Andijon Davlat
Universiteti
O’ZBEK ADABIYOTI DARG’ALARIGA BAG’ISHLANGAN KONFERENSIYA
2019-05-23    3728

Joriy yilning 22-may kuni Andijon davlat universitetida o'zbek adabiyotshunosligi kafedrasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25 fevraldagi 133-F sonli farmoyishi asosidagi "O'zbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalari" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Konferensiya o'zbek adabiyotining ulkan namoyondalari Hamza Hakimzoda Niyoziy tavalludining 130-yilligiga, Abdulla Qodiriy tavalludining 125-yilligiga, Hamid Olimjon va Komil Yashinning 110-yilligiga bag'ishlandi.

Konferensiyani Andijon davlat universiteti rektori, biologiya fanlari doktori, professor Akramjon Yuldashev kirish so'zi bilan ochib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi. Anjumanni dotsent Halimjon Karimov olib bordi va konferensiya to'plami tayyorlanganligini, bunga respublika olimlari, professorlari, adabiyotshunoslik kafedrasining o'qituvchilari bilan birga, talabalarning ham dastlabki ilmiy ishlaridan namunalar e'lon qilinganligini aytib o'tdi.

Dastlab o'zbek adabiyotshunosligi kafedrasining professori, filologiya fanlari doktori Hanifa Solihova ma’ruza qilib, ushbu tadbirning ahamiyati, o’zbek adabiyotining ayrim masalalariga to’xtalib o’tdi.

Shundan so'ng, "Vodiynoma" jurnalining bosh muharriri, "Qatag'on qurbonlari xotirasi" muzeyining direktori, professor R.T.Shamsutdinov, - "Adabiyot bilan, adabiyotshunos bilan tarixchi egizak, ular bir-birini to'ldiradigan, bir-biriga yelkadosh. Qanchalik tarixni bilsak, shunchalar adabiyot tarixini yaxshi bilamiz. Adabiyot tarixini bilsak, shunchalar tarixni anglab boraveramiz. Adabiyotsiz hayot bo'lmaydi", - deya o'z nutqini davom ettirdi.

Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, Farg'ona davlat universiteti professori Yo'ldoshali Solijonov Hamza Hakimzoda Niyoziyning hayot yo'li, uning asarlari va hozirgi kunda ham adabiyotshunosligimizda shu mavzu yuzasidan bo'layotgan bahs, munozaralar haqida aytib o'tdi.

Shu bilan birga filologiya fanlari doktori, professor Dilmurod Quronov Abdulla Qodiriy va uning, "O'tkan kunlar" romani to'g'risida ko'plab muhim tahliliy ma'lumotlar berib o'tdi.

Anjuman davomida filologiya fanlari nomzodi, dotsent Bahodir Rahmonov Abdulla Qodiriy "O'tkan kunlar" romani va adabiy tanqid" mavzusida nutq so'zladi. "XX asr o'zbek adabiyotining shuhratiga aylangan buyuk siymolar silsilasida Abdulla Qodiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Hamid Olimjon, Komil Yashin singari ulug' iste'dodlarning insoniy va ijodiy jozibasi eng munosib o'rinlarni egallashgan. Bu ulug' zotlar millatning vijdoni, millatning faxri, o'zlikni anglash va anglatish yo'lida iymon, e'tiqod timsoliga aylantirgandan tashqari, o'zlarining betakror asarlari bilan jamiyat taraqqiyotida adabiyotning rolini bitmas tuganmas ekanligini har tomonlama isbotlab berdilar", - deya ta'kidladi Bahodir Rahmonov.

Shu bilan birga konferensiyada universitetimizga tashrif buyurgan ko'plab professorlar ham o'zlarining ma'ruzalari bilan faol ishtirok etishdi.

Konferensiya davomida Andijon davlat universiteti musiqa ta'limi yo'nalishi  o'qituvchi va talaba-yoshlari ijrosida kuy-navolar tarannum etilib, barchani xushnud etdi.

Bir so'z bilan aytganda, mazkur konferensiya o'z oldiga qo'ygan maqsad va vazifasiga to'liq erisha oldi.

 

D.Nurmirzayeva
www.adu.uz muxbiri
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.