Andijon Davlat
Universiteti
QO‘RG‘ONTEPA TUMANIDA “ADLIYA SAYLI” BO‘LIB O‘TDI
2019-05-04    3635

Jamiyatning ravnaq topishi odamlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksak darajada shakllanganligiga ko‘p jihatdan bog‘liq.

Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish, aholining barcha qatlamlari orasida huquqiy bilimlarni targ’ib qilish, sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, fuqarolarning davlat organlaridan rozi bo‘lishlari uchun bor imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanish maqsadida Andijon viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning 3-may kuni Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida “Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!” shiori ostida “Adliya sayli” bo‘lib o‘tdi.

“Adliya sayli”da Andijon viloyati hokimligi, Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi, Advokatlar palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim boshqarmalari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari jamoalari qatorida Andijon davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, faol talabalari hamda viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.

Saylda davlat notarial idoralari notariuslari, Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari va yuridik xizmat xodimlari, advokatlar tomonidan aholiga bepul huquqiy maslaxatlar berildi.

Viloyatimiz aholisi ushbu tadbirda ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab huquqiy savol, muammoli masalalar hamda boshqa xuquqiy holatlar yuzasidan mutaxassislardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar olishdi.

“Adliya sayli”da adliya organlari tizimida olib borilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali, vazirlik tomonidan onlayn-maslahatchi xizmati orqali aholiga huquqiy maslahatlar berish maqsadida tashkil etilgan www.advice.uz huquqiy axborot portalining imkoniyatlari, qulayliklari hamda afzalliklari haqida tadbir ishtirokchilariga ma’lumotlar berildi.

Tadbirda aholining madaniy xordiq chiqarishlari uchun konsert dasturlari, turli xildagi ko‘ngil ochar o‘yinlar, xalq sayllari, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmalari, milliy madaniy etnik markazlarining chiqishlari, yoshlar o‘rtasida huquqiy bilimlar bellashuvi musobaqalari, yoshlarning huquqiy ongini rivojlantirish va ularning salbiy oqim va illatlarga kirib qolishining oldini olish maqsadida qator sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi.

Jumladan, Andijon davlat universiteti faol yoshlaridan tarkib topgan “Andijon yoshlari” jamoasi tayyorlab kelgan milliy raqslar va sahna ko‘rinishi sayl mehmonlarida katta taasurot qoldirdi.

Saylga tashrif buyurganlarning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida, Andijon davlat tibbiyot instituti talabalaridan tuzilgan “Ulfatlar” jamoasi ham o‘zining quvnoq chiqishlari va qolaversa, sportchilarning jangovar mashqlari, maktab, kollej o‘quvchilarining ajoyib kuy va raqslari, xushovoz xonandalarning ajoyib qo‘shiqlari saylga yanada o’zgacha ruh va ko’tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Adliya sayli” va shu kabi boshqa tadbirlar viloyatimiz aholisining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda olib borilayotgan islohotlarga dahldorlik hissini shakllantirish, Vatanga, yurtga bo‘lgan sadoqatini yanada oshirish, xalqimiz jipsligi va birdamligini ta’minlash, shuningdek, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta yordam berishi shubhasiz.   

Behzodbek Karimov, Islomiddin Nasiriddinov, Muhlisa Omonboeva, Xilola Yuldasheva
www.adu.uz muxbirlari
MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA
© Andijon davlat universiteti, 2004-2024. Barcha huquqlar himoyalangan.