Andijon Davlat
Universiteti
KIMYO - MO’JIZAKOR FAN
2019-05-24    7329

“Ilm – insonni ulug’laydi” - bu naql bejizga aytilmagan, zero insonni yuksaltiruvchi omillarning eng oliysi ilm olishdir.  Kuni kecha universitetimizning  Kimyo kafedrasi qoshidagi “Kimyogar” ilmiy o’quv to’garagida o’tkazilgan bayram tadbiri buning yorqin isboti deya olamiz.

23-may sanasi butunjahon kimyogarlari uchun eng sharafli, eng ahamiyatli kun, boisi ushbu sana “Xalqaro kimyogarlar kuni” deya e’tirof etilgan. Ushbu e’tirofdan ruhlangan holda kimyo kafedrasining tajribali ustozlari tashabbusi bilan bir qancha tirishqoq va ilg’or talabalar sa’yi-harakati bilan “Kimyo – mo’jizakor fan” shiori ostida tadbir kechasi o’tkazildi.

Ushbu tadbirni ochib berish uchun “Kimyogar” ilmiy o’quv to’garagi rahbari, kimyo fanlari bo’yicha falsafa doktori N.Q.To’lakov nutq so’zladi. Ustoz o’z nutqida  23-may tarixiy sanasi haqida o’z bilganlarini tadbir qatnashchilari bilan bo’lishdi. Shuning bilan bir qatorda N.Q.To’lakov to’garak rahbari sifatida to’garakning 2018-2019-o’quv yilida olib borgan faoliyati va keyingi o’quv yili uchun ko’zda tutilgan rejalar hamda  yillik yakuniy yig’ilishining maqsadi haqida ham aytib o’tdi. Shundan so’ng so’z kimyo kafedrasi mudiri Yu.T.Isayevga berildi. Kimyo fanlari nomzodi, dotsent, tajribali ustoz o’z nutqi davomida ilm fan taraqqiyoti uchun yurtimizda qanday islohatlar olib borilayotganligi, ularning ijrosi zamirida biz yoshlarning keljagi, yurtimiz taraqiyoti aks etganligi haqida so’zladi.

Kirish qismidan so’ng tadbir qatnashchilarining chiqishlari, ularning ma’ruza va hisobotlari talabalar e’tiboriga havola etildi. Ushbu tadbir kechasida kimyo yo’nalishining besh nafar I-bosqich talabalari o’z ilmiy mavzulari bo’yicha ma’ruza qildilar. Ularning chiqishlari, tanlagan mavzularining dolzarbligi, maqsad va vazifalarning aniq va to’g’ri qo’yilganligi tajribali ustozlar tomonidan baholandi va to’garak an’anasiga aylangan ochiq tarzda ovoz berish yo’li bilan to’garak a’zoligiga qabul qilindi.

Tadbir davomida 2018-2019- o’quv yilida “Kimyogar” ilmiy o’quv to’garagi a’zoligiga qabul qilingan talabalar tomonidan hisobot ma’ruzalari tinglandi.

2018-2019-o’quv yilida “Kimyogar” ilmiy o’quv to’garagiga 25 nafar talaba a’zolikka qabul qilindi, quvonarlisi shuki, 25 nafar talabaning 9 nafari fizika ta’limi yo’nalishi talabalaridir. Ushbu holat “Kimyogar” to’garagi nafaqat fakultet balki universiteti miqyosida ham yuqori mavqega egaligidan dalolat beradi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Joriy o’quv yilida a’zolikka qabul qilingan talabalar orasidan bir qanchalari o’z ilmiy mavzulari yuzasidan olib borayotgan izlanishlari haqida ma’ruza qildilar. Ularning ma’ruzalari tinglangach professor Sh.M.Qirg’izov talabalarga o’z tavsiya va qimmatli maslahatlarini berdi.  Kelgusi o’quv yillari  ham o’tgan va joriy o’quv yili kabi omadli, ulkan zafar va muvaffaqiyatlarga to’la, samarali, barokatli yil bo’lishini tiladi.

Yig’ilishning yakunida to’garak rahbari N.Q.To’lakov ham ustozlar kabi barchaga omad va zafarlar tilab 2018-2019 o’quv yili uchun tasdiqlangan “Kimyogar” ilmiy o’quv to’garagining ish rejasi to’liq yakunlanganligini rasmiy e’lon qildi. Bir so’z bilan aytganda tadbir kechasi qizg’in tarzda, ko’tarinki ruh bilan o’tdi.

Ustozlar jamoasi ham tadbir tashkilotchilariga, to’garak faollariga o’z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.

 

 

 

N.Q.To’lakov, M.Q.Bahodirova
"Kimyogar" o'quv-ilmiy to'garagi rahbari, Kimyo yo’nalishi 302-guruh talabasi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.