Andijon Davlat
Universiteti
GEOGRAFIYA YO’NALISHI TALABALARI XORIJIY PROFESSORLARDAN SABOQ OLDILAR
2019-05-23    3818

Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan akademik hamkorlik dasturiga ko’ra 2019-yil 14-18-may kunlari Andijon davlat universitetiga ma’ruza mashg‘ulotlari olib borish uchun Rossiya Federetsiyasi Immanuil Kant nomidagi Baltika federal universiteti professori, geografiya fanlari doktori V.I.Chasovskiy va Qozog‘iston Respublikasi Xorijiy tillar va tadbirkorlik faoliyati universiteti professori, geografiya fanlari doktori B.Sh.Abdimanapovlar tashrif buyurdilar.

g.f.d., prof. V.I.Chasovskiy bir hafta davomida Geografiya ta’lim yo‘nalishi 2-bosqich 201-202-guruh talabalariga sikl asosida Jahon geografiyasi (Jahon iqtisodiy-ijtimoiy geografiyasi) fanidan 30 soat ma’ruza mashg‘ulotlari olib bordi. G.f.d., prof. B.Sh.Abdimanapov esa Geografiya ta’lim yo‘nalishi 2-kurs 203-guruh talabalariga “Geologiya asoslari va geomorfologiya” fanidan 36 soat ma’ruza mashg‘ulotlari olib bordi.

O‘tilayotgan har bir dars o‘zining keng qamrovliligi va geografiya fanining zamonaviy yangiliklarini qo’llanilishi, oldiga dolzarb muammolarni qo‘yganligi bilan alohida ajralib turdi. Talabalar darslarni diqqat bilan kuzatib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. O‘z navbatida geografiya kafedrasining professor-o‘qituvchilari ham mahoratli professorlar darslarida qatnashdilar va o‘zaro tajriba almashdilar.

Xorijiy olimlar o‘quv jarayoni bilan birga ilmiy ishlarga ham jalb etildilar. 2019-yil 16-mayda Geografiya kafedrasi mudiri, dots. R.B.Qodirov tomonidan “Farg‘ona mintaqasi aholisi va mehnat resurslaridan foydalanish masalalari” mavzusida tayyorlangan doktorik (DSc) dissertatsiyasi muhokamasida faol ishtirok etdilar. Dissertatsiya muhokamasida O‘zbekiston Milliy universiteti professori, geografiya fanlari doktori A.A.Qayumov, Farg‘ona davlat universiteti Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi direktori, geografiya fanlari doktori, professor Y.Ahmadaliev, Andijon davlat universiteti Ilmiy bo‘limi boshlig‘i, dots. A.Imirsinova va boshqa olimlar ishtirok etdilar. Ular mustaqil tadqiqotchining dissertatsiyasi yuqori saviyada tayyorlanganligini e’tirof etdilar va ilmiy seminarga tavsiya etdilar.   

Mehmonlarning universitetimizga tashrifi doirasida viloyatimiz bo‘yicha turistik marshrutlari tashkil etildi. Andijon viloyatining eng ko‘zga ko‘ringan sayyohlik ob’ektlari bo’lmish Xonobod shahri, Andijon shahrining O‘zbekiston ko‘chasi, Eski va yangi shahar hududlari, Bobur bog‘i, Xo‘jaobod tumanining Imom-ota maskani, Buloqboshi tumanining Shirmonbuloq hududi, Asakaning Cho‘ntak milliy choyxonasiga turistik ekskursiyalar uyushtirildi.

Bunday tashriflar keyinchalik aloqalarimizni kengayishiga zamin yaratadi. Geografiya fanining rivojlanishida o‘ziga xos o‘rin tutadi, deb o‘ylaymiz.  

M.Payzullaev
Geografiya kafedrasi katta o‘qituvchisi
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.