mutaxassislar bilan hamkorlikning kelgusidagi natijalari porloq ekanligini va buning uchun universitetimizda barcha shart-sharoitlar yaratib berilishini alohida ta’kidladi.

Suhbatdan so‘ng Fizika-matematika fakultetida Jettisuv xalqaro hamkorlik markazi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jettisuv xalqaro hamkorlik markazi Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ta’lim va madaniyat sohasidagi mavjud aloqalarni yaxshilash maqsadida I.Jansugurov nomidagi Jettisuv davlat universiteti va Z.M.Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti hamkorligida Jettisuv davlat universiteti negizida Jettisuv Xalqaro ta’lim markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qo‘shimcha bitimga asosan tashkil etildi.

Markazning ochilishi marosimida Jettisuv davlat universitetining O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori D.A.Kaldiyarov magistrlar va talabalarga mazkur xalqaro markaz faoliyati yo’nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Ushbu markaz Jettisuv davlat universitetining alohida bo‘linmasi hisoblanadi. Xalqaro hamkorlik markazi ikki tomonning tashabbusi bilan tuzilgan Nizom asosida faoliyat yuritadi. Markaz o‘z faoliyatini yuritishda O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlari, oliy ta’lim muassasalarining nizomlari, xorijiy mamlakatlardagi ta’lim muassasalarining vakolatxonalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar va boshqa rasmiy hujjatlarga asoslanadi.

Markaz o‘z o‘rnida ta’lim, ilmiy va boshqa faoliyatda JDUning manfaatlarini ifodalagan holda tomonlarning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida JDUning ta’lim dasturlarini ommalashtirish va Qozog‘iston Respublikasida ADU ta’lim dasturlarini targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi. Ikki bosqichli ta’lim dasturlarini tashkil etish va amalga oshirish, universitetlar manfaatlari yo‘lida o‘tkazilgan ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etish, ADU talabalari va professor-o‘qituvchilarini JDUda o‘qitish va malaka oshirish, ma’ruzalar o‘qish uchun jalb qilish, shuningdek, JDU talabalari va professor-o‘qituvchilarini ADU bazasida akademik uyg‘unlik dasturi doirasida malakasini oshirish va ma’ruzalar o‘qish uchun jalb etish, magistrlik dissertatsiyalarini birgalikda boshqarish, JDU talabalari uchun ADU bazasida yozgi maktablarni tashkil qilish va o‘tkazish, shuningdek, JDUda yozgi maktabda ishtirok etish uchun ADU talabalarini tanlash kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.

Hamkorlik davomida shartnomada belgilangan dastur asosida o‘quv muassasalar o‘rtasida o‘zaro talaba almashinuvi aloqalari va ularni magistratura, tayanch doktorantura bosqichlarida ham davom ettirish istiqbollari bo‘yicha, akademik va ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilishini ta’kidladi. Uchrashuv so‘nggida delegatsiya a’zolari unversitetga bo‘lgan qiziqishlari yanada ortganini va keljakda hamkorlik asosida kadrlar tayyorlash niyatida ekanliklarini bildirdilar.

 

 

M.Mahkamov
Fizika-matematika fakulteti dekani
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.