Andijon Davlat
Universiteti
ULUG' USTOZ TASHRIFI!
2019-05-25    3390

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta'lim sohasida juda katta ijobiy o'zgarishlar yuz bormoqda. Bu o'zgarishlarni shaxsan Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o'zlari sinchkovlik bilan nazorat qilmoqdalar. Sohaning og'riqli nuqtalarini o'zlari aniqlab, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishning aniq chora-tadbirlarini ko'rsatib bormoqdalar. Xususan, ta'lim sifatini oshirishda ilmiy-pedagogik kadrlarga bo'lgan talabni to'la qonli qondirishda, nafaqat xorijiy tajribadan, balki ichki imkoniyatlarimizdan ham unumli foydalanishimiz zarurdir.

Ko'p yo'nalishlarda bo'lgani kabi, matematika yo'nalishida ham vatanimiz ulkan ichki imkoniyatlarga ega davlat hisoblanadi. Mamlakatimizda matematika sohasida qator yirik ilmiy maktablar mavjud bo'lib, ular dunyoda katta ilmiy nufuzga ega. Bu maktablarning asoschilari baxtimizga hozirda ham samarali ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalarki, ularni dunyo matematiklari hayrat bilan e'tirof etadilar.

Ana shunday ulug' ustozlarimizdan biri, atoqli olim, O'zR FA akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O'zbekiston Matematiklari jamiyati raisi, adabiyotshunos olim, drammaturg, aruz ilmining bilimdoni Abdulla Azamov kuni kecha kafedramizga navbatdagi tashrifini amalga oshirdi. Ustoz asli Andijonlik. Atoqli olim akademik N.Yu. Satimovning eng yetuk shogirdi hisoblanadi. Domlaning bu galgi tashrifidan asosiy maqsadi marhum ustozimiz No'mon Yunusovich Satimovning 80 yillik tavalludlari munosabati bilan O'zRFA Matematika instituti, O'zMU va AndDU matematika kafedrasi bilan hamkorlikda joriy yilning 17-19-oktyabr kunlari o’tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik jarayonlarini o'rganish bo'ldi. Domla tayyorgarlik ishlaridan qoniqdi va biz shogirdlariga mazkur masala bo'yicha tegishli topshiriqlar berdi.

A.Azamov bizning kafedra bilan uzoq vaqtdan buyon ilmiy va o‘quv sohalarida hamkorlik qilib keladi, xususan hozirda kafedra magistranti A.Abdullayevga rahbarlik qiladi va bakalavriat yo’nalishi talabalariga o'rindoshlik asosida ma'ruzalar o'qiydi. Olim bu gal ham kafedramizning magistrantlari va iqtidorli talabalariga "Bifurkatsiyaning sodda masalalari" mavzusida juda qiziq va ayni paytda dolzarb bo'lgan ma'ruza o'qidi. Talabalar ustozning ma'ruzasini zo'r qiziqish bilan tingladilar. Mashg'ulotda talabalardan tashqari yana kafedraning qator yetakchi o'qituvchilari T.Ibaydullayev, S.Ahmedov, A.Tohirov, T.Abdullayev, Q.Abdullayev, N.Umrzaqov, R.Mullajonov, doktorantlar H.Qo'shaqov, Sh.Abdigapparova, S.Umrzaqovlar hamda olimning O.Ahmedov kabi poytaxtlik qator shogirdlari ham mahorat darsida qatnashdilar. A.Azamov ma'ruza so'nggida talabalarga mavzu bo'yicha mustaqil shug'ullanishlari uchun muammoli topshiriqlar berdi. Bundan tashqari, kafedramiz talabalariga Differensial tenglamalar fanini o'rganishning elektron dasturiy paketi va o'zining saylanma asarlari to'plamini sovg'a qildi.

Domla keyingi yildan kafedramizning bir nafar yosh o'qituvchisiga tayanch doktoranturamizda ilmiy rahbarlik qilishga rozilik bildirdilarki, bu yuqorida aytganimizdek ichki imkoniyatlarimizdan unumli foydalanish bo'yicha Muhtaram Prezidentimizning biz ta'lim xodimlari oldiga qo'ygan vazifalarga kichik bo'lsada javob bo'ladi deb hosoblaymiz. Zero, Abdulla Azamovdek ulug'larimiz g'animat. Ularni e’zozlab, ilmiy bisotlaridan foydalanishimiz, ularni kelajak avlodlarga yetkazishimiz lozim.

To'lanboy Ibaydullayev
AndDU Matematika kafedrasi mudiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.